9-sinf
O‘shanda men uning ortida o‘tirib, jingalak qora sochlariga termulardim. U muhabbatimni sezmasdi, lekin ichimda u meni sevib qolishini orzu qilardim. Tanaffusda u yonimga kelib, daftarimni so‘rab turdi, men berdim. O‘shanda yurak yutib, men unga shunchaki sinfdosh o‘rtoq bo‘lishni istamasligimni aytgim keldi. Lekin aytolmadim. Men uni yaxshi ko‘raman. Lekin buni aytish negadir menga juda qiyin edi.
10-sinf
U doim dugonalari davrasida bo‘lar, meni umuman sezmasdi. Men esa darsdayam, ko‘chadayam nigohlarim bilan uni kuzatardim. U meniki bo‘lishini qanchalar orzu qilardim, doim u haqda xayol suradim. Lekin u… u mening muhabbatimdan bexabar edi.
Bitiruv oqshomi
U hammadan go‘zal bo‘lib ketgandi. Pushti matodan tikilgan libosi sarv qomatiga yanayam ko‘rk bag‘ishlar, u xuddi oqqushdek uchib yurardi. Sinfdoshlar bilan hazillashib, qah-qah otib kular, men esa uning yuziga yarashib turgan kulgichlariga suqlanib boqardim. Qaniydi, u mening muhabbatimni sezganida edi, men tomon shunchaki bir o‘girilib qaraganida edi… Lekin men uning baxtdan masrur ko‘zlarida sevgi nishonasini sezmadim. Raqs ortidan raqs, u biram chiroyli o‘ynardiki. Men go‘yo sehrlangandek faqat unga boqar, uning har bir harakatini kuzatardim. Unga bor haqiqatni aytib, uni qanchalar sevishimni oshkor etgim kelar, lekin bunday qilolmasdim.
Bir necha yil o‘tib…
Kecha uning to‘yi bo‘ldi. Biz sinfdoshlar bir stol atrofida o‘tirdik. Mana, nihoyat, u yonida xursand qiyofada kelayotgan yori bilan to‘yxonaga kirib keldi. Men chanqoq nigohlarim bilan uning egilib turgan yuzi, ko‘zlariga tikilardim. Uning nigohlaridan muhabbat izini izladim. Men doim u meniki bo‘lishini orzu qilganman. Lekin o‘zimni aldab nima qildim? U meni umuman sevmaydi, bo‘lmasa boshqa birovga turmushga chiqib ketarmidi?
Oradan yillar o‘tdi…
Kecha uning olamdan o‘tganini aytib qolishdi. Sinfdoshlar yig‘ilishib bordik. Men ko‘zlarimdagi shashqator oqayotgan yoshlarni to‘xtata olmasdim. Uni nihoyatda yaxshi ko‘rganimni, usiz kunlarim zerikarli, bir xil, nursiz o‘tganini, u mening ko‘nglimda doim porlab turib, menga yashashga kuch berganini, uning xayoli bilan yashaganimni qani edi birovga ayta olsam. Endi hayotimdan quyoshim ketdi, men butkul zulmatda qoldim.
So‘nggi so‘z o‘rnida…
Kecha uning yaqin dugonasi – sinfdoshimiz Halimani uchratib qoldim. «Bilasanmi, u mudom seni sevgan, o‘sha maktab davrimizdan boshlab. Lekin sen buni bilmagansan. Sen bilib qolishingdan, ustidan kulishingdan qo‘rqqan. Lekin doim sening ortingdan tikilib, «Qani edi, u meni yaxshi ko‘rib qolsaydi», deb niyat qilganini sen sezmagansan ham. Sendan hech qanaqa ishora, harakat bo‘lmagach, u taqdiriga tan berdi. Maktabni bitirganimizdan keyin ham uchrashganimizda, telefonda gaplashganimizda u hamisha sen haqingda gapirib, seni umuman esdan chiqara olmayotganini aytardi. Aslida u sening befarqliging tufayli ham boshqa birovga turmushga chiqib ketdi. Ba’zida ko‘nglini menga ochib, erini umuman sevmasligini, yuragidagi javobsiz muhabbati uni olov bo‘lib yondirayotganini yig‘lab gapirardi. Mana shunaqa gaplar. U o‘layotganda ham seni o‘ylab jon berdi, bir daqiqa bo‘lsa-da, seni unutgani yo‘q. Agar senda ham unga nisbatan biron tuyg‘u bo‘lganida edi, sizlar baxtli va chiroyli juftlik bo‘lardinglar. Afsus…»
ShABNAM
Manba: Diydoraziz.uz “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Medvedev: Maxsus harbiy operatsiya uchun qurollarning aksariyati Rossiyada ishlab chiqariladi
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi
BAAda isroillik ravvin o‘ldirib ketildi
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi
So‘rovnoma: Isroilliklarning 64 foizi Netanyaxu hukumatiga ishonmaydi
Ukraina Kursk viloyatidan qo‘shinlarini olib chiqish niyatida emas
Lukashenko agar norozilik namoyishlari bo‘lsa, Belarusda internetni butunlay “uzish” bilan tahdid qildi
Ukraina askari mashg‘ulotlardan bir hafta o‘tib qanday qilib asirga tushganini aytib berdi