
Foto: «RBK»
Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson Ukrainadagi voqealar munosabati bilan Moskvaga bosimni kuchaytirish maqsadida reja ishlab chiqdi. U kelasi hafta qator davlatlar rahbarlari bilan uchrashuvlarda etakchilarni ushbu rejani amalga oshirishga jalb qilmoqchi, deb yozadi «Interfaks».
Bosh vazir ofisiga koʻra, Moskva Ukrainaga qarshi harakatlarida «muvaffaqiyatsizlikka uchrashi va bu yaqqol koʻrinib turishi kerak», buning uchun esa Rossiyaga maksimal darajada zarar etkazishga qaratilgan sa'y-harakatlarni kuchaytirish zarur.
«Qoidalarga asoslangan xalqaro nizomni qoʻllab-quvvatlashimizni bildirishning oʻzi kifoya emas, biz bu nizomni qoidalarini harbiy kuch yordamida qayta yozishga boʻlayotgan muntazam urinishlardan himoyalashimiz lozim», — dedi Jonson bayonotida.
U 7 mart kuni bu masalani Kanada va Niderlandiya rahbarlari bilan, 8 mart kuni esa Chexiya, Vengriya, Polsha va Slovakiya rahbarlari bilan muhokama qilish niyatida.
Jonson uchrashuvlarda oʻzining olti bandlik rejasini e'lon qilmoqchi:
— Ukrainaga gumanitar yordam koʻrsatish boʻyicha xalqaro koalitsiya tuzish;
— Ukrainaning oʻzini mudofaa qilish salohiyatini qoʻllab-quvvatlash;
— Rossiyaga iqtisodiy bosimni kuchaytirish;
— Rossiyaning Ukrainadagi faoliyati salbiy normallashishiga yoʻl qoʻymaslik;
— Evroatlantika mintaqasida xavfsizlikni mustahkamlash;
— Deeskalatsiyani yoʻqotish uchun Kievning toʻliq ishtirokidagi diplomatik yoʻllardan foydalanish.
Rejada Gʻarb ittifoqchilarining Ukrainadagi harbiy amaliyotlarda ishtirok etishi nazarda tutilmagan.
24 fevralda Vladimir Putin Ukrainada harbiy operatsiyalar boshlaganini e'lon qilgan. Urushga barham berish yuzasidan birinchi Rossiya–Ukraina muzokaralari 28 fevral kuni Belarusda boʻlib oʻtgan. Ikkinchi raund ham 3 mart kuni Belarusda oʻtkazildi. Uchinchi raund 5 yoki 6 martda boʻlib oʻtishi taxmin qilinmoqda. Qirgʻiziston, Turkiya, Vengriya, Ozarbayjon hamda Isroil kabi mamlakatlar ham Rossiya—Ukraina muzokaralari uchun maydon berishga, bu borada vositachilik qilishga tayyorligini bildirgan.
Boris Jonson1 Ukrainadagi voqealar1 Rossiyaga bosim o‘tkazish1 6 bandlik reja1 Rossiya va Ukraina urushi
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!