18:50 / 08.02.2018
6 892

Yaxshi odamlar

Yaxshi odamlar
Ko‘p odamlardan qarzdorman.
U qarzlarni sira ham uza olmasam kerak.
Kitobni Mardon O‘g‘uzga bag‘ishladim. Nega? Ishonsangiz, bu bola bilan umrimda uchrashmaganman.
Bekorchiga o‘xshab feysbukda o‘tiradi. Qachon qarama, shu yerda. Yo internet tekin va cheksiz. Yoki bekorchi. Shu bola feysbukda “Yaxshi odamlar” degan bir guruh ochdi. Maqsadi – odamlarni yaxshilikka chorlash. Siz bu guruhga a’zo bo‘lasiz va hayotingizda kimdan va qanday yaxshilik ko‘rgan bo‘lsangiz, shuni yozib qoldirasiz. Keyin uni o‘qib qolganlar yaxshilikni tushunadi va o‘zi ham yaxshi odam bo‘lgisi kep qoladi. Axir, uni kimdir yaxshi odam deb orqavarotdan maqtab tursa, yomonmi?
Mardonning guruhi menga ko‘p odamlardan qarzdor ekanimni qayta yodga soldi. Ilgari ham menga yaxshilik qilgan odamlar haqida yozishni niyat qilib yurardim. Ammo bu guruh shu niyatimni qat’iylashtirdi. Qo‘limga qalam olib “Bismillah” deb boshladim. Kitobni nega yozyapman?
Odamlar bu kitobni o‘qib qalblarida yaxshilarga nisbatan muhabbat uyg‘onsa.
Odamlar bu kitobni o‘qib, atroflaridagi yaxshilarni tanisalar, kerak bo‘lsa, ularni o‘zlari uchun kashf etsalar va ularning qadriga yetsalar.
Odamlar bu kitobni o‘qib, yaxshilikning chegaralarini anglasalar va o‘zlari ham yaxshi, yana ham yaxshiroq odamga aylanish istagida yonsalar, shu yo‘lda harakat qilsalar.
Qisqasi, shu.
Ochig‘ini aytganda, bu kitobda menga yaxshilik qilgan odamlar haqida alohida-alohida yozmoqchiman. Bu, balki, umuman qiziq tuyulmas. Axir, men kimu, menga qilingan yaxshilikning boshqalarga qanday ahamiyati bor? Gap unda emas. Gap shundaki, Siz bu xotiralarni o‘qib, o‘zingizga qilingan yaxshilikni eslasangiz...

HIKOYaT

“Donishmandning oldiga bir odam keldi:
–Menda halovat yo‘q. Doim kasalman. Yeganim ichimga tushmaydi, – deb shikoyat qildi.
Donishmand dedi:
–Senga baxtli yashash sirini o‘rgataymi? Ikki narsani unut: o‘zingga qilingan yomonliklarni va o‘zing birovlarga qilgan yaxshilikni. Ikki narsani yodda tut: senga qilingan yaxshilikni va o‘zing boshqalarga yetkazgan ozorlarni”.
Ushbu kitobni baxtli bo‘lish istagida yozdim.
Kitob tufayli hosil bo‘ladigan savob shu kitobda ismlari zikr etiladigan barchaga, shu jumladan, Mardonga ham yozilishini Allohdan so‘rab qolaman.
Akrom Malik, bloger

Manba: Sof.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Yaxshi odamlar