Ilk bor: sud oltin baliqlarni huquqli jonzot deb tan oldi

Argentinada hayvonlar huquqini himoya qilish borasida tarixiy qaror qabul qilindi. Mamlakat sudi ilk bor Fede va Magi laqabli ikki oltin baliqni huquqlarga ega bo‘lgan hissiyotli jonivor sifatida tan oldi. Bu qaror nafaqat Argentinada, balki xalqaro miqyosda ham katta muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, oltin baliqlar Buenos Ayres shahridagi sushi restorani vitrinasida juda tor va noqulay akvariumda saqlangan. Quyosh nurlari to‘g‘ridan to‘g‘ri tushib turadigan ushbu joy hayvonlar uchun mutlaqo mos emasligiga jamoatchilik e’tibor qaratgan.
Shundan so‘ng hayvonlar huquqini himoya qiluvchi Jaulas Vacías tashkiloti sudga murojaat qildi. Da’voda baliqlarning saqlanish sharoiti mamlakatning hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatni taqiqlovchi qonuni talablariga zid ekani ta’kidlangan.
Sud ishni ko‘rib chiqib, Fede va Magini zudlik bilan xavfsiz muhitga ko‘chirish haqida qaror chiqardi. Shu bilan birga, ularni shunchaki mulk emas, balki hissiyotga ega tirik mavjudot sifatida e’tirof etdi.
Qarordan so‘ng ikki baliq 40 litrlik kichik idishdan 2500 litr hajmga ega keng akvariumga ko‘chirildi. Endi ular maxsus sharoitda parvarish qilinib, munosib muhitda yashamoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, akvariumda baliq saqlashning o‘zi qonunga xilof emas. Biroq ularni tor joyda, yetarli ozuqa va qulay muhitsiz ushlash hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabat sifatida baholanishi mumkin.
Ekologlar fikricha, mazkur qaror kelgusida hayvonlar huquqini himoya qilish sohasidagi sud amaliyoti uchun muhim pretsedentga aylanishi mumkin. Shuningdek, u hayvonlarga nisbatan munosabatni qayta ko‘rib chiqishga turtki berishi ehtimoldan xoli emas.






























Izohlar 0
…