Turkmanistonda nega O‘zbekiston SIM kartalariga qarshi reyd boshlandi?

Turkmanistonda nega O‘zbekiston SIM kartalariga qarshi reyd boshlandi?

Turkmanistonning O‘zbekiston bilan chegaradosh hududlarida mahalliy huquq-tartibot idoralari O‘zbekiston mobil operatorlarining SIM kartalaridan foydalanayotgan fuqarolarni aniqlash bo‘yicha keng qamrovli reydlarni boshladi. Bu haqda “Ozodlik” radiosi xabar tarqatdi.

Ma’lum qilinishicha, tekshiruvlar asosan Toshhovuz viloyatidagi 60 dan ortiq aholi punktida o‘tkazilmoqda. So‘nggi kunlarda Diovar qishlog‘ida bir nechta oiladan O‘zbekistonga tegishli SIM kartalar musodara qilingani aytilmoqda.

Ayrim holatlarda qonunbuzarlarga ogohlantirish bilan cheklanilgan. Ammo aksariyat hollarda xorijiy mobil aloqa xizmatlaridan foydalanishda gumon qilingan shaxslarga katta miqdorda jarima yoki hatto qamoq jazosi qo‘llanishi mumkinligi haqida ogohlantirilgan.

Manbalarga ko‘ra, bunday choralar ayrim hollarda xorijiy aloqa xizmatlaridan foydalanish milliy xavfsizlikka tahdid sifatida baholanishi bilan izohlanmoqda.

Chegara hududida yashovchi fuqarolar esa O‘zbekiston operatorlarining SIM kartalari va Wi-Fi qurilmalaridan foydalanishga majbur bo‘layotganini aytishmoqda. Ular buni mahalliy aloqa tarmoqlarida internet sifati pastligi yoki ayrim hududlarda umuman ishlamasligi bilan izohlagan.

Ayrim foydalanuvchilarning ta’kidlashicha, O‘zbekiston mobil operatorlari taqdim etayotgan internet tezligi mahalliy xizmatlardan bir necha barobar yuqori. Shu bois mamlakatga qatnab turadigan ayrim shaxslar O‘zbekistondan SIM kartalar va routerlar olib kelib, ularni boshqalarga ham ulash bilan shug‘ullanadi.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, reydlarning kuchaytirilishiga Toshhovuz viloyatida bir erkak olti nafar farzandi va o‘z joniga qasd qilgani haqidagi xabar internet orqali keng tarqalgani sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Ayrim taxminlarga ko‘ra, mazkur ma’lumot qo‘shni davlat mobil operatorlari orqali internetga chiqqan foydalanuvchilar tomonidan tarqatilgani gumon qilinmoqda.

Shu bilan birga, huquq-tartibot idoralarida O‘zbekiston SIM kartalarini masofadan aniqlaydigan maxsus texnik vositalar mavjud emasligi aytilmoqda. Shu sababli tekshiruvlar asosan joylardagi reydlar orqali amalga oshirilmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar