Olimpiada chempioni mast holda YTH qilib qamoqqa olindi

Qozog‘istonlik Olimpiada chempioni va mashhur bokschi Daniyar Yeleusinov yo‘l-transport hodisasini sodir etgani va mast holatda avtomobil boshqargani uchun ma’muriy javobgarlikka tortildi. Sud qaroriga ko‘ra, sportchi 20 sutkaga qamaldi hamda uzoq muddatga haydovchilik huquqidan mahrum etildi.
Hodisa Ostona shahrida sodir bo‘lgan. Ma’lum qilinishicha, Toyota Land Cruiser avtomobili ishtirokida ikki marta yo‘l-transport hodisasi yuz bergan. Shundan so‘ng haydovchi voqea joyini tark etgan.
Huquq-tartibot idoralari olib borgan tezkor qidiruv ishlari natijasida avtomobilning joylashuvi aniqlanib, qoidabuzar Do‘stlik ko‘chasida ushlangan. Baxtga qarshi, hodisa oqibatida tan jarohati olganlar qayd etilmagan.
Dastlab politsiya ushlangan shaxsning shaxsini rasman oshkor qilmagan edi. Shu bilan birga, qonun barcha uchun teng ekani, mashhurlik yoki sportdagi yutuqlar hech kimni javobgarlikdan ozod etmasligi alohida ta’kidlangan.
Keyinchalik sudda avtomobilni aynan Olimpiada chempioni Daniyar Yeleusinov boshqargani tasdiqlandi. Unga mast holatda transport vositasini boshqarib YTH sodir etish hamda voqea joyidan qochib ketish moddalari bo‘yicha ish qo‘zg‘atildi.
Sud jarayonida sportchi aybini to‘liq tan oldi va qilgan ishidan afsusda ekanini bildirdi. Sud uning avval ma’muriy javobgarlikka tortilmaganini inobatga olgan holda qaror chiqardi.
Yakuniy hukmga ko‘ra, Daniyar Yeleusinov 20 sutkaga ma’muriy qamoq jazosini o‘taydi. Shuningdek, u 7 yil davomida transport vositasini boshqarish huquqidan ham mahrum qilindi. Sud qarori qonuniy kuchga kirgan.






























Izohlar 0
…