Braziliyada yashin bir zarbada 20 ta sigirni nobud qildi

Braziliyada kuchli bo‘ron vaqtida dalani yashin urishi oqibatida bir fermer 20 bosh qoramolidan ayrildi. Tabiiy ofat natijasida fermerga taxminan 13 ming funt sterling miqdorida zarar yetgan. Hayvonlar kuchli yomg‘ir yog‘gan kunlardan keyin, 25 noyabr, chorshanba kuni ertalab o‘lik holda topilgan. Bu haqda Need To Know nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, voqea Braziliyaning janubi-sharqiy qismidagi Espiritu-Santu shtatiga qarashli Mimozu-du-Sul munitsipalitetining Katune qishloq hududida sodir bo‘lgan. Hodisa 23 noyabr, dushanba va 24 noyabr, seshanba kunlari kuzatilgan kuchli bo‘ronlar paytida yuz bergan.
O‘sha vaqtda qoramollar yaylovda o‘tlab yurgan bo‘lgan. Kutilmaganda dalani yashin urgan va natijada podadagi 20 ta hayvonning barchasi nobud bo‘lgan. Hodisa aks etgan videolarda o‘tloq maydonida har tomonga sochilib yotgan hayvonlar tanalarini ko‘rish mumkin. Ayrim kadrlarda ularning yonida kalxatlarga o‘xshash qushlar ham borligi aks etgan.
Fermer Nattan Astolfoning aytishicha, nobud bo‘lgan barcha qoramollar Nelore zotiga mansub bo‘lgan. Ushbu hayvonlar naslchilik va buzoqlarni sotish maqsadida boqilgan. Fermer qoramolchilik bilan bolaligidan shug‘ullanib keladi va bu kasb uning oilasida avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan an’ana hisoblanadi.
Hayvonlar fermaning asosiy binolaridan taxminan 500 metr uzoqlikdagi yaylovdan topilgan. Biroq hududga yetib borishning o‘zi ancha qiyin bo‘lgan. Kuchli yomg‘ir natijasida yer loyga aylanib, qoramollar tanalarini olib chiqish va ularni ko‘mish ishlari jiddiy muammoga aylangan.
Shu sababli maxsus texnikalar jalb qilinib, loyqa yerdan o‘tish uchun yo‘l ochilgan. Shundan keyingina nobud bo‘lgan hayvonlarni bir joyga olib borish va ko‘mish ishlarini amalga oshirish imkoni paydo bo‘lgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, fermer ko‘rgan moliyaviy zarar taxminan 100 ming Braziliya realiga, ya’ni 13 ming funt sterlingga teng.
35 yoshli Nattan Astolfo o‘z fermasida bunday hodisa birinchi marta sodir bo‘layotganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, tabiiy ofat natijasida bunday katta yo‘qotishga uchrash uning uchun og‘ir zarba bo‘lgan.
Shunga qaramay, fermer umidini yo‘qotmaslikka, e’tiqodi va ishonchiga suyanib, ushbu qiyinchilikni yengib o‘tishga harakat qilayotganini bildirgan.
Keyingi yangilik

Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…