00:26 / 24.11.2017
9 632

Munajjimlar bashorati: 24 noyabr kuni yulduzlar sizga nimalarni va’da qilmoqda?

Munajjimlar bashorati: 24 noyabr kuni yulduzlar sizga nimalarni va’da qilmoqda?
QO‘Y (21. 03 — 20. 04)
O‘zingiz uchun juda qimmatli bo‘lgan odamlar, buyumlarni deb tavakkalchilikka yo‘l qo‘ymang. Aynan o‘shalardan ajralib qolishingiz xavfi bor. Bu ko‘proq suyukli insoningiz bilan ham bog‘liq bo‘lib chiqishi mumkin. Ba’zilar kun davomida lotereya o‘ynab katta pul yutib olishi mumkin. Pullarni esa ezgu maqsadlar uchun sarflashingiz aniq. Kechqurunga yaqin atrofingizdagilar qarshisida hurmatingiz osha borayotganini payqab qolasiz. Kechqurun uyda o‘tirib vaqt o‘tkazing.

BUZOQ (21. 04 — 21. 05)
24 noyabrda har bir tiyinni hisob-kitobda ushlashingiz shart emas. Bugun kechgacha moliyaviy ahvolingizni kutilganidan ham a’loroq darajada mustahkamlab olasiz. Yangi ish izlayotgan bo‘lsangiz ham, bugun orzuingiz haqiqatga aylanadi. Kun bo‘yi hamkasblarga ham ishlarni do‘ndirishda yordam qo‘lini cho‘zishingiz kutilmoqda. Kechqurun oila qurmaganlarni romantika va o‘ta yoqimli lahzalar kutadi.

EGIZAKLAR (22. 05 — 21. 06)
Kuningiz siz o‘ylaganchalik yorqin kechmasa-da, xush kayfiyatingizni ham hech kim buzmaydi. Mavqeingizni oshirish va shaxsiy baxtga ega bo‘lish uchun sizga barcha imkoniyat eshiklari ochiq. Boshni baland ko‘targan holda kirib boravering. Organizmingizda quvvat degani to‘lib-toshadi. Demak, har qanday vazndagi jismoniy zo‘riqishni ham ko‘tara olasiz. Faqat salomatlik haqida unutib qo‘ymang. Esda tuting, oddiy gigiyenaga amal qilmaslik ham oqibatda jiddiy xastaliklarga duchor etishi hech gap emas.

QISQIChBAQA (22. 06 — 23. 07)
24 noyabr kuni tijoratchilardan tortib ijodkorlargacha raqobatchilar bilan zimdan kurashib kun o‘tkazadi. Lekin kurashda halol usullardan foydalaning. Oilangizda kunning ikkinchi yarmiga borib mayda ko‘ngilsizliklar yuzaga kelishi mumkin. Xavotirlanmang, bundan ham battarlarini yo‘lga solib kelgansiz, bunisini ham uddalaysiz. Faqat bir narsani unutmang. Qarindoshlar, yaqinlar holidan tez-tez xabar olib turish kerak. Aks holda ular qattiq ranjishadi.

ARSLON (24. 07 — 23. 08)
Bugungi kun sizga qaynoq muhabbat va omad qurshovida bo‘lishingizni ta’minlashga va’da bermoqda. Nihoyat oila qurmaganlarning yolg‘izlikdagi hayoti ortda qoladigan bo‘ldi. Tanlaganingiz bilan bugun tasodifan uchrashib qolasiz. Ana shundan keyin jarayon tezlashgandan tezlashib, ko‘ribsizki, to‘y kuni belgilanadi. Moliyaviy masalada pulingiz juda ko‘p bo‘lishini orzulagan bo‘lsangiz, bu orzuingiz kechqurun haqiqatga aylanadi inshoolloh. Oldindan kattaroq katmon xarid qilavering. Yaxshi niyat yaxshi-da!

PARIZOD (24. 08 — 23. 09)
24 noyabrda kunning birinchi yarmi zerikarli va o‘zingizga yoqmagan ishlarni bajarish bilan o‘tishi mumkin. Lekin shu ishlar ham sizga ozmi-ko‘pmi daromad beradi. Tushdan keyin ilgari ham sizga pand bergan kimsa shubhali ish taklif etishi kutiladi. Rozi bo‘lmang. Shaxsiy hayotingizda juftingiz bilan orangizda ulkan okean paydo bo‘la boshlamoqda. Okean o‘rtasida qolib ketmaslik uchun sohilga choping va birinchi bo‘lib undan uzr so‘rang. Salomatlikni asrang. Immunitetni ko‘tarish payida bo‘ling. Bu ishda sizga bir-biridan sarhil mevalar yordam beradi.

TAROZI (24. 09 — 23. 10)
Hamkasblaringizning siz haqingizda keyingi payt qanday fikr yuritayotgani bilan imi-jimida qiziqib ko‘ring. Keyin esa shunga qarab xulosa yasayverasiz. Garchi tajribangiz oshib-toshgan bo‘lsa-da, vaqti kelganda kechagina ishga joylashganlardan ham nimalarnidir o‘rgansangiz bo‘ladi. Hozir zamon taraqqiylashib ketgan. Yangi g‘oyalar va usullar qo‘shimcha omad yo‘lini qurib olishingiz uchun asqotadi. Kechqurun qondoshlardan biri bilan janjallashib qolishingiz mumkin.

ChAYoN (24. 10 — 22. 11)
24 noyabr kuni janjallardan, xarxashalardan dam oling. Agar yangi sarguzashtlarni ko‘nglingiz tusayotgan bo‘lsa, ko‘ksingizga bir uring-da, professional kasbingiz doirasidagi ishlar bilan mashg‘ul bo‘ling. Chunki qaysi ko‘rinishda bo‘lmasin, sarguzashtlar bugun sizga naf bermaydi. Bugun sport bilan shug‘ullanish, salomatlikni mustahkamlashga qaratilgan muolajalar muvaffaqiyatli kechadi.

O‘QOTAR (23. 11 — 21. 12)
Ko‘ngilxushliklardan yuz buring, faqat foyda olib keladigan ishlar bilan band bo‘ling. Zararli odatlar, ko‘ngilxushliklar sizning ziyoningizga ishlaydi. Shaxsiy hayotingizda sokinlik, ahillik, xursandchilik hukm suradi. Kunning ikkinchi yarmida xizmat safariga jo‘nashingiz ehtimoli ham yo‘q emas. Kechqurun esa ba’zilar jufti bilan birgalikda tanishlardan birinikiga mehmon bo‘lib borishi kutiladi. Shu bilan birga kechqurun eski qadrdonlardan biri bilan tasodifan uchrashib qolishingiz ham mumkin.

TOG‘ EChKISI (22. 12 — 20. 01)
24 noyabr siz uchun xayrli, savob ishlar kuniga aylanay deb turibdi. Juda ko‘pchilikning og‘irini yengil qilasiz. Muammolarini yo‘l-yo‘lakay ijobiy hal eta borasiz. Kechki payt rahbarlar sizni xizmat safariga jo‘natishi mumkin. Moliyaviy masalada yoshi ulug‘, tajribali tanishlarga maslahat soling. Pul topishdagi muammolar shu qadar chalkashki, yolg‘iz o‘zingiz ularni bartaraf eta olmaysiz. Ayrimlar sabri chidamaganidan qarz ko‘tarishi ham ehtimolga yaqin.

QOVG‘A (21. 01 — 19. 02)
Oilangizda xuddi bahordagi kabi beg‘ubor muhit hukm suradi. Uydagilar bilan munosabatlaringiz esa bulutsiz osmonni eslatadi. Shunday muhitda bir umr qolishni kim ham xohlamaydi deysiz. Biroq ko‘chaga yo‘l olish lozim. Tirikchilik toshdan qattiq. Bu jannatni kechga qadar tark etishga majbursiz. Tadbirkor bo‘lsangiz, bugun tuziladigan barcha turdagi kelishuvlarning intihosi mo‘may daromad bilan bog‘liq bo‘ladi. Oilasizlardan kimdir ko‘chada ajoyib bir insonni uchratadi. Lekin bu uchrashuvni romantikaga aylantirishga shoshilmang. Odatda bunday uchrashuvlar yolg‘onga qorishiq bo‘ladi.

BALIQ (20. 02 — 20. 03)
24 noyabrda shaxsiy hayotingizda rosmana drama boshlanib, fojia bilan tugashi hech gap emas. Faqat qalbingizga quloq tuting. Qalbingiz xato qilishingizga yo‘l qo‘ymaydi. Kunning ikkinchi yarmida ilgari ham sizni sotgan kimsa yana yo‘lingizda ko‘ndalang bo‘lishi kutiladi. Bunday ko‘ngilsizliklardan, yomon xayollardan xalos bo‘lish uchun kechqurun uzoq vaqt toza havoda sayr qiling.

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Munajjimlar bashorati: 24 noyabr kuni yulduzlar sizga nimalarni va’da qilmoqda?