Qashqadaryoda tulki tirnagan erkak vafot etdi

Qashqadaryo viloyatida tulki tirnagan fuqaroning vafot etgani haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinmoqda. Shu bilan birga, ayrim sahifalarda bir oilaning uch nafar a’zosida quturish kasalligi aniqlangani haqidagi ma’lumotlar tarqaldi. Viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi ushbu xabarlarni rad etib, rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, Kitob tumanida yashovchi 1979 yilda tug‘ilgan fuqaro 10 iyul kuni xavfli yuqumli kasallik gumoni bilan shifoxonaga yotqizilgan. Epidemiologik tekshiruvlar davomida uni taxminan bir oy avval tulki bolasi tirnagani ma’lum bo‘lgan.
Afsuski, bemor 11 iyul kuni vafot etgan. Hozirda uning o‘limiga aniq nima sabab bo‘lganini belgilash maqsadida sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan.
Shuningdek, mazkur hududda yashovchi yana uch nafar fuqaro ehtiyot chorasi sifatida to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Mutaxassislar ularda quturish kasalligiga xos klinik belgilar aniqlanmaganini ma’lum qildi. Ayni paytda ushbu shaxslar shifokorlar kuzatuviga olingan va profilaktik emlash tadbirlari olib borilmoqda.
Viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hamda veterinariya mutaxassislari hamkorlikda epidemiologik vaziyatni doimiy nazorat qilib borayotganini bildirdi.
Rasmiylar aholidan tasdiqlanmagan xabarlarga ishonmaslikni, ijtimoiy tarmoqlarda asossiz ma’lumotlarni tarqatmaslikni so‘radi.






























Izohlar 0
…