19:10 / 09.02.2018
4 801

Miyani ishlatishdan aslo cho‘chimang

Miyani ishlatishdan aslo cho‘chimang
Miya faoliyatiga nazar tashlasak, u biz o‘ylaganimizdan ko‘ra boshqacharoq ekanini bilamiz. Bunga esa quyidagi besh psixologik omil yordam beradi.

Xato qilishdan qo‘rqmang
Odamlar xato qilmaydigan insondan ko‘ra xatoliklarga yo‘l qo‘yib turadiganlarni ko‘proq yoqtiradi va esda saqlab qoladi. Chunki xatolar kishining insonparvar va o‘ta ziyrak bo‘lishiga yordam beradi. Mukammallik esa atrofdagilar va o‘zi o‘rtasida jarlik paydo qiladi. Psixolog Elliot Aronson shunday tajriba o‘tkazdi: tinglovchilarga odamlarning qahva ichayotgani va ayrimlarning idishlarni tushirib yuborgan audio yozuvini qo‘yib berdi. Natijalar ko‘rib chiqilganda, tinglovchilarda qahvasini to‘kib yuborganlar yaxshiroq taassurot qoldirgani aniqlandi.

Umidingizni uzmang
Agar biron narsaning sodir bo‘lishini umid bilan chin dildan kutsangiz yoki shunga qattiq ishonsangiz, ajoyib kunlarning birida, u, albatta, sodir bo‘ladi. Bu «Pigmalion» deb nomlanuvchi omil hisoblanib, biror narsaning haqiqatligiga yoki sodir bo‘lishiga qattiq ishonishdir. Amerikalik psixolog Robert Rozental ushbu «Pigmalion»ni amalda tadqiq qilib, u o‘quv yilining boshida o‘qituvchilarga o‘zlashtirishi eng yuqori bo‘lgan o‘quvchilar ro‘yxatini ko‘rsatdi. O‘qituvchilar esa buni haqiqatga mos kelmasligini ta’kidlashdi. Shunda Robert o‘quvchilarning familiyasini taxminan tanlab, yangi ro‘yxat tuzib qo‘ydi. O‘quv yilining so‘ngida esa, u tanlagan o‘quvchilarning o‘zlashtirishi qolganlarga nisbatan sezilarli darajada oshdi. O‘qituvchilar o‘z o‘quvchilarining shunday natijaga erishishiga qattiq ishongani va kutgani buni haqiqatga aylantirdi.

Tanlashdan charchamang
Bozordan yoki do‘kondan biron nima sotib olib, so‘ng bundan afsuslangansiz. Yoki dugonangiz ko‘ylak sotib olganida uni ko‘rib, «bekor shoshibman, endi olsam bo‘larkan», deya pushaymon bo‘lgansiz, albatta. Oldingizda juda katta tanlov imkoni bo‘lsa-yu, biroq yakunda uzil-kesil, aniq bir qarorga kelgan bo‘lsangiz, hatto, shunday holatda ham keyin o‘z tanlovingizdan afsuslanishingiz mumkin. Chunki bu «tanlash paradoks»idir: qachonki tanlash imkoni keng ekan, kishi o‘z qaroridan mamnun bo‘lishi qiyin.

Yordam kutmang
Agar sizga yordam kerak bo‘lsa, uni olomon ichidan qidirmang. Bu «guvohlar ta’siri»ni keltirib chiqaradi. Bu nazariyani psixologlar Bibb Latan va Jon Darli ishlab chiqqan. Ular buni tajribada ham sinab ko‘rgan. Tajribadagi inson bir kishiga yordam kerakligini va bunga yagona o‘zi guvoh bo‘lib turganini his qilganda 85 foiz odam yordamga shoshiladi, yonida yana bir boshqa shaxs borligini bilganda 65 foiz, undan tashqari yana to‘rt nafar odam borligini bilganda faqat 31 foiz darajada yordamga keladi.

Ko‘p hollarda ko‘chada yo‘l transporti hodisasi yoki boshqa bir ko‘ngilsiz voqea sodir bo‘lganda, to‘planganlar yordam berish uchun harakat qilmay, «kimdir yordam qilar» yoki «kimdir tez yordam chaqirayotgandir» kabi xayollarga beriladi. Hamma mas’uliyatni boshqa birovga yuklaydi. Agar shu holatga bir kishi guvoh bo‘lsa, unda u o‘zining yagona guvoh ekanini tushunadi va aniq, qat’iy harakat qiladi.

E’tibordan xijolat chekmang
Ko‘cha-ko‘yda yurganda hamma vaqt atrofdagilar sizga qarayotgandek tuyulishi — tasavvuringizdagi o‘yin, xolos. Yanglishgandagi har doim bo‘ladigan xijolatomuz hayajon va o‘ziga ishonchsizlik aslida bu haqiqatni anglatmaydi. Atrofimizdagi odamlar xatolarimizga biz o‘ylagandan ancha kam e’tibor beradi. Mutaxassis psixologlar jamoasi bir guruh yoshlarga g‘alati futbolkalarni kiyib ko‘chada yurishlarini va ularga qancha odam e’tibor qaratganini aytib berishlarini so‘raydi. Natijalarga ko‘ra, atrofdagilarning e’tibori ular o‘zlari his qilgandan ikki barobar kam bo‘lib chiqdi. Shunday ekan, boshqalar e’tibor markazida o‘ylaganingizdan kamroq bo‘lasiz. Ya’ni, odamlar gavjum joylarda o‘zingizni erkin va xotirjam his qilishingiz mumkin.
Dilfuza QOSIMOVA

Manba: od-press.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Miyani ishlatishdan aslo cho‘chimang