19:26 / 03.04.2018
10 357

Rizq kengayib-torayadimi?

Rizq kengayib-torayadimi?
Bu savolga Kalomullohdan javob izlaymiz. Alloh taolo aytadi: “Alloh o‘zi xohlagan kishilar rizqini keng qiladi, (O‘zi xohlagan kishilar rizqini) tor qiladi. (Mushriklar)mana shu hayoti dunyo bilan xursand bo‘ldilar. Holbuki, bu dunyo hayoti oxirat oldida faqat bir arzimas matohdir” (“Ra’d” surasi, 26-oyat).

Boyliklari bilan kambag‘al musulmonlardan ustunlikni da’vo qilayotgan mushriklar bilib qo‘ysinlar: Alloh bandalari ichidan xohlaganining rizqini keng yoki tor qilib qo‘yadi. Mushriklar Alloh tarafidan rizqlari keng qilinganidan quvonishmoqda. Vaholanki, Alloh mo‘minga ham, kofirga ham rizq beraveradi. Kishi qo‘lida mol-dunyo borligi uning haq yo‘ldaligini bildirmaydi. Zero, bu dunyo ziynatlari tezda yo‘q bo‘ladi. Haqiqiy hayot oxirat hayotidir. Chinakam baxt-saodat oxirat kuni Alloh roziligiga erishib, jannatga kirishdir.

Boshqa oyatda shunday deyilgan: “Albatta Rabbingiz O‘zi xohlagan kishilar rizqini keng qiladi, (O‘zi xohlagan kishilar rizqini) tor qiladi. Albatta U bandalaridan Xabardor, (ularni) ko‘rib turuvchi Zotdir” (“Isro” surasi, 30-oyat).

Ya’ni, ey Muhammad, shak-shubhasiz Rabbingiz O‘z hikmati bilan xohlagan bandasiga behisob rizq beradi, xohlagan bandasi rizqini tor qiladi. U Zot bandalari holatidan Xabardordir. Kimga boylik xayrli bo‘lsa, uni boy qilib qo‘yadi. Shu yo‘l bilan bandalarini sinaydi. Kimga kambag‘allik xayrli bo‘lsa, uni faqir qilib qo‘yadi yoki qo‘likaltalik bilan imtihon qiladi. Alloh bandalarining har bir harakatini ko‘rib turadi.

Hasan Basriy rahmatullohi alayh: “Alloh bandasiga nazar soladi. Agar boylik bandaga yaxshilik keltirsa, uni boy qilib qo‘yadi. Agar kambag‘allik manfaatli bo‘lsa, o‘sha bandani kambag‘al qilib qo‘yadi”, degan (Ibn Abu Hotim rivoyati).

Alloh taolo aytadi: “Alloh bandalaridan O‘zi xohlagan kishilar rizqini keng qiladi, (O‘zi xohlagan kishilar rizqini) tang qiladi. Albatta Alloh barcha narsani Biluvchidir” (“Ankabut” surasi, 62-oyat).

Rizqni yaratish, taqsimlash Alloh zimmasidadir. Xohlagan bandasini boylik bilan, xohlaganini kambag‘allik bilan sinaydi U Zot. Ammo tirik mavjudotlardan birontasi rizq-nasibasiz qolib ketmaydi. Shunday ekan, muhtojlik xavfi sizlarni ibodatdan, solih amallardan to‘sib qo‘ymasin. Zero, Alloh barcha narsani bilib turadi.

Mana bu oyatda mo‘minlar ibratlanishga chaqirilgan: “Axir ular Alloh O‘zi xohlagan kishilar rizqini keng qilishini, (O‘zi xohlagan kishilar rizqini) tang qilishini bilmaydilarmi?! Albatta bunda imon keltiradigan qavm uchun oyat-ibratlar bordir” (“Rum” surasi, 37-oyat).

Ular farovonlik ham, tanglik ham Alloh taolodan ekanini bilmaydilarmi? U Zot buni adolati, hikmati bilan amalga oshiradi. Ularga ne bo‘ldiki, serobchilikda Allohga shukr qilmaydilar, mashaqqatlarga sabr etmaydilar? Agar ular farovonlik bilan qiyinchilik Alloh tarafidan ekanini bilishganida, dunyoning arzimas matohiga erishganda sevinib ketishmas, rizqlarida tanglik bo‘lganida vahimaga tushishmasdi. Bu ikki holatda Allohga, qiyomat kuniga ishonadiganlar uchun katta ibrat bor.

Alloh taolo shunday degan: “(Ey Muhammad:) “Albatta Rabbim O‘zi xohlagan kishilar rizqini keng qiladi, (O‘zi xohlagan kishilar rizqini) tor qiladi”, deb ayting. Lekin ko‘p odamlar (buni) bilmaydi” (“Saba’” surasi, 36-oyat).

Ya’ni, ey Muhammad (sollallohu alayhi va sallam), ularga: Rabbim boylikni suygan, suymagan bandasiga beraveradi. Xohlagan bandasi rizqini keng qiladi. Bu narsa Alloh uni yaxshi ko‘rishini bildirmaydi. Xohlagan bandasi rizqini tor qiladi. Bu, o‘sha bandaning Alloh dargohidagi martabasi pastligini anglatmaydi, deb ayting. U Zot O‘z hikmati bilan shunday qiladi. Ammo ko‘pchilik buni tushunmaydi.

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Rizq kengayib-torayadimi?