Xalqaro olimlar guruhi o‘tkazgan tadqiqot internet foydalanuvchilarining ko‘pchiligi ijtimoiy tarmoqlardagi yashirin reklamalarni payqamasligini ko‘rsatdi. Ayniqsa, oddiy postlar qiyofasida berilgan reklamalar ko‘pincha e’tibordan chetda qoladi, deb yozadi Peopletalk.
Tajriba davomida 152 nafar faol internet foydalanuvchisiga maxsus tayyorlangan ijtimoiy tarmoq tasmasi namoyish etildi. Unda jami 29 ta post bo‘lib, shundan 8 tasi yashirin reklama edi. Maxsus qurilmalar ishtirokchilarning ko‘z harakatlarini qayd etib, qaysi postlarga ko‘proq qarashganini aniqladi.
Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, foydalanuvchilar logotiplar yoki brend tugmalari kabi reklama belgilari mavjud joylarga ko‘proq e’tibor qaratadi. Ammo reklama oddiy foydalanuvchi postiga o‘xshash shaklda berilsa, uni ko‘pchilik oddiy kontent sifatida qabul qiladi.
“Biz ko‘pincha tasmani avtomatik ravishda aylantiramiz va aynan shu paytlarda reklama e’tiborimizga sezilmasdan kirib keladi. Ba’zan esa unga ongli ravishda qiziqamiz, chunki u do‘stlarimiz tilga olgan trend yoki mahsulotlarni yodga soladi”, — deydi tadqiqot muallifi, Tvente universiteti vakili Mayk Xyubner.
Mutaxassislarning fikricha, bunday holatlar ijtimoiy tarmoqlarni reklama belgilarini ko‘proq ko‘zga tashlanadigan tarzda joylashtirishga undashi kerak. Bu foydalanuvchilarga kontentning haqiqiy maqsadini aniqroq anglash imkonini beradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!