10:16 / 24.08.2017
5 644

Forbes: Boy bo‘lishdan uyalmagan Malkolm Forbs

Forbes: Boy bo‘lishdan uyalmagan Malkolm Forbs
Malkolm Forbsning bolaligi Buyuk depressiya yillariga to‘g‘ri keldi va bu nafaqat unga, balki hayotning qadriga ko‘proq eta boshlagan butun bir avlodga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Bolalik va yoshlik davrida mayda xursandchiliklardan ham mahrum bo‘lgan bolalar katta bo‘lib buning o‘rnini to‘ldirishga harakat qilgan.

Malkolm noshirning uyida voyaga etgan va ochlikni u qadar his qilmagan bo‘lsa-da, Berti Charlz Forbs millioner bo‘lmagan va haqiqiy shotlandiyalik sifatida o‘z farzandlariga har bir sentni qadrlash va pulga jiddiy munosabatda bo‘lishga o‘rgatgan. O‘smirlik yillarida oila moliyaviy jihatdan qiyin ahvolda qolgan. 1939 yilga borib Forbes jurnalining adadi 102 mingni tashkil qilgan. Uning raqiblari Business Week'da — 192 000, Fortune'da esa — 248 000 bo‘lgan. Reklama 4,5 barobarga qisqargan.

Bu jihatdan Forbes'ga ikkinchi hayot bag‘ishlagan va o‘z oilasining eng mashhur vakiliga aylangan B. Ch. Forbsning o‘g‘li omadliroq chiqdi.

Prezident F.D.Ruzveltning "yangi yo‘nalishi" Amerika jamiyatidagi qadriyatlarga jiddiy chaqiriq bo‘ldi. Davlatning iqtisodiyotga keng jalb qilinishi (u shu yo‘l bilan mamlakatni inqirozdan olib chiqishga harakat qilgan) biznesning ko‘plab vakillari orasida shubha uyg‘otgan. Forbes jurnali klassik laissez-faire'ni saqlab qolish tarafdorlari tomonda "o‘ynagan", bu esa 30-yillarda u qadar mashhur bo‘lmagan. Ruzvelt davrida amalga oshirilgan ulkan loyihalar bunga qadar qaror topgan qoidalarga zid edi.

AQSh ijtimoiy hayotidagi qarama-qarshiliklarning ko‘p liniyalari aynan 30-yillarga borib taqaladi. "Yangi yo‘nalish" merosiga munosabat biznes, OAV va siyosatdagi odamlarni ajratgan yoki birlashtirgan. Malkolm Nyu-Jersida o‘tgan bolaligidan kattalarning bahs-munozaralariga oid xotiralarini olib chiqqan.

Uning o‘zi o‘sha paytlar muayyan pozisiyaga ega bo‘lmagan va bilim olish bilan shug‘ullangan - dastavval Lorensvildagi tayyorlov maktabida, keyin esa Priston univchersitetida, ikki inshoot ham Nyu-Jersida joylashgan bo‘lgan. U erda Forbs siyosiy ilmlar va iqtisodiyotni o‘rgangan. Iqtisodiy bilimlarni o‘zlashtirishni tugallash davri AQShning Ikkinchi jahon urushiga kirishiga to‘g‘ri kelgan. Bunga qadar u 1941 yilda Ohayoda otasi tomonidan sotib olib berilgan ikki gazetaga rahbarlik qilishga ulgurgan. Bu tajriba keyinchalik unga kerak bo‘ldi.

Jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan, badavlat oilalardan chiqqan yoshlar xizmat qilishdan voz kechish haqida o‘ylashi ham mumkin emasdi. Masalan, Kennedilar oilasida uch nafar voyaga etgan o‘g‘ilning bari armiyaga borgan, ulardan biri halok bo‘lgan. Bunday doiralarda g‘urur va vatanparvarlik tushunchalari katta ahamiyatga ega bo‘lgan. Shuning uchun Malkolm Forbs ham urushga yo‘l olgan.

Urush davrida uning bir necha marta "omadi kelgan" - u Evropadagi jang maydoniga jo‘natilgani bir omad bo‘lsa, yaralanib omon qolgani - yana bir omad bo‘lgan.

Amerika urushdan nafaqat harbiy-siyosiy va iqtisodiy ma’nolarda, balki jahon madaniyatida trendlar boshqaruvchisi sifatida ham kuchli derjava bo‘lib chiqqan. Musiqa (jaz, rok), Hollivud kinolari - bundan buyon hamma erda shular ustunlik qilardi. Evropadan qaytayotgan yosh amerikaliklar uyga nafaqat taassurotlar bilan, balki o‘z mamlakati uchun faxr tuyg‘usi bilan qaytishardi.

Urushdan qaytgan askarlarning ko‘pi siyosatga kirib kelgan. Ulardan keyinchalik mashhur bo‘lganlari - Richard Nikson, Jon Kennedi, Jozef Makkarti. Malkolm Forbs ham bu jihatdan nooriginal yo‘l tutgan - u 1949 yilda Bernardsvil munisipial kengashiga saylangan, 1951 yildan 1957 yilgacha esa Nyu-Jersi shtati senatida faoliyat yuritgan.

U bir paytlar gubernatorlikni orzu qilgan, biroq 1957 yilda respublikachilarning nomzodi bo‘lgan Malkolm shtatning amaldagi rahbari, demokrat Robert Meynerga mag‘lub bo‘lgan. Malkolm siyosatda qo‘ldan kelganini qilganini anglab, undan ketishga qaror qilgan.

Bu vaqtga kelib uning otasi vafot etgan va jurnalni yuritish bo‘yicha asosiy og‘irlik u bilan akasining zimmasiga tushgan. Undan uch yosh katta Bryus nashr prezidenti bo‘lgan, ammo saratonga chalinib, nisbatan erta 1964 yilda vafot etgan. Yana ikki akasi Gordon va Uolles jurnal ishlariga u qadar qiziqishmagan, shu bois 1960-yillarda u akalarining jurnaldagi ulushini sotib olgan, Bryusning bevasidan sotib olingan 30 foiz aksiya ham shular jumlasidandir. Shu tariqa u Forbes'ning yagona rahbariga aylangan.

1945-1960-yillar orasidagi davrni tarixda faqat yigirmanchi yillarga taqqoslash mumkin. Bu amerikaliklar tomonidan o‘z "normalligi"ni maksimal darajada his qilish - "bebi-bum" davri bo‘lgan. U paytlar Amerika iddiliyasi bardavom tuyulardi. 1960 yilga borib AQSh rivojlanishning yuqori nuqtasiga etdi va jahon iqtisodiyotining 29 foiziga egalik qildi.

«Ji Ay qonuni» urush veteranlariga ta’lim olish, biznes ochish va uy-joyga kredit olishda imtiyozlar berardi. Shu tufayli o‘rta toifa keskin kengaydi, bilimli ishchi kuchi ko‘paydi. Iqtisodiy "bum" biznes-jurnalistikani ham o‘z ortidan tortdi. 50-yillar o‘rtalariga borib, Forbes AQShdagi bir necha biznes nashrlardan biri bo‘lgan va raqiblar orasida alohida ajralib turmagan. Jurnalga yangi g‘oyalar kerak bo‘lgan.

Malkolm otasi hayotlik vaqtlaridayoq jurnalda konsalting loyihalarni yo‘lga qo‘ygan. Ulardan biri Forbes Investors Advisory Institute jiddiy daromad keltirgan birinchi shunday loyiha bo‘lgan. Amerika korporasiyalari reytingi keyingi qadam bo‘lgan, bu reyting jurnalga juda ko‘p reklama jalb qildi. Forbes biznesdagi muvaffaqiyat tarixlari, etakchi kapitalistlar haqidagi norasmiy hikoyalar jurnali, haqiqiy Capitalist Tool bo‘ldi. U raqib nashrlardan o‘z erkinligi va maqolalar va syujetlar tilining tushunarliligi bilan ajralib turardi.

Fortune va Business Week bilan shiddatli raqobat davri boshlandi. 1954 yildan 1958 yilga qadar Forbes jurnalining adadi ikki barobarga - 265 minggacha oshdi, 1967 yilga borib esa Fortune'ni ortda qoldirib, 500 mingga etdi va Business Week bilan deyarli tenglashdi. 70-yillarda adad oshishda davom etdi va 1975 yilda 625 mingga etdi. Obunadan yiliga 4,5 million dollar tushardi, reklamadan esa - 20 million dollar. Malkolmning Forbes yutug‘iga qo‘shgan so‘nggi katta hissasi - uning 1982 yilda yo‘lga qo‘yilgan "Eng badavlat amerikaliklar reytingi - Top-400" loyihasi bo‘ldi.

Ota jurnalni o‘z g‘oyalarini ifodalovchi maydonga aylantirgan bo‘lsa, o‘g‘li uni o‘z hayoti darakchisiga aylantirdi. Ular orasidagi farq shunda edi. B. Ch. Forbs nashrga asos solgan omadli jurnalist bo‘lgan bo‘lsa, M.Forbs jurnalga ikkinchi hayotni baxsh etgan omadli kapitalist bo‘lib chiqdi.

Malkolm jurnaldan tashqari investisiyalar va ko‘chmas mulk bilan faol shug‘ullanar edi. U Koloradoda rancho sotib olgan, bir necha yildan keyin esa uni qismlarga bo‘lib sotgan. Jurnalda konsalting ishlashda davom etgan, shuningdek tahririyat binosi ham ijaraga berilardi. Malkolm doimo yangi nashrlar ochardi, masalan, Nyu-York haqidagi Egg nashri.

Asosiysi, Forbs o‘z hayoti va xobbilarini Forbes uchun reklamaga aylantirishni bilardi. U o‘z boyligidan zavqlanib yashayotgan amerikalik nopuritanin-ishbilarmon sifatida namoyon bo‘ldi. Bu esa bungacha bo‘lgan an’analarga zid edi. U Reygan va Tetcherning erkin tadbirkorlik davriga juda mos kelardi. 80-yillarda Malkolm xuddi ikkinchi yoshlik davrini boshdan kechirgandek bo‘lgan.

Forbs hashamat bobida yangi trendlarning e’lon qiluvchisi bo‘lgan. Aynan o‘shanda Forbes kapitalistik "jannat"ni ifodalovchi afsonaviy nomga aylangan. Malkolm o‘zini o‘ta omadli PR-menejer sifatida namoyon qilgan. Uning motosikllar, yaxtalar eskapadlari, havo sharlaridagi parvozlari piar nuqtai nazaridan aniq o‘ylangan.

Ta’kidlash joizki, bu qiziqishlarni xavfsiz deb bo‘lmaydi - buning uchun Stiv Fossetning taqdirini yodga olish kifoya. Biroq badavlat kishilar tavakkal qilishni yaxshi ko‘rishadi - bu oxirigacha o‘rganilmagan fenomen. Hovard Hyuz o‘zining aviasiyaga qiziqishidan tayinli foyda chiqara olmagan bo‘lsa, Malkolm Forbs ehtiyotkorlik bilan harakat qilgan va o‘z qiziqishlari ortidan faqat boyigan. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, uning boyligi 600 million dollarga etgan. Biroq tibbiyotning rivojlanishiga qaramay, u o‘z otasidan ham kam umr ko‘rgan - bu esa eski haqiqatning yana bir tasdig‘i - salomatlikni sotib olib bo‘lmaydi.


Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Forbes: Boy bo‘lishdan uyalmagan Malkolm Forbs