Dunyodagi ilk quyosh energiyasida yuruvchi poyezd sayyohlarni hayratga solmoqda

Argentinada Lotin Amerikasidagi ilk quyosh energiyasida harakatlanuvchi poyezd sayyohlarga nafaqat ekologik sayohat, balki 10 ming yillik tarixga ega madaniy yo‘lak bo‘ylab noyob safarni ham taqdim etmoqda. Bu haqda BBC xabar berdi.
2024 yil iyun oyida ishga tushirilgan Quebrada Solar Train Argentinaning Jujuy viloyatidagi XIX asr temir yo‘lini qayta jonlantirdi. Poyezd 42 kilometrlik yo‘nalish bo‘ylab Volkan, Tumbaya, Purmamarka, Maymara va Tilkara kabi qadimiy qishloqlarni bog‘laydi. Marshrut davomida u Inkalarning mashhur Qhapaq Ñan yo‘l tarmog‘ining bir qismi orqali ham o‘tadi.
Soatiga taxminan 33 kilometr tezlikda harakatlanuvchi poyezd And tog‘lari, rang-barang qoyalar va mahalliy aholi yashaydigan qishloqlar orasidan deyarli shovqinsiz o‘tadi. Yo‘l davomida sayyohlar Yetti rangli tog‘, qadimiy inka yo‘llar, mahalliy bozorlar va arxeologik yodgorliklar bilan tanishish imkoniga ega bo‘ladi.

Loyiha faqat ekologik transport sifatida emas, balki mahalliy aholi turmushini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ham amalga oshirilgan. Rasmiylar fikricha, poyezd sayyohlar oqimini ko‘paytirib, qishloqlarda yangi ish o‘rinlari yaratadi va yoshlarni o‘z ajdodlari yurtini tark etmasdan yashash hamda mehnat qilishga undaydi.
Marshrut davomida mehmonlar And xalqlarining Pachamama (Ona Yer)ga hurmat, o‘zaro yordam va tabiat bilan muvozanatda yashash kabi an’analari bilan ham yaqindan tanishadi. Shuningdek, mahalliy hunarmandchilik, lama junidan to‘qilgan buyumlar, milliy taomlar va ming yillardan buyon saqlanib kelayotgan urf-odatlar sayohatning ajralmas qismi hisoblanadi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, quyosh energiyasida harakatlanuvchi mazkur poyezd ekologik toza transport imkoniyatlarini kengaytirish bilan birga, Argentinadagi eng qadimiy madaniy hududlardan birining tarixi va merosini dunyoga yanada kengroq tanitishga xizmat qilmoqda.






























Izohlar 0
…