22:32 / 21.08.2017
8 320

"Turmushga chiqishni istamayman..."

"Turmushga chiqishni istamayman..."
Oppoq kelinlik libosini kiygan qo‘g‘irchoqni bag‘riga bosib o‘ynamagan, qo‘shni kelinchakka havas-la boqib kelinsalom qilmagan, eng chiroyli kun — to‘y oqshomini xayolida gavdalantirib entikmagan qiz bo‘lmasa kerak. Negadir ayrim dugonajonlarimiz turmush qurish yoshiga etgach, katta hayotga qadam qo‘yishdan cho‘chib qolishadi? Ruhshunos Shahnoza XALILOVA bilan birga ushbu savolga javob izlaymiz.

1-murojaat: «Ko‘nglim yo‘q»
— Yoshim yigirma uchda. O‘zim hali talabaman. Ikki yildan buyon do‘stona munosabatda bo‘lgan yigitimdan sovchilar keldi. Uydagilar rozi bo‘lishdi, oqlik o‘rashdi. Oyim harchand «To‘ydan keyin ko‘ngil qo‘yib ketasan», desa ham, bunga ko‘zim etmayapti. Yigitga doim «Do‘st bo‘lib qolaylik, oqlikni qaytaraylik», deb aytaman. Turmush qurgach ham unga munosabatim ilimasa-chi, deb ikkilanayapman...
Farangiz

2-murojaat: «O‘tmishimdan xavotirdaman...»
— Yoshim yigirma birda. Maqtanishmas, maktabda ham, kollejda ham a’lo baholarga o‘qidim. Ota-onam obro‘-e’tiborli insonlar. Bizni hech kimdan kam qilmay o‘stirishdi. Maktabni tugatgan yilimiz sinfdosh yigitim menda ko‘ngli borligini aytdi. Men ham uni sevib qoldim, deb o‘ylardim. Biz uchrashib turardik. Bora-bora u o‘zini erkin tuta boshladi. Men esa uning harakatlariga qarshilik qilolmasdim, oxiri boshqa kollejga hujjat topshirib, undan uzoqlashdim. Ammo o‘zimdan juda uyalardim. Yillar o‘tsa ham, shu uyat, aybdorlik hissi meni tark etmadi. O‘z bilmim bilan talabalik baxtiga erishdim. Kelasi o‘qishni tugataman. Uch oy oldin uydagilar bir yigitning sovchilariga rozilik berishdi. U juda ham yaxshi inson. O‘qimishli, bo‘y-basti kelishgan. Men uchun hamma narsaga tayyor. O‘zim ham u umr yo‘ldoshim bo‘lishini istayman. Biroq uning oldida vijdonim qiynaladi.
Oydin

3-murojaat: «Dugonam baxtsiz!»
— Tanlagan insonim bor. U meni juda ham yaxshi ko‘rishini doim ta’kidlaydi. Tez orada to‘y boshlash niyatida. Ammo yaqinda dugonam oilasidan ajrashdi. U ham sevib-sevilib turmushga chiqqandi. Afsus eri yosh kelinchakka qo‘l ko‘tardi, qaynonasi ham yoqtirmadi. Dugonamning hayotini ko‘rib, menda ham shunday bo‘lsa-chi, deya cho‘chib qoldim.
Aziza

4-murojaat: «Sevganimni unuta olmayapman»
— Yaxshi ko‘rgan insonim men bilanmas, boshqasi bilan umr rishtalarini bog‘ladi. Yaqinda meni ham unashtirishdi. Yigitning opalari bilan munosabatimiz juda samimiy. Uning o‘zini esa umuman xushlamayman. Tergashlari ham malol keladi. To‘yni to‘xtatsammikan?
Iroda

Muammo nimada?
Tahririyatga murojaat qilgan qizlarimizning yoshi yigirmadan oshgan, ayni oilaviy hayotini yo‘lga qo‘yadigan paytlari. Ularning muomalasi, o‘z muammosini tushunib, unga echim izlayotganlari ham turmush masalasiga yengil-elpi qaramasliklaridan dalolat. Biri oliy o‘quv yurtda ta’lim olayotgan, yana biri o‘z ishini topgan, xullas — o‘z intilishlari, qiziqishlari bor dugonalarimiz nega turmush qurishni istashmayapti? Oila qo‘rg‘oniga qadam bosishdan qo‘rqishayapti? Turli bahonalar topib, bu vaziyatdan qochishayapti? Qizlarimiz murojaatlarida sabablarni qisman keltirishgan bo‘lsa-da, ularga chuqurroq nazar solib, tahlil qilishni lozim topdik. Shunda muammoning echimiga boradigan yo‘l qisqaradi. To‘yga rozilik berish esa bu shaxsiy masala. Bir qarorga kelishlari uchun avvalo qo‘rquvlarini engishlari kerak.

Oila qurishdan nega qo‘rqasiz?

Sabablar bilan tanishing!
- Erkini yo‘qotib qo‘yishni istamaslik. Oilali bo‘lgach, ko‘p narsa o‘zgaradi. Kun tartibidan tortib organizm faoliyatigacha. Erkakning izmiga bo‘ysunish, qaynota-qaynonaning fikri bilan hisoblashish, qaysidir istaklarni chegaralash o‘z mustaqilligini hamma narsadan ustun qo‘yuvchi qizga dahshatli tuyulishi mumkin. Chunki u boshi ochiqligidan ikkilamchi foyda ko‘rayapti. Atrofdagilarning niqtashlari, yoshining o‘tib borayotganini «+»lar bosib ketayapti-da.

- Yomon tajriba. Garchi siz o‘zingiz hali turmush ostonasiga qadam qo‘ymagan bo‘lsangiz-da, sizda qaysidir ma’noda tajriba bor. Ya’ni yon-atrofdagilarning hayot tarzi natijasida orttirilgan tajriba. Ayrim onalar qizlariga eshittirib turmushidan nolishadi. «Sizga turmushga chiqmay, toq o‘tganim yaxshi edi», deya turmush o‘rtog‘iga baralla aytadi. Qiz bolada esa onasiga achinish bilan birga turmushdan xavfsirash paydo bo‘ladi. Yoxud ammasi, yoyinki xolasi, yo yaqin dugonasining baxtsizligiga qarab to‘n bichadi.

- Jinsiy hayotdan qo‘rqish. Mana, eng katta sabablardan biri. Bu qo‘rquv, albatta, o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. Er-xotin munosabatlari, birinchi nikoh kechasi, tug‘ruq haqidagi qo‘rqinchli ma’lumotlarning quloqqa quyilishi oqibatida yuzaga keladi. Yana bir uchi esa Oydinning murojaatiga borib taqaladi. Yigit qiz o‘rtasidagi munosabatlarning chegaradan chiqishi oqibatida aybdorlik hissi va qo‘rquv paydo bo‘lib, bir nuqtada kesishgan. Oilali bo‘lish xohishi bor, ammo uni kuchli qo‘rquv so‘ndirayapti. Bundan tashqari, qizlarda bunday qo‘rquv ta’sirida himoya funksiyasi ishga tushib, jinsiy a’zolarda siqilish yuz beradi. Oqibatda esa ayollik organlarida og‘riq, kasalliklar paydo bo‘ladi.

- Erkaklar bilan muomala qilolmaslik. Qiz bola tarbiyasida haddan ziyod qattiqqo‘lik asorati sifatida qarama-qarshi jins vakillaridan o‘zini olib qochish, ular bilan umuman muloqot qilolmaslik muammosi kelib chiqishi mumkin. Shu tufayli ham «To‘ydan keyin ko‘ngil qo‘ya olmasam-chi?» kabi savollar o‘ylantiradi. Ko‘ngil qo‘ya olasizmi, yo‘qmi, buni hech kim bashorat qilolmaydi. Hammasi o‘z qo‘lingizda aslida.

- Sobiq sevgilisini unutolmaslik. Ko‘ngil qo‘ygani undan yuz o‘girsa-da yoki boshqa qiz bilan oila qursa-da, nega o‘z baxtini topishi kerakligini tushunib turib ham ayrim qizlarimiz oldinga qadam tashlashmaydi. Chunki ular sobiq sevgilisini ideallashtirib olishgan. U bilan ko‘zlagan maqsadga erishmadingiz, demak, uni ideal sanashingiz noto‘g‘ri. Axir sevgining ko‘zi ko‘r bo‘ladi, oilali bo‘lgach, insonning yangi qirralari ochiladi. Siz esa og‘iz solganlar bilan nuqul uni solishtirasiz. Bitta kamchilik topdingizmi, darrov rad etasiz. Bunaqasi ketmaydi, azizam!
Echim. Oila qurish masalasini hadeb ortga surayotgan qizlar, qo‘lingizga daftar va qalam oling-da, quyidagi savollarga javob yozing:

A. Yolg‘izligingizdan qanday foyda ko‘rayapsiz?

B. Oila qursangiz, nimalardan mahrum bo‘lasiz?

V. Agar turmushga chiqmasangiz, nima qilish shart emas?

D. O‘zingizga oilali ayol bo‘lishga ruxsat bersangiz, hayotingizda qanday noxush hodisa yuz berishi mumkin?

Toki bu savollarga javob topilguncha ularni o‘zingizga takror beravering. Shu bilangani turmush qurishgingizga nima to‘siq bo‘layotganini anglash imkoni bor. Keyin esa bu to‘siqlarni qanday bartaraf etish yo‘llarini izlaysiz.

Echim. Agar bu tajribaga ota-onangiz sabab bo‘lsa, ularni ayblashdan to‘xtang-da, tushunishga harakat qiling. Tushunish natijasidagina ota-onangizning xatosini takrorlamasligingiz kafolatlanadi. «Oila — g‘urbat!» «Erkaklarning hammasi bir go‘r» degan fikrlaringiz esa asossiz. Unutmang, odamlar baxtsizliklari haqida soatlab gapirishadi. Baxtli damlarida esa mum tishlab olishadi odatda.

Echim. Nafaqat ruhshunos bilan ishlash talab etiladi, albatta, ginekolog ko‘rigi ham zarur. Balkim jismoniy og‘riqlar sabab oila qurishni paysalga solayotgandirsiz? Xastalik davolangach, baxtingiz ham ochilib ketar.

Echim. Birinchi o‘rinda, har bir uchrashuvga chiqqan yigit yoki tanishishni taklif qilgan shaxsga bo‘lajak umr yo‘ldosh sifatida qaramang. Shunchaki ular bilan gaplashib ko‘ring. Bu sizga erkaklar olamini o‘rganish imkonini beradi. Va eng muhimi, yigitlar bilan munosabatda sabrli bo‘ling. Ular uchun darrov xulosa chiqarmang, qo‘rquvlaringiz sabab ko‘ksidan itarmang. U bilan ko‘rishganda, gaplashganda nimalarni his qilayapsiz, shunga ahamiyat bering. Ana shunda qo‘rquvingizga yuzma-yuz kelasiz va u bilan do‘stlashasiz.

Echim. Hissiyotlar insonni tark etmasligi mumkin, ammo o‘tgan kunlarni ortga qaytarib bo‘lmaydi. Xotiralarni mahkam ushlab o‘tirgandan naf yo‘q. Bu hayotda hammasi o‘tkinchi. Vaqt esa kutib turmaydi. Tasavvuringizdagi idealni sindirish uchun boshqa yigitlarga imkon bering. Ular bilan uchrashing, gaplashing. Talabingizga to‘g‘ri kelmaydigan tomoni uchun yuz burmang-da, yaxshi tomonlarini ko‘rishga harakat qiling. Unutmang, biz ideal dunyoda yashamaymiz. Xato qilamiz, tuzatamiz.

Yana bir gap, hadeb kuyovlikka nomzodlarni o‘tmishdagi muhabbatingiz bilan solishtiravermang. Har bir insonning o‘ziga xos tomonlari bo‘ladi. Qolaversa, sizning sevgingizni qadrlamagan, sizga uylanmagan yigitni bayroq qilib olishingiz ham mantiqqa zid. Uni yuragingizdan qo‘yib yuboring. Shundoq ham hayotingizdan chiqib ketgan. Bu haqiqatni tan oling, og‘riqli bo‘lsa-da.

Balkim yuqoridagi sanagan sabablarimizning birortasi siznikiga o‘xshamas. Axir inson psixolgiyasi bir-biridan tubdan farq qiladi. Muhimi, siz «Istamayman, qo‘rqaman» deb o‘tirmasdan, oilali bo‘lishingizga nima to‘sqinlik qilayapti, shu muammoni aniqlashga kirishasiz, degan umiddamiz.

Baxtingiz o‘zingizdan-da chiroyli bo‘lsin!


Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » "Turmushga chiqishni istamayman..."