16:27 / 12.02.2018
6 102

Begingizning burji muhabbatidan so‘zlaydi

Begingizning burji muhabbatidan so‘zlaydi
Turmush o‘rtog‘ingizning fe’l-atvorini nafaqat bilishingiz, balki tushunishingiz ham kerak. Shunda oilaviy munosabatlar iliq va mustahkam bo‘ladi.

Hamal: e’tiborni yoqtiradi!
Oilaviy hayotning ilk yillaridanoq bu burj vakillari har bir masalaga mas’uliyat bilan yondashishadi. Ular uchun hal etilmaydigan muammoning o‘zi yo‘q. «Hamal» erkak o‘z muhabbatini oshkor qilavermaydi. Ammo unga e’tibor ko‘rsatishingiz muhim.

Begingiz sarishtalik tarafdori ekanini bilasiz. U uyga kirib kelganida xonadoningiz chinni-chiroqdek turishi lozim. Shirin taomdan ham afzali esa sizning aqlu zakovatingiz. Suhbatga ochiqlik, mehmondo‘stlik yana bir yutug‘ingizdir. Yana vaqti-vaqti bilan orzu-umidlaringizni aytib, uni to‘lqinlantirib turishingiz kerak.

Savr: tartib qat’iy!
Agar siz tejamkor, uddaburon, pazanda, ishonchni suiste’mol qilmaydigan va har qanday vaziyatda juftini tushuna oladigan ayol sanalsangiz, demak, «Savr» janobi oliylari orzusidagi inson bilan oila quribdi. Biroq eringiz shu burj ostida tug‘ilgan bo‘lsa-yu, yuqoridagi sifatlar sizda ko‘zga tashlanmasa... ularni o‘zlashtirishingiz shart! Qolaversa, tartibsevar eringizni tushunmasangiz bo‘lmaydi. «O‘zlari ham farishta emaslar-ku» deysizmi? Albatta, u ham xatoga yo‘l qo‘yadi. Arzimaslariga ko‘z yumish, kattaroqlari esa qayta takrorlanishining oldini olish kerak. Xavotirlanmang, quvonarlisi, bu burj vakillari rafiqasiga bergan va’dasining ustidan chiqadiganlardan.

Javzo: atrofingizda parvona bo‘ladi, ammo...
Eh, bu romantik «Javzo»lar! Shirin so‘zlari bilan hushingizni olishadi, maqtovlarni ayamay yog‘dirishadi, eng muhimi esa gina saqlashmaydi. «Janjalsiz uy yo‘q» deganlaridek, vaqti-vaqti bilan bo‘lib turadigan kelishmovchilarni tez unutishadi. Ko‘cha-ko‘yda, do‘stlar davrasida yurish ularga yoqadi. Ostona hatlashi bilan tergov qilishlaringiz ularni zarracha ham cho‘chitmaydi. E’tirozlar, ayblovlar bilanmas, bosiqlik, biroz ayyorlik bilan uning e’tiborini oilaga tortish kerak. Bahslashish, tanqid qilish, erkinligini bo‘g‘ish yorijoningizni sizdan uzoqlashtirishini esda tuting. Do‘stona munosabat qanotingiz bo‘lsin!

Saraton: sevgi va ishonch!

Avvalo, gapni «Saraton»larga qanday fe’lli ayollar yoqishidan boshlasak. Ular ko‘ngil kishisi bo‘lganliklari uchun ham nozik tabiatli, his-tuyg‘ularga boy, oilaviy qadriyatlarni hurmat qiluvchi, bir gapdan qoladigan ayolnio‘zlariga munosib juft deb bilishadi. U esa... Uni boricha qabul qiling. Muhabbatingizni va uning uchun ko‘ngil eshiklaringiz ochiqligini doim his qilib turishi kerak. Eng quvonarlisi, oila davrasida bo‘lishni yaxshi ko‘radi. Ammo oilaviy muammolardan biroz cho‘chiydi. Uy bekasi sifatida qaynonangizdan andoza oling. Sevishingiz va ishoningizni tez-tez aytib turing.

Asad: hamisha himoyadasiz!
Bo‘ydoqlik davrida naq o‘zlarini oq otli shahzoda sanaydigan «Asad» larda qarama-qarshi jins vakillarining mehrini qozonishda muhim sanalmish xislatlar bor. O‘zlariga bo‘lgan ishonch, ayniqsa, e’tiborga loyiq. Oila qurgach, qirolga aylanishadi. Doim o‘z qo‘rg‘onlarini himoya qilishadi. O‘ziga oro beruvchi, ichki ishonchi baland, tuyg‘ulari rang-barang, doim minnatdorlik hissi bilan yashovchi ayolni qadrlashadi. Bu burj vakillari bilan kechadigan oilaviy hayotni bir tomondan ertakka mengzash mumkin. Hammasi xuddi xayolingizdagidek... Biroq ikkinchi tomondan ular o‘ta qaysar va uyda faqat o‘zlarining gaplari gap bo‘lishini istashadi. Lekin sizginaning ham o‘z xohish-istaklaringiz bor. Nima ham qilardingiz, o‘z istaklaringizni unikiga aylantirasiz-da, endi. Ya’ni «Men shuni istayman» deb emas, «Siz mana shunday bo‘lishini istarmidingiz?» deb biroz hiylakorlik bilan so‘z boshlaysiz.

Sunbula: ro‘zg‘oringiz bus-butun!
Mazkur burjda tavallud topgan erkaklar juda ro‘zg‘orbop bo‘lishadi. Muzlatkich buzildimi — tuzatishadi, suv quvuri tiqilib qoldimi — santexnik chaqirish shartmas, o‘zlari bor! Lekin sizdan ham mas’uliyat, sarishtalik, chaqqonlik va ishonch talab etiladi. Gullar, ajabtovur sovg‘alarni kutib ko‘pam xafa bo‘lmang. Axir ishning ko‘zini biladigan odam bilan turmush qurgansiz. Xullas, biz ularni toshyurak deya olmaymiz. Hissiyotlar muhim. Ayniqsa, soxtalik va beparvolikni zumda sezishadi. Ijobiy xislatlarini maqtab-maqtab, boshqa ijobiy jihatlar namoyon bo‘lishiga yo‘l ochish o‘z qo‘lingizda.

Mezon: jentlmenmisan jentlmen!
O‘ta madaniyat bilan muomala qilishi, ko‘zni quvnatadigan sovg‘alar... xullas, bunday insonni sevmay bo‘ladimi?! Faqat bu sevgining rashki ham yomon-da! Negaki... u ayol zoti borki, bariga chiroyli munosabat qilish kerak, deb o‘ylaydi. Siz uchun esa bu xiyonat! Hay, hay, yurakda shunday olov yonganida shaytonga hay bering. Hissiyotlarni nazorat qiling. Aql va tuyg‘uni tarozining teng pallasida ushlash darkor. Aslida, unga chimdimgina rashkingiz, noz aralash qizg‘onishlaringiz yoqadi. Bundan ortig‘i – ortiq! Xonadoningiz esa serhasham ko‘rinsin. Shunda doim ishdan uyga shoshadi.

Aqrab: muz va olov
Taqdiringiz o‘ta sovuqqon va bir vaqtning o‘zida juda otashqalb inson bilan bog‘langan ekan. Uning fe’l-atvorini o‘rganaman deb ko‘pam ovora bo‘lmang. Shunchaki tinch va osoyishta muhit yaratib bersangiz, o‘zi yonib, o‘zi sovib oladi. «Aqrab»jon bilan muhabbatu baxt og‘ushida yashay desangiz, biroz o‘yinqaroq, quvnoq, donishmand, sirli, vaqti kelganida esa kuchli bo‘lishingiz lozim. Bir xillikdan zerikuvchi juftingiz uchun aktrisaga aylansangiz yutqazmaysiz. Eng muhim shart: tuyg‘ularini hurmat qiling! Ko‘nglini ochmagani bilan qalbi nozik. Uyda esa u o‘zining xonligini his qilsin!

Qavs: muhabbat har nedan ulug‘!
Optimistik kayfiyati, har doim kulib turishi va ichki energiyasi bilan ayollar e’tiborini o‘ziga tortuvchi bu burj vakillari bilan oila qurgan bo‘lsangiz, havasdamiz! Mayda-chuydalar uchun asabni buzmasliklari, har narsadan janjal yasamasliklari tahsinga loyiq. Salbiy jihatlari ham bor. Masalan, muammo tug‘ilsa, qochishga joy izlab qolishadi. Qat’iyatli bo‘lishga siz o‘rgatasiz-da, endi. O‘qituvchi kabimas. Sevgingiz bilan! Ko‘ngliga yo‘l topsangiz, Alpomishga aylanadi! Ular madaniy hordiq tarafdori ekanligini ham inobatga oling.

Jadiy: xomxayollarga berilmang!
Doimo hayotga real ko‘z bilan qarovchi «Jadiy»lar tartibsevardir. Ular aql bilan ish ko‘rishadi. Aldab-suldab o‘zingizga og‘dirib ololmaysiz. Bu bir tomondan, omadingiz ham, begona ayollarning qarmog‘iga ilinishmaydi-da.

Juftingiz uchun er-xotin munosabatlari emas, ish, karera, mavqe birinchi o‘rinda turadi. Ko‘ngilni cho‘ktirmang. Ayni xislatlarini bot-bot e’tirof etib, qalb qulfini ochasiz. O‘zaro suhbatlaringiz ham aniq va qisqa kechadi. Ya’ni gapni uzoqdan boshlab o‘tirmang, bu uning jig‘iga tegishi aniq. Oilaviy qadriyatlarni hurmat qiladi. Turmush tarzida birdaniga katta o‘zgarishlar yasashni istamaydi. Shu tufayli oilaviy hayotga kichik yangilikni ham yetti o‘lchab, bir kiriting va albatta, bosqima-bosqich. Sabr, aql va har bir harakatni o‘rnida amalga oshirish bilan oilaviy baxtingizni ta’minlaysiz.

Dalv: eng yaxshi do‘st
So‘zlari, tabassumi bilan sehrlab qo‘yuvchi «Dalv»lar avvalo, qiziqarli suhbatdoshdirlar. Ular bilan ro‘zg‘or muammolarini ham kulguga olib, yengib ketaverasiz. Muhabbatning asosida do‘stlik yotishi kerak deb sanashadi. Talabchanligi va o‘z prinsiplariga sodiqligini e’tiborga olib muomala qilsangiz, adi-badi aytishib yurmaysiz. O‘tgan kunlarni, bo‘lib o‘tgan dilxiraliklarni qayta-qayta eslatmaslikni ham maslahat beramiz. Ular buguni bilan yashashadi. Kirishimli va gapga to‘n kiydiradigan, ayniqsa, chiroyli ayollarni maqtashga usta. Begingizning bu xislatlarini qusurga yo‘ymang. Aksincha, hamma maqtov, jamiki shirin so‘zlar sizga atalishi uchun harakat qiling.

Hut: qahramon oshiq!
«Hut»larning muhabbati dengizga o‘xshaydi. Goh sokinlik hukmron, goh to‘lqinlar mavj uradi. Ular sevgan ayollari uchun osmondagi oyni olib berishga ham tayyor. Ha, yaxshi ko‘rib qoldilarmi — tamom, hamma qurbonliklaru qahramonliklarga tayyordirlar. Bu toifa erkaklar uchun his-tuyg‘ular birlamchi! Sizdan ham shu talab etiladi. Muhimi, ko‘ngliga ozor yetkazishdan saqlaning. Bozor-o‘char, tuzatish-ta’mirlashga unchalar hushlari yo‘q, ammo mehr bilan yordam so‘rasangiz, hammasini uddalaydi. Goh-gohida yolg‘iz qolishni ko‘ngillari tusaydi. Ular shunday hordiq oladilar, axir.
Internet materiallari asosida MUXLISA tayyorladi.

Manba: darakchi.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Begingizning burji muhabbatidan so‘zlaydi