11:30 / 20.12.2017
7 001

Telbami yoki vali...?

Telbami yoki vali...?
Telbanamo bir kishi namoz o‘qish uchun masjidga kirdi. Ammo o‘tirmadi, atrofiga hayrat va qiziqish bilan diqqat qildi.
Uyoqqa qaradi, buyoqqa qaradi. Har bir burchakka diqqat bilan tikildi va qanday shoshilib kirgan bo‘lsa, shunday chiqib ketdi.

Birozdan keyin orqasiga bir to‘p bog‘langan o‘tin bilan masjidga qaytib kirdi va namoz o‘qish uchun jamoatda saflanganlar qatorida turdi. Orqasidagi o‘tinlar bilan qiynalib namozni ado etdi.

Egilib-turganida yerga tushgan o‘tinlar ovoz chiqarar, tabiiyki bu tovushlar jamoat namoziga xalal berdi. Namoz ado etilgan zahoti yig‘ilganlar o‘tinchiga norozi to‘ng‘illadilar. Past tortishuvlar, tanbehlar imomning ham qulog‘iga chalindi. Imom shu mahallada yashar, g‘aribning holidan ozmi ko‘pmi boxabar edi. Rahmdillik bilan aqli noqis deyilmishning yoniga yaqinlashdi va:

- O‘g‘lim, bu ahvolda namoz o‘qilmaydi. Orqangda o‘tining bor, sen qanday namoz o‘qiding? Ham o‘zingni, ham jamoatni behuzur qilding. Keyingi safar namoz o‘qigani kelganingda yuksiz kelgin, xo‘pmi?- dedi.

Telba ma’yus ammo ma’noli qaradi jamoatga:
- Odat emasmi bu?
- Qanaqa odat? – dedi imom.
Jamoat qiziqish va hayrat bilan voqeani kuzatayotgandi.

Telba javob qildi:
- Xojam, men namoz o‘qish uchun masjidga kirib qaradim, o‘zimga mos joy axtardim. Qarasam, jamoatga yig‘ilganlarning barchasining orqasida nimadir bor. O‘yladimki, bu bir odat ekan. Men ham tashqariga chiqib shu o‘tinlarni ortimga yuklab olib namoz o‘qidim. Nega hech kimga indamay, mendan g‘azablanayapsan? Tanbeh bersang hammaga birdek bergin, faqat menga emas-da!

Imom hayratlandi:
- Mening orqamda ham yuk bormi?
- Ha,- dedi telba.- Hammangizning ortingizda yuk bor.
Jamoatga yig‘ilganlar “Telba-da bu, jinni” deganday o‘zaro shivir-shivir qilib soqol-mo‘ylovi ostidan kulimsiray boshlashdi.

Telba jamoatning qarshisiga chiqar va erkaklarga ishora qilib beg‘ubor boladay, hayajon bilan hayqira ketdi:
- Ana, buning orqasida moviy ko‘zli bir bolakay turibdi. Manavining orqasida katta olma daraxti bor... Bunda siniq eshik, mana buning orqasida bir tovoq ovqat, anavining orqasida qovurilgan tovuq, uning orqasida ko‘zlari yashil, suluv xotin, anavining orqasida keksa onasi o‘tiribdi...

So‘ng ikki qo‘li bilan boshini quchib umidsiz ohangda:
- Hech kimning sirti bo‘sh emas, hammaning orqasi yukli!..- deya takrorlayverdi.
Telbaning bu gaplarinii eshitib hamma dahshatli hayrat bilan bir-biriga qaray boshladi.

Chunki aytganlari aynan to‘g‘ri edi. Kimdir tug‘ilajak bolasini, kimdir bog‘idagi mevalarni, birov sozlashi kerak bo‘lgan eshikni, kimdir yemakxonasi pishirishi kerak bo‘lgan taomni o‘ylayotgan edi namozida. Kimdir och, xayolida pishirilgan tovuq edi, birining hushi sevgan ayolida, boshqa biri esa parvarishga muhtoj onasini o‘ylayotgan edi.

- Xo‘sh, ayt-chi, namozda mening orqamda qanday yuk bor edi,-deya so‘radi imom.

Telba javob qildi:
- Hammadan ortiq sen hayratlantirding, xojam. Orqangda kattakon sigir bor edi!
Imomning sigiri kasal edi, “Sigir o‘ldimikan?” deya o‘ylagan edi namoz chog‘ida...

“Xarobot ahlini xor ko‘rma zinhor
Dafnga loyiq vayronalar bor”.

Har qancha bildirsang, ko‘rsatsang ham faqat yuragi borgina ko‘ra oladi, albatta...

Turk tilidan Umida ADIZOVA tarjimasi

Manba: Erk.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Telbami yoki vali...?