5 924
Nega navbatlar, «shapka», qora bozor vujudga keladi va ulardan qanday qutulish mumkin?
Mustaqil ekspert-iqtisodchi Yuliy Yusupov navbatlar, qora bozor va «shapka»lar nega vujudga kelishi, bu hodisalar bozorning qanday oqibatlariga sabab bo‘lishi hamda tanqislik deb ataluvchi iqtisodiy kasallikni qanday engish haqida o‘zining navbatdagi maqolasida hikoya qilib berdi, deb yozadi Kun.uz.
Tanqislik iqtisodiyoti
Men xorijda ko‘proq bo‘laman, o‘z-o‘zidan, vatanimga ham tez-tez qaytishga majburman. Davlatimiz chegarasini kesib o‘tganimning eng ishonchli belgisi nima ekanligini bilasizmi? Navbatlar! Avvaliga pasport nazoratida — chegarachilar oldida, keyin bagajni kutish asnosida, undan so‘ng bojxona nazoratida… Lekin bu bilan navbatlar tugamaydi. Ular meni doim ta’qib qiladi: kommunal xizmatga boramanmi, davlat idoralariga kelamanmi, banklarga ishim tushadimi…
Navbatlar bizda sof tijoriy sektorlarda ham paydo bo‘ladi. Benzin, shakar, avtomobil uchun navbatlarni esga olish kifoya… Xorijdan asbob-uskuna xarid qilish istagidagi tadbirkorga va’da qilingan konvertasiya uchun qancha navbat kutilishini bilasizmi? Oylab, agar yillab bo‘lmasa! Bu holatda ular banklarning hisob raqamlarida muzlatilgan pullarini ushlab turishadi, ya’ni ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyaviy yo‘qotishlarga duchor bo‘lishadi, boz ustiga, valyuta o‘z vaqtida to‘lanmaganligi sababli ularni shartnoma shartlariga ko‘ra jarimaga ham tortishadi. Lekin bular konvertasiya va’da qilingan tadbirkorlar. Aksariyat esa allaqachon hech qanday navbatda turishmaydi, ular rasmiy ayriboshlash kursidan ancha baland bo‘lgan norasmiy bozordan xarid qilib qo‘yaqolishadi.
Navbatlar iqtisodiyoti nuqtai nazaridan bu — tanqislik deb ataluvchi iqtisodiy kasallikning shakllaridan biridir. Tanqislikning boshqa ko‘rinishlari — qora bozor, «shapkalar», tovar savdosining kartali (limitlangan) tizimi kabilardir.
Nega tanqislik yuzaga keladi va unga qarshi qanday kurashish mumkin?
Keling, misol tariqasida go‘sht bozorini olaylik. Har qanday bozor uch asosiy elementdan iborat — narx-navo, talab va taklif. Uch element bir-biriga ta’sir qiladi. Lekin bizni hozircha talab va taklif mahsulot narxiga qanday ta’sir qilishi qiziqtiradi.
Talab qonuni
Narx va talab o‘rtasida teskari bog‘liqlik mavjud: narx qanchalik past bo‘lsa, talab shunchalik yuqori bo‘ladi va aksincha. Nega bunday bo‘lishi o‘z-o‘zidan tushunarli: mahsulot qancha arzon bo‘lsa (va arzonligidan o‘zining iste’mol xossalarini yo‘qotmasa) u shunchalik xaridorgir bo‘ladi. Bizning shartli misolimizda (1-jadvalga qarang) 30 ming so‘m narxda iste’molchilar (aytaylik, kuniga) 500 kg go‘sht xarid qilishga tayyor, narx 15 ming so‘m bo‘lganida esa — 1200 tonna. Savol shundan iboratki, sotuvchilar shu narxdan shuncha mahsulot sotishga tayyormikan?..
Taklif qonuni
Mahsulotning narxi va uni taklif etish kattaligi o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik bor: narx qanchalik yuqori bo‘lsa, sotuvchilar shu mahsulotni savdoga shunchalik ko‘p taklif etishni istashadi va buni amalga oshirishlari mumkin. Aytaylik, ishlab chiqarish va etkazish xarajatlari go‘shtning 1 kilosiga 20 ming so‘mga tushmoqda. Mos ravishda, go‘shtning kilosi 20 ming so‘m bo‘lsa ishlab chiqaruvchilar foyda olishmaydi. Ehtimol, mahsulot birligiga xarajatlari kamroq bo‘lgan sotuvchilar topilib qolar, aynan o‘shalar savdoga 100 tonna chiqarishadi. Yanada pastroq narxlarda savdo nolga yaqinlasha boradi. Lekin go‘shtning kilosiga 20 mingdan baland narxlarda savdo yomon bo‘lmaydi, chunki sotuvchilar uchun foyda keltira boshlaydi-da.
Yuqoridagi jadvaldan ko‘rinib turibdiki, talab va taklif darajalari bog‘liqligi ma’lumotlari ma’lum bo‘lib turganida talab va taklifning tengligini ta’minlovchi narxning yagona varianti mavjud bo‘lib turibdi — kilosiga 30 ming so‘m. Boshqa har qanday variantlarda yo mahsulotning ortiqchaligi yoki tanqisligi vujudga keladi. Agar biz erkin bozorga ega bo‘lsak go‘shtning bozor narxi kilosiga 30 ming so‘m darajasida o‘rnashadi (bu narx muvozanat narxi deb ataladi, chunki talab va taklifning tengligini ta’minlaydi). Bozorga borgan har qanday kishi yaxshi biladiki, bozorda savdogarlar va xaridorlar ko‘p bo‘lsa va erkin raqobatga hech narsa xalaqit bermasa, bozor narxi ertami-kechmi muvozanat narxiga yaqin darajada to‘xtaydi.
Bozorning bu mexanizmlari har qanday bozorda — go‘sht bo‘ladimi, kartoshka, kiyim-kechak, valyuta yoki kreditlar bo‘ladimi — ish beradi. Narx hosil bo‘lishi nuqtai nazaridan bu mahsulotlar o‘rtasida prinsipial farq yo‘q.
Sun’iy tanqislik nimalarga olib keladi?
Tanqislik nega hosil bo‘ladi o‘zi? Faqat bozor mexanizmlariga nimadir xalaqit bera boshlasa! Ko‘pincha ularga xalaqit beruvchi ikki sabab bo‘ladi: davlatning xatti-harakatlari va monopolistlarning xatti-harakatlari.
Davlat eng ezgu istaklar bilan ba’zi bir muhim, masalan, ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlar narxini pasaytirmoqchi bo‘ladi. Buning uchun nima qilish kerak? Taklifni rag‘batlantirish lozim. Taklif qanchalik yuqori bo‘lsa, sotuvchilar o‘rtasida raqobat ham shunchalik yuqori bo‘ladi va narxlar shunchalik past bo‘ladi. Go‘sht bozoriga nisbatan qo‘llaniladigan bo‘lsa, em bazasini, nasldorlikni rivojlantirish, ishlab chiqaruvchilarni rag‘batlantirish, raqobat yo‘lidagi to‘siqlarni olib tashlash va boshqa choralar bilan chorvachilikni qo‘llab-quvvatlash lozim. Ana shunda bir necha yildan keyin, agar dastur samarali bo‘lsa, go‘sht ishlab chiqarish ko‘payadi va uning narxi tusha boshlaydi.
Lekin undan ham oddiyroq yo‘li bor: shunchaki narxlarni pasaytirishga buyurish! Amaliyotda, ma’lum bir narxdan qimmat sotishni taqiqlash. Masalan, ma’muriy tartibda, 1 kg go‘sht narxini 25 ming so‘m qilib belgilab qo‘yamiz.
Bunda natija qanday bo‘ladi? Biz sun’iy yaratilgan tanqislikning tipik manzarasiga guvoh bo‘lamiz. 25 ming so‘m bahoda xaridorlar 600 tonna go‘sht sotib olishga tayyor bo‘lishadi, sotuvchilar esa faqatgina 300 tonna taklif qila oladi. Ana sizga navbatlaru, kartochkalaru, narx yuqoriroq bo‘lgan qora bozor! Sotuvchilarning aksariyatiga bu narxda go‘sht sotish shunchaki foyda keltirmaydi. Ular nima qila boshlashadi? Yoki bozorni butunlay tark etishadi yoki narxlar qimmatroq bo‘lgan xufyona qora bozorga o‘tishadi.
Sun’iy yaratilgan tanqislikning eng asosiy oqibati — pasaytirilgan narxlar ushbu mahsulotni ishlab chiqarishni foyda bermaydigan qiladi, natijada taklif borgan sari kamaya boradi. Alal-oqibatda, ertami-kechmi narxlarni yana erkin qo‘yib yuborishga majbur bo‘linadi, lekin bu holatda ular dastlabki muvozanatlashgan narxdan-da qimmatroq bo‘ladi, chunki mahsulotni ishlab chiqarish qisqarib ketgan bo‘ladi. Qosh qo‘yaman, deb ko‘z chiqarish, deyiladi buning otini.
Boshqa bozorlarda ham ma’muriy aralashuvning oqibatlari xuddi ana shunday ko‘rinishga ega bo‘ladi.
Agar valyuta bozorida ma’muriy tartibda 1 dollar uchun 3000 so‘m belgilab qo‘yilsa, qachonki uning muvozanatlashgan narxi, aytaylik, 5000 so‘m bo‘lsa, tanqislik iqtisodiyotining to‘liq to‘plamiga ega bo‘lamiz: talab taklifdan oshib ketadi, valyutani kimga berish kerakligini amaldorlar hal qilishadi, qora bozor hosil bo‘ladi. Eng asosiysi, valyuta etkazib beruvchilar — eksportchilarda rag‘bat o‘ladi, chunki 1 dollarga 3 ming so‘m narx ularni mutlaqo qoniqtirmaydi. Natijada, eksport pasaya boshlaydi, o‘z-o‘zidan valyuta hajmi ham pasayadi va uning tanqisligi ortadi.
Agar kredit narxi, ya’ni foiz stavkasini muvozanatlashgan stavka (Markaziy bank bu borada tijorat banklariga o‘z «tavsiyalari»ni jo‘natib turadi) dan past belgilasak ham xuddi shunga duchor bo‘lamiz: kredit resurslariga bo‘lgan talab taklifdan ortiq bo‘ladi, sotuvlar bank xodimlari o‘rtasidagi taqsimotga aylanadi, arzon kreditlarga ega bo‘lish uchun qarz oluvchilar «shapka» berishga majbur bo‘lishadi, o‘z-o‘zidan foiz stavkasi yuqoriroq bo‘lgan noformal kredit bozori vujudga keladi.
Eng asosiysi. Kredit resurslarining manbai nimaligini bilasizmi? Omonatlar! Agar foiz stavkalari past bo‘lsa aholida pullarini bankda saqlash uchun rag‘bat bo‘lmaydi. Ya’ni pasaytirilgan foiz stavkalari tufayli moliya sektori kreditlash uchun manbadan mahrum bo‘ladi.
Tanqislik kelib chiqishiga ma’muriy tartibda o‘rnatiladigan narxlardan tashqari yana bir sabab bor: bozorni monopollashtirish hisobiga taklifni sun’iy cheklash. Eng yaqqol misol — o‘zimizning milliy yengil avtomobillar bozorimiz. Import mashinalar uchun belgilangan haddan ziyod bojxona to‘lovlari importchilar oldiga engib bo‘lmas to‘siqlar qo‘yadi, natijada mahalliy iste’molchilarni o‘zimizning avto ishlab chiqaruvchimiz bilan yakkama-yakka qoldiradi. Bozordagi to‘liq monopoliya ishlab chiqaruvchiga o‘z mahsulotini o‘ta yuqori narxlarda sotish imkoniyatini yaratadi. Lekin shu narxlar ham taklifning sun’iy cheklanganligi sharoitida muvozanatlashgan narxlardan past bo‘ladi. Natijada: navbatlar, «shapkalar», olibsotarlarning yanada qimmatroqqa sotishi…
Xulosa qanday bo‘lishi kerak? Agar biz tanqislik iqtisodiyotida yashashni, navbatlarda turishni va chayqovchilarga pul to‘lashni istamasak, (soliq to‘lovchilar va saylovchilar sifatida) davlatimiz oldiga quyidagi nakazlarni qo‘yishimiz kerak:
— rivojlangan raqobat muhiti mavjud bo‘lgan, bozorning o‘zi muvozanatlashgan narxlarni ta’minlay oladigan va iste’molchilarni ishlab chiqaruvchilarning xohish-amridan himoya qila oladigan joylarda mahsulotlar va xizmatlar narxlarining hosil bo‘lish jarayoniga ma’muriy aralashuvni bas qilish;
— monopollashgan bozorlarda raqobatni turli yo‘llar bilan rivojlantirish, yangi o‘yinchilar paydo bo‘lishi uchun (ko‘pincha davlatning o‘zi o‘rnatadigan) to‘siqlarni olib tashlash;
— bozor narxlarini pasaytirish (yoki oshishini cheklash) uchun kurashni «kavaleriyacha» ma’muriy usullar bilan emas, biznesni yuritish yo‘lidagi to‘siqlarni yo‘q qilish va ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish kabi qunt talab qiladigan yo‘llar vositasida olib borish. Agar biz raqobatni qat’iylashtirish, biznes muhitini yaxshilash hisobiga ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytira olsak, muvozanatlashgan narx yanada past darajaga tushishi tayin.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi