10:14 / 23.11.2016
21 732

Ikkinchi turmush "Ko‘rpaning yamog‘i"mi?

Ikkinchi turmush "Ko‘rpaning yamog‘i"mi?

Ayolimni sevib uylangandim. Doim kulib turadigan, har qanday vaziyatda ham, mening ko‘nglimni ko‘tarishga urinadigan rafiqam bilan munosabatimiz havas qilgulik darajada edi. Uch nafar farzand ko‘rdik. Ota-onamdan alohida bo‘lib, boshqa uyga ko‘chib chiqdik. Ikki xonali uy yoniga yangi uy qurdirayotgan kunlarimiz edi. Men ishda edim. Bir kuni uyga kelsam, onam va ayolim janjallashishyapti. Hayron bo‘ldim. Oyim: “O‘g‘lim, meni desang, xotining bilan ajrashasan, uyingga kelsam, uning xonasidan usta yigitlardan biri chiqib kelayotgan ekan”, dedi. Bu gapdan keyin boshimga qattiq og‘riq kirdi. Qo‘llarim g‘azabdan titray boshladi. Ayolim: “Oyi, u uyiga ketmoqchi ekan, shu bois pulimni beringlar, ketaman, dedi. Men, erim kelsa, o‘zi bilan gaplashasiz, degandim. Siz butunlay noto‘g‘ri tushundingiz”, dedi. Men usta yigit bilan alohida gaplashdim. U xotinim aytgan gaplarni takrorladi. Onam esa, yo‘q, bu erda bir gap bor, deb turib oldi. Men xotinimga ishonardim. Lekin onamning gaplari meni shubhaga soldi. Axir, o‘rtada shayton bor. Eng yomoni, bu muammoga aniqlik kiritgunimcha, oyim bu gaplarni qarindosh-urug‘ga ham tarqatib yuboribdi. Endi ayolim bilan yashashning iloji yo‘q edi. U o‘zini oqlamadi, janjal ham qilmadi, shunchaki, menga ishonmaysizmi, deb so‘radi, xolos. Men esa, elka qisdim. U, hammaning nima deyishi menga ahamiyatsiz, lekin men o‘zimga ishonmaydigan odam bilan yasholmayman, dedi-yu ketdi. Men esa, arosatda qoldim. Oyim oradan yarim yil o‘tar-o‘tmas, bir oygina turmush qurgan ayolga meni uylantirib qo‘ydi. Insof bilan aytganda, o‘sha ayolda bir oilani baxtli qilish uchun etarli hamma sifatlar bor edi. Chaqqon, pazanda, muomalali. Lekin ming qilsa ham, uni birinchi ayolimga o‘xshatolmadim. Har bir harakati mening jahlimni chiqarardi. U menga yoqishga uringani sari asabiylashardim. Onam menga, uyam birovning bolasi, yaxshi gapir, deb qayta-qayta tayinlasa-da, munosabatim kundan-kun sovuqlashib boraverdi. Uyga kelgim kelmas, undan birinchi xotinimga o‘xshash belgilarni topolmay siqilib ketaverardim. Oradan bir yil o‘tdi. Oxiri o‘zim uning javobini berdim. Balki boshqa odam bilan baxtli bo‘larsan, mendan rozi bo‘l, deb xayrlashdim. Oyim yana meni uylantirish taraddudiga tushdi. Har kuni har xil qiz haqida gapiradi. Boshqaga uylanib, uniyam baxtsiz qilsamchi, deb oyimga rad javobini beraverdim. Baribir oyim aytganidan qolmadi. Endi turmushga chiqmagan qizga uylandim. Yosh, ko‘rkamgina. Biroq baribir, bu qiz ham ko‘nglimga sira o‘tirmadi. Qandaydir kamgapmi, xayolparastmi?! O‘zimning Lobarim esa, ko‘nglimdagini darrov sezardi. Uning kulgusini ham, jahlini ham biram sog‘inardimki, asti qo‘yaverasiz. Vaqti-soati bilan o‘tib ketadi, bunisiga o‘rganib qolasan, deb oyim meni yupatgani bilan, o‘zini ham, meni ham aldayotganligini sezardi. Bu turmushim ham o‘xshamadi. Hech narsa menda bu ayolga nisbatan iliq tuyg‘ular uyg‘ota olmadi. Balki o‘zim hammadan Lobarni izlaganim uchun shunday bo‘lgandir. Oradan bir yarim yil o‘tib, bu ayol bilan ham ajrashdim. Shu o‘rtada bitta farzandli bo‘lganim qoldi. Yaqinlarim, buncha irodasizsan, shunchalik ham bo‘lasanmi, hamma xotin ham shunaqa bo‘ladi-da, yashayvermaysanmi, deb meni koyishgani koyishgan. Men esa, “ikkinchi turmush — ko‘rpaning yamog‘i” degan gapning mag‘zini tushunib etdim. Hatto, siz eng yomon degan birinchi juftingiz ham, ishoning, keyingi o‘ntasidan yaxshiroq bo‘larkan. Balki birinchi turmushda tuyg‘ular ham, hayajon-u kamchiliklar ham ilk marta bo‘lgani uchun yodimizda abadiy qolar. Yana kim biladi, deysiz?..

“AJRAShGACh, QADRIMGA ETDI”

Endigina o‘ttiz beshga kirgan Ravshanning hikoyasi meni o‘ylantirib qo‘ydi. Nahotki, birinchi turmush shunchalik qadrli bo‘lsa, axir, ikki marta turmush qilganlar ham binoyidek yashayapti-ku, deb o‘yladim. Keyingi suhbatdoshim Sanobarning hikoyasi esa, ayni mavzuni davom ettirdi…

Umr yo‘ldoshim bilan sovchilar orqali tanishib, turmush qurgandik. Oilamiz hamma qatori, binoyidek umr kechirardik. Lekin bora-bora turmush qiyinchiliklari, oilaviy muammolarimiz ko‘paygani sari bir-birimizni tushunolmay qoldik. Kunda kunora janjal, arzimagan narsaga ham bir-birimiz bilan urishib qolaverardik. Men ota uyimga borib, u erda uch-to‘rt kun turgach, yana uyga qaytardim. Har safar turmush o‘rtog‘im meni o‘zi borib olib kelardi. O‘rtada bitta bolamiz bor. Lekin oxirgi janjalimizdan keyin erim nimagadir kelmadi. O‘zim boray desam, oyim ko‘nmadi. Oradan yarim yil o‘tib, erimning qayta uylanayotganini eshitdim. Men kech qolgandim. Sud orqali ajrashdik. Erim uylandi. Men esa, o‘zimni beparvo ko‘rsatsam-da, odamlardan, tanish-bilishlarim dan doim erim haqidagi gaplarni eshitib turardim. O‘zimcha, erim baribir, meni unutolmasa kerak, deb o‘ylardim. Lekin g‘isht qolipdan ko‘chgandi. Yo‘q, u uylanganiga bir yil bo‘lmasdan, xotinidan ajrashibdi. Endi erim menga yarashishni taklif qildi. Biz yarashdik. Hech qachon birinchisidan ayirmasin ekan, dedi erim. Biz endi ahilmiz. Nazarimda, endi u mening qadrimga etdi.

AJRIMDAN KEYIN…

Albatta, ikkinchi turmushida ham baxtli yashayotganlar istagancha topiladi. Qolaversa, hech kim ajrashaman deb, oila qurmaydi. Hamma oila timsolida baxtu kamolini orzu qiladi. Lekin taqdir taqozosi bilan turmush o‘rtog‘i vafot etgan yoki ajrashishga majbur bo‘lganlar ikkinchi turmushda baxtli bo‘lishlari uchun nimalarga e’tibor berishlari lozim? Ajrashgan odamga u erkakmi, ayolmi, jamiyat a’zolari birdek yaxshi munosabatda bo‘lmaydilar. Siz ham aynan ajrashganingiz uchun muhokama mavzusiga aylanasiz. Ba’zan kimdir aynan shu baxtsizligingiz haqida gapirib, yarangizni yangilaydi. Shusiz ham o‘zini tushkun, hech kimga keraksizdek sezayotgan inson bunday suhbatlardan so‘ng, o‘zining baxtsizligiga chindan ham ishonib qoladi. Ajrim ba’zan qalbda bo‘shliq paydo qiladi. O‘zini yolg‘iz his qiladi, aybdorlik hissi qiynaydi. Siz o‘zingizni tashlab ketilgan, yomon yoki biror ishni uddalay olmaydigan deb hisoblamang. Hayotingiz va oldingi oilangiz haqida kimgadir hisobot berishga majbur emassiz. Ajrashishingiz sabablarini ham aytib o‘tirishingiz shart emas. Oldingi turmush o‘rtog‘ingizga jahl qilib, o‘zingizni ko‘rsatib qo‘yish maqsadida shoshilib, ikkinchi turmush qurmang. Axir, oila qurishdagi birinchi shoshma-shosharlikda n siz etarli saboq oldingiz. Har bir narsadan o‘rganish mumkin. Sizda endi yaxshimi, yomonmi, oilaviy hayot haqida tajriba bor. Siz endi nima qilish kerag-u, kerakmasligini ajrata olasiz. O‘zingizni qo‘lga oling. Sevgan ishingiz bilan shug‘ullaning, o‘zingizga bo‘lgan ishonchni o‘stiring, mening boshqalardan nimamdir kam, deb o‘ylamang. Axir, baxtli bo‘lishga hammamiz ham haqlimiz.

Zuhra RO‘ZIEVA

Manba: diydoraziz.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Ikkinchi turmush "Ko‘rpaning yamog‘i"mi?