Akulalar haqidagi bu 9 haqiqat siz uchun kutilmagan bo‘ladi

Akulalar haqida gap ketganda ko‘pchilikning ko‘z oldiga faqat xavfli va shafqatsiz dengiz yirtqichi keladi. Biroq olimlar bu mavjudotlar insonlar o‘ylaganidan ancha murakkab, aqlli va qiziqarli ekanini ta’kidlamoqda. Millionlab yillar davomida evolyutsiyadan o‘tgan ushbu dengiz jonzotlari Yer sayyorasidagi eng qadimgi umurtqali yirtqichlardan biri hisoblanadi.
Akulalar yoki ularning qadimiy ajdodlari Yer tarixidagi beshta yirik ommaviy qirg‘inni, jumladan, dengizdagi tirik organizmlarning qariyb 90 foizini yo‘q qilgan mashhur Perm-Trias davridagi halokatni ham boshdan kechirgan. Bugungi kunda ular okeanlarning deyarli barcha hududlarida uchraydi va yuz millionlab yillik evolyutsiya davomida ajoyib xususiyatlarga ega bo‘lgan.
1. Akulalar oddiy matematik hisob-kitoblarni ajrata oladi
Tadqiqotlarga ko‘ra, akulalar faqat instinkt bilan harakatlanadigan jonzotlar emas. Ular turli tovushlarni, geometrik shakllarni va ranglarni ajrata oladi. Mashhur tajribalardan birida yosh kulrang bambuk akulalari shakllar va optik illyuziyalar haqidagi ma’lumotni qariyb bir yil davomida eslab qolgan.
Olimlar ular uch bilan besh, to‘rt bilan yetti kabi sonlar o‘rtasidagi farqni ajrata olishini ham aniqlagan.
2. Ayrim akulalar jazz musiqasini «yoqtiradi»

Avstraliya sohillarida yashaydigan Port Jackson akulalari ishtirokida o‘tkazilgan tadqiqotda ular musiqa orqali ozuqa topishga o‘rgatilgan. Jazz musiqasi yangraganda ular to‘g‘ri joyga suzib borgan va mukofot sifatida yem berilgan.
Biroq klassik musiqa yangraganda ular xuddi shunday bog‘lanishni o‘rnata olmagan. Olimlar bu holat akulalarning o‘rganish qobiliyati yuqori ekanini ko‘rsatishini ta’kidlamoqda.
3. Ayrim akulalarda ham kindik izi bo‘ladi
Hamma akulalar tuxum qo‘ymaydi. Buqa akulalari va bolg‘abosh akulalar kabi ayrim turlar bolalarini ona qornida rivojlantiradi. Ular kindik orqali oziqlanadi va tug‘ilgandan keyin ma’lum muddat qorin qismida kindik izi saqlanib turadi.
Boshqa turlarda esa tuxum ona tanasi ichida ochilib, bolalari tirik holda dunyoga keladi.
4. Qum yo‘lbars akulalari bolalari tug‘ilmasidan oldin bir-birini yeydi
Qum yo‘lbars akulalarida hayot uchun kurash ona qornining o‘zida boshlanadi. Urg‘ochi akulaning ikki bachadonida bir nechta embrion rivojlanadi.
Eng kuchlisi qolgan embrionlarni yeydi. Bu jarayon ilmiy adabiyotlarda «bachadon ichidagi kannibalizm» deb ataladi. Keyin tirik qolgan embrion ona chiqaradigan urug‘lanmagan tuxumlar bilan oziqlanib, ancha baquvvat holda tug‘iladi.
5. Akulalarning ham doimiy do‘stlari bo‘ladi
Ko‘pchilik akulalarni yolg‘iz ovchi deb hisoblaydi. Biroq tadqiqotlar kulrang rif akulalari bir xil guruhdagi do‘stlari bilan to‘rt yilgacha birga harakat qilishini ko‘rsatgan.
Yosh limon akulalari ham guruh bo‘lib yashaydi va bir-biridan ov qilish hamda xavfdan qochishni o‘rganadi. Katta oq akulalar orasida ham minglab kilometr masofani birga bosib o‘tadigan juftliklar kuzatilgan.
6. Akulalarning tanasi mayda tishchalar bilan qoplangan

Akulalar terisi oddiy tangachalardan emas, balki mayda tishsimon tuzilmalar — dentikullardan tashkil topgan.
Bu tuzilmalar suv qarshiligini kamaytiradi va tezroq suzishga yordam beradi. Shu sababli qadimda Yevropada akulalar terisidan musiqa asboblari va mebellarni silliqlash uchun ham foydalanilgan.
7. Akulalar inson yurak urishini ham his qila oladi
Akulalarda insondagi beshta asosiy sezgi a’zosidan tashqari qo‘shimcha maxsus sezish tizimlari ham mavjud.
Ular suvdagi titrashlar, bosim o‘zgarishlari, elektr maydonlari va hatto Yerning magnit maydonini ham sezadi. Bosh qismida joylashgan maxsus retseptorlar orqali yaqin atrofdagi hayvonlarning mushaklari ishlashi natijasida paydo bo‘ladigan elektr impulslarini, hatto yurak urishini ham aniqlay oladi.
8. Akulalar okeanda yo‘lni magnit maydoni orqali topadi
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, akulalarning magnit maydonlarini sezish qobiliyati ularga minglab kilometr masofani bosib o‘tishda adashmaslik imkonini beradi.
Shu xususiyat sababli ular uzoq migratsiyalar paytida ham aniq yo‘nalishni saqlab qoladi.
9. Akulalar daraxtlardan ham qadimiy

Bugungi akulalarning eng qadimgi ajdodlari haqidagi ilk qazilma izlari 450 million yil avvalgi davrga tegishli.
Bu daraxtlar paydo bo‘lishidan taxminan 60 million yil, dinozavrlardan 220 million yil, Saturn halqalaridan 350 million yil avvalgi davr hisoblanadi.
Bugun Yer yuzida 500 ga yaqin akula turi mavjud. Olimlar esa yangi turlarni kashf etish ishlarini davom ettirmoqda. Mutaxassislar fikricha, inson va akulalarning eng qadimgi umumiy ajdodi taxminan 440 million yil avval yashagan bo‘lib, bu ikki tur tarixi o‘zaro chambarchas bog‘liqligini ko‘rsatadi.






























Izohlar 0
…