
Foto: Hi-tech.mail.ru
16-asrdayoq, Azteklar (hozirgi Meksika hududida yashagan xalq) kakaoning shifobaxsh xususiyatlarini, jumladan, stenokardiya — yurak mushaklarining qon bilan yaxshi ta'minlanmaslik bilan bogʻliq ogʻriqni davolashini qayd etgan.
Oʻsha davrdan boshlab shokoladning sogʻliq uchun foydali tomonlarini oʻrganishga qiziqish kuchaydi va hatto ilmiy ishlar qilindi: olimlar sayyoradagi eng mashhur mahsulotlardan biri yurak-qon tomir tizimi uchun haqiqatan ham foydali ekanligini aniqlash uchun hozirda ham tadqiqotlar olib bormoqda.
Qiziq fakt: “Chocolatl” soʻzi Nahuatl (aztek) tilidan kelib chiqqan. Bu soʻz “choco” — koʻpik va “atl” — suv degan ma'noni anglatadi. Ya'ni, shokolad dastlab ichimlik sifatida ishlatilgan.
Shokoladning asosiy komponenti kakaodir. Kakao donalari va kakao kukunida koʻplab flavanollar va oʻsimlik polifenollari mavjud. Ular yurak-qon tomir kasalliklari va qandli diabet xavfini kamaytirishi ilmiy jihatdan isbotlangan.

Foto: Hi-tech.mail.ru
Shokoladdagi flavanollar miqdori kakaoning miqdoriga bogʻliq, ya'ni sutli yoki oq shokoladda foydali flavonollar kam boʻladi. Shu sababli mutaxassislar kakao miqdori yuqori boʻlgan (kamida 70%) shokoladlargina foydali xususiyatlar ega ekanligini ta'kidlaydi.
Kakaoning yurak faoliyatiga ta'siri oʻrganilgan eng mashhur va keng koʻlamli tadqiqotlardan biri bu COSMOS dir. Unda 10 mingdan ortiq ishtirokchilari 3,6 yildan ortiq vaqt davomida har kuni 500 milligramm kakao kukuni flavanollarini qabul qilishgan yoki platsebo kapsulalarini ichishgan. Natijada flavanollarni qabul qilgan guruhda yurak-qon tomir kasalliklaridan vafot etish xavfi 27% ga kamaygan.

Foto: Hi-tech.mail.ru
2024 yil yanvar oyida chop etilgan yana bir tadqiqotga koʻra, qora shokolad gipertoniya va tomirlarda tromboemboliya kasalligi xavfini kamaytirishi mumkin. 2023 yil iyun oyida oʻtkazilgan tahlillarga koʻra esa, muntazam ravishda qora shokolad iste'mol qilish qon bosimi, xolesterin va glyukoza darajasini pasaytirishga yordam beradi.
Yuqoridagi ma'lumotlarga qaramay, olimlar shoshilinch xulosa chiqarishdan qaytaradi: kakao va yurak salomatligi oʻrtasidagi bogʻliqlik hali toʻliq oʻrganilmagan. Bundan tashqari, barcha ilmiy tadqiqotlar shokoladning faqatgina foydali tomonlari bor ekanligini anglatmaydi. Masalan, xuddi shu COSMOS tajribasi kakao yurak xuruji va insult xavfini kamaytirmasligini isbotlagan.

Foto: Hi-tech.mail.ru
Shuni ham yodda tutish kerakki, tayyor shokolad tarkibida juda koʻp shakar, yogʻ va kaloriya bor, shuning uchun ushbu mahsulotni suiiste'mol qilmaslik kerak.
Kakao foizi koʻp boʻlgan shokolad chindan yurak uchun foydali boʻlishi mumkin, ammo bu mahsulot kasallikni toʻliq davolaydi degani emas. Shifokorlar yurak kasalliklarini davolash va ularning oldini olish keng qamrovli boʻlishi va koʻplab boshqa omillarga ham bogʻliq ekanligini ta'kidlaydi. Xususan, muvozanatli ovqatlanish, muntazam jismoniy mashqlar, etarli uyqu va kamroq stressga chalinish kabilar shular jumlasidandir. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar