Mutaxassislar ta’kidlashicha, yoshi ulg‘aygan sog‘lom insonlar uchun har kuni o‘rtacha 7–9 soat uyqu tavsiya etiladi. Biroq turli ilmiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, ayollar, odatda, erkaklarga nisbatan biroz ko‘proq uxlaydi.
Bu holat ayollar shunchaki xohlagani yoki ko‘p uxlash odatini shakllantirgani uchun emas. Uyqudagi bunday tafovut turli fiziologik omillar, organizmning ichki xususiyatlari va turmush tarziga bog‘liq.
Ayollarga ko‘proq uyqu zarur bo‘lishining asosiy sabablari
Birinchidan, gormonal o‘zgarishlar. Ayollar organizmidagi ayrim gormonlar uyqu ehtiyojiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Ular insonning “biologik soat”i sifatida mashhur bo‘lgan sirkad ritmlarini boshqaradi va kun-tuning almashishiga mos ravishda uyqu jarayonini tartibga soladi.
Ikkinchidan, uyqu bilan bog‘liq xastaliklar xavfi. Ayollar erkaklarga nisbatan uyqusizlik, bezovta oyoqlar sindromi yoki sifatli uyqu yetishmasligi kabi muammolarga ko‘proq duch keladi. Bu esa organizmda surunkali charchoq yig‘ilishiga sabab bo‘ladi. Mutaxassislar fikricha, bunday holat ko‘pincha ikki jins o‘rtasidagi ruhiy holat va emotsional reaksiyalardagi farq bilan izohlanadi.
Uchinchidan, ruhiy salomatlik omillari. Ayollarda depressiya, xavotir va ayrim ruhiy kasalliklar uchrash ehtimoli yuqori. Bu ham uyquning buzilishiga va dam olish ehtiyojining ortishiga olib kelishi mumkin.
To‘rtinchidan, ortiqcha yuklama. 2021 yilda o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, haq to‘lanmaydigan uy-ro‘zg‘or ishlarining 75 foizi ayollar zimmasida. Bu oila va yaqinlar salomatligi uchun g‘amxo‘rlik qilish, bolalarni tarbiyalash, uy ishlarini bajarish kabi mas’uliyatlarni o‘z ichiga oladi. Bunday yuklama ko‘pincha stress va uyqusizlikka sabab bo‘lib, organizmning tiklanishi uchun qo‘shimcha uyqu talab etadi.
Yetarlicha uxlashning ahamiyati
Uyqu — bu faqat dam olish emas, balki sog‘liqni asrash va organizmning barqaror ishlashi uchun muhim jarayon. U diqqat va xotirani mustahkamlaydi, stressni yengishda yordam beradi, tana vaznini nazorat qilishga va immunitetni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Inson uxlayotganda yurak faoliyati pasayib, qon bosimi va yurak urish tezligi me’yorlashadi. Yetarli uyqudan mahrum bo‘lish gipertoniya, yurak ishemik kasalligi, insult va semizlik xavfini oshiradi.
Bundan tashqari, uyqu gormonlar ishlab chiqarilishini nazorat qiladi. Bu gormonlar o‘sish, jinsiy yetilish va moddalar almashinuviga ta’sir ko‘rsatadi. Uyqu yetishmasligi esa ishtaha va kayfiyatga ta’sir etuvchi moddalar muvozanatini buzishi mumkin.
Uyqu sifatini yaxshilash usullari
– Tartibga rioya qilish. Har kuni, hatto dam olish kunlarida ham, bir vaqtda yotib, bir vaqtda turish uyqu sifatini yaxshilaydi.
– Yotishdan oldin xotirjamlik. Telefon yoki planshet ekrani o‘rniga musiqa, kitob yoki meditatsiyani tanlang. Ko‘k nur uyqu jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
– Xavotirli fikrlarni kamaytirish. Ertangi rejalarni yozib qo‘yish yoki tashvishli fikrlarni qog‘ozga tushirish orqali miyani bo‘shating.
– Qulay muhit yaratish. Jim, qorong‘i va salqin xona chuqur uyquga yordam beradi. 18–20 °C harorat ideal deb hisoblanadi.
– O‘zingizni majburlamaslik. Agar uxlay olmasangiz, to‘shakdan turib, tinch mashg‘ulot bilan shug‘ullaning, so‘ng uyqu kelganda yana yoting.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, uyquga yetarlicha vaqt ajratish va uni sifatli qilish nafaqat kayfiyat, balki umumiy sog‘liq uchun ham juda muhim.
Ayollarga erkaklarga nisbatan ko‘proq uyqu nega kerak?
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar