16:40 / 19.03.2024
679

Uzoq umr ko‘ruvchi insonlarning 5 ta odati

Uzoq umr ko‘ruvchi insonlarning 5 ta odati
Mustahkam sog‘liq va uzoq umr ko‘rish qadim zamonlardan to hozirgi kungacha odamlar ko‘p e’tibor qaratadigan masaladir. Ammo ko‘pchilik qarishdan qo‘rqadi yoki keksayganda o‘zini cheklab qo‘yadi. Axir, keksalik odatda zaiflik, yomon sog‘liq va yolg‘izlik bilan bog‘liq.

Shunga qaramay, bugungi kunda keksalikka bo‘lgan qarashlar o‘zgarib bormoqda. Pensiya yoshidan oshganlar hozirda chiroyli ko‘rinishga ega, jismoniy jihatdan faol va tez-tez sayohatlarga chiqib turadi. Bunday uzoq umr ko‘ruvchilarning hayot tarzida ayrim o‘xshashliklar mujassam. Quyida barcha keksa insonlarni birlashtirib turadigan odatlarni ko‘rib chiqamiz.

Kunni rejali o‘tkazing

Foto: Shutterstock
Yoshiga nisbatan ancha go‘zal va navqiron ko‘rinadigan insonlarga ahamiyat bersangiz, ular doimo biror ish bilan band bo‘ladi. Bu nafaqat mehnat, balki foydali vaqt o‘tkazish, sayr qilish, yangi tanishlar orttirish, sport bilan shug‘ullanish kabi turli mashg‘ulotlar bo‘lishi mumkin. Bunday insonlar doim faol hayot tarzini olib boradi va zerikishga hojat qolmaydi. Ular o‘tmishga qarab emas, balki kelajakka intilib yashaydi va maqsadlarsiz hayotini tasavvur eta olmaydi.

Shukrli bo‘ling va kichik narsalardan ham zavqlaning

Foto: Adobe Stock
Ko‘ngildagi energiya bizga uzoqroq va sog‘lom hayot kechirishga turtki beradi. Agar qalbimiz doim yomon xotiralar, hayotdan norozilik hissiga to‘la bo‘lsa, energiyani qayerdan olamiz?

Inson doimo har ishdan xafalik va norizolik bilan yashasa, u o‘ziga yana ko‘proq muammo va ko‘ngilsizliklarni jalb etadi. To‘g‘ri, har birimiz hayotda turli qiyinchiliklarga duch kelamiz, lekin hech narsa o‘zligimizdan voz kechishga sabab bo‘lmasligi lozim.

Hayotingizda bo‘lib o‘tgan sinovlar uchun o‘tmishga rahmat ayting va yo‘lingizda davom eting. Har ishga ijobiy yondashishni va kichik lahzalarda ham go‘zallik ko‘ra olishni o‘rganing. Oila a’zolaringiz va yaqinlaringiz bilan birga ko‘proq vaqt o‘tkazing, xayriya ishlarida ishtirok eting, insonlarga yaxshilik ulashing. Sizning harakatlaringiz insonlarga baxt keltirayotganiga guvoh bo‘lsangiz, o‘zingiz ham energiya va quvonchga to‘lasiz.

To‘g‘ri ovqatlanish me’yorlariga amal qiling

Foto: Healthshots
Uzoq umr ko‘radigan insonlarning aksariyati kam ovqatlanadi, chunki ortiqcha vazn turli xastaliklar, jumladan yurak va qon-tomir kasalliklarini keltirib chiqaradi. Shu sababli taomlanishda juda to‘yib ovqat yeyish kerak emas. To‘yinganlik hissi miyaga tezda yetib bormaydi.

Shuningdek, tanangiz sifatli va foydali oziq-moddalarga ehtiyoji borligini unutmang. Ko‘proq meva va sabzavotlar, ko‘katlar, oqsilga boy mahsulotlarni iste’mol qiling. Tez uglevodlardan o‘zingizni tiyishga harakat qiling. Gazli ichimliklar o‘rniga toza suv ichishga odatlaning. Zero suv metabolizmni yaxshilash vositalaridan biridir.

Ko‘proq sayr qiling

Foto: Getty Images
Hayotimiz doimiy harakatdan iborat. Bizning tanamiz aslida kun bo‘yi kompyuter qarshisida o‘tirish uchun mo‘ljallanmagan. Shu sababli hozirda ko‘pchilik yelka, bel, bo‘yin va tizzalardagi og‘riqlardan aziyat chekadi. Biror sport turi bilan shug‘ullanish mushkul bo‘lsa, shunchaki muntazam piyoda yurishni tanlang va tanangizga g‘amxo‘rlik qiling. Jismoniy harakatlarni faqat ortiqcha vazn to‘plaganda emas, doimiy bajarib yurish zarur. O‘z temperamentingizga mos jismoniy faoliyatni tanlash muhimdir.

Doim izlanishda bo‘ling

Foto: Adobe Stock
Uzoq umr ko‘radigan insonlar bolalikdagi kabi qiziqqonlik va doimiy o‘rganish odatini yo‘qotmagan bo‘ladi. Ular o‘zlariga hech qanday chegara qo‘ymaydi va shuning uchun hayoti davomida turli muvaffaqiyatga erishadi. Kimdir yangi til o‘rganadi, kitob o‘qishni to‘xtatmaydi, boshqalar esa yangi texnologiyalar bilan yaqindan tanishishga harakat qiladi.

Albatta o‘lim yosh tanlamaydi, ammo umrni foydali, mazmunli, salomatlikda va baxtli o‘tkazish o‘z qo‘limizdadir.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Uzoq umr ko‘ruvchi insonlarning 5 ta odati