10:40 / 28.01.2018
6 889

Jasur bilan o‘zi ko‘ngil qo‘ygan yigitni solishtiradigan bo‘lib qoldi

Jasur bilan o‘zi ko‘ngil qo‘ygan yigitni solishtiradigan bo‘lib qoldi
‘‘Jasurning dadasi katta lavozimga ko‘­tarilganmish.’’ Bu yangilikni eshitib Uning xayoli bo‘lindi. ‘‘Endi Jasurning oshig‘i olchi. Unga tegadigan qizning ham baxti bor ekan, mazza qilib, boyvuchcha bo‘lib yashaydi…’’ Shunda U birzum o‘z kelajagini tasavvur qilib ko‘rdi: ko‘ngil qo‘ygan yigiti oddiygina oiladan: dadasi – haydovchi, onasi – uy bekasi, ikki uka va bir singlisi bor. Ular ko‘p qavatli uyda yashashadi. Yigitning aytishicha, turmush qurishgandan keyin ularga ajratilgan ikkita xonaning bittasida qayinsinglisi yashab turarmish. Jasur esa dang‘illama hovlida yashaydi. Kelinga atab yana yangi uy qurishayotganmish. U keyingi paytlarda shular haqida ko‘p o‘ylaydigan, Jasur bilan o‘zi ko‘ngil qo‘ygan yigitni solishtiradigan bo‘lib qoldi. Va bir kuni dugonasiga yorildi:

– Dugonajon, birinchi kursda o‘qiyotganimizda Jasurning menga sevgi izhor qilgani yodingdami? O‘shanda uning sevgisini bekor rad qilgan ekanman. Boyvuchcha kelin bo‘lib yurarmidim?! Hali ham kech emas, u menga boshqacha qarab yuradi. Bir imo qilsam bas, ortimdan soyadek ergashib qoladi.

– Voy, qiziq ekansan-ku, Zafardek kelishgan, alpqomat yigitni shu jikkakkina Jasurga almashmoqchimisan?

– Nima, Zafarning chiroyiga non botirib yeymanmi? Jasurga tegsam, malikalardek yashayman.

– Sen qiz esingni yeb qo‘yibsan. Gap faqat tashqi ko‘rinishida emas, Zafar juda aqlli, og‘ir-bosiq yigit. Eng muhimi, u o‘ziga ishonadi. Anavi Jasuringdek otasining amaliga, davlatiga tayanadiganlardan emas. Onasining erkatoyi, g‘irt takasaltang-ku uning…

Qizlar uzoq tortishishdi. Nihoyat dugonasi Uni fikridan qaytara oldi…

Yillarning yetovida oylar, kunlar o‘tdi. U Zafar bilan turmush qurdi. Bir o‘g‘il, bir qiz ko‘rishdi. Alohida uy-joyli, mashinali ham bo‘lishdi. Zafar kattagina firmaning rahbari. Eri xizmat mashinasida yurgani uchun oilaning mashinasini U haydab yuribdi. Qizini maktabga, o‘g‘lini bog‘chaga, keyin yana musiqa maktabiga, sport mashg‘ulotlariga olib boradi.

Bir kuni maktabdan qaytayotib, yo‘l chetida oyoqlari chalishib, gandiraklab kelayotgan bir mast kishini bexosdan mashinasida turtib yubordi. Qo‘rqib, mashinadan otilib tushdi-yu, yerga o‘tirib qolgan haligi odamning yoniga yugurdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, bu o‘sha – kursdoshi Jasur edi. Kayfi baland bo‘lganidanmi, yigit Uni tanimadi. Unga e’tibor ham bermay, amallab o‘rnidan turdi-da, bir ahvoldagi ust-boshlarini qoqa-qoqa, yo‘lida davom etdi…

U baribir yigitga achindi. Lekin turmush qurish masalasida unga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatgan dugonasidan mamnun bo‘ldi. O‘sha paytlarda ko‘ngliga: ‘‘Dugonam menga hasad qilyapti’’, degan shubha bir soniyaga bo‘lsa-da, soya tashlab o‘tganidan ichida xijolat tortdi.
INJU

Manba: mulohaza.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Jasur bilan o‘zi ko‘ngil qo‘ygan yigitni solishtiradigan bo‘lib qoldi