— Hali bunisi holva. — davom etdi kapitan yonidagilarga bir-bir qarab chiqib. — Gaz to‘ldirilgan karserda yarim soat o‘tirsang, bilasan.
— Kapitan, xotining juda chiroyli ekan-a? — xayolimga kelgan gapni qaytarib o‘tirmadim. — Bir ko‘rganim bor edi. Qomati ko‘zni qamashtiraman deydi-ya!.. Hoynahoy to‘shakdayam uncha-muncha erkakni yettinchi osmonga olib chiqib qo‘yadiganga o‘xshaydi. Bilib qo‘y, ozodlikda shunaqa xushro‘ylarga xushtor bo‘la oladigan bratvalarimiz bor. Bir og‘iz shipshitsam, xotiningni darrov ilintirishadi. O‘ylab ko‘r!..
Shu gapim kapitanga qattiq ta’sir qilgani uning ko‘zlarini ola-kula qilib javdirashidan sezilib qolgandi. U oyog‘i kuygan tovuqdek tipirchilay-tipirchilay, askarlarga buyurdi:
— Hozircha kamerasiga olib boringlar!.. Turma boshlig‘ining o‘zi keyinroq hal qilar!..
* * *
Kamera tomon meni askarlar emas, o‘zimni yo‘lga kuzatib qo‘ygan nazoratchi olib ketdi. U ortimda ketib borarkan, turma xodimlaridan uzoqlashishni kutdi chog‘i, yo‘lak bo‘ylab borib chapga burilganimiz hamono menga so‘z qotdi.
— Yuragingga qoyilman, Burgut! Joning ham ko‘zingga ko‘rinmas ekan-a vey!
— Qo‘rqsam, turmangda o‘tirarmidim? — dedim sovuqqonlik bilan. — Anavi o‘ziyam yemaydigan, birovgayam bermaydigan itlaringdan qo‘rqaymi? Kim bo‘pti ular?
— Lokigin… Kapitanni boplading! — dedi nazoratchi kulib. — Xotinchasini o‘lguday yaxshi ko‘rishini bilgan ekansan-da!..
— Balki bilgandirman. — hafchalasizlik bilan javob qaytardim.
Ochig‘i nazoratchilargayam o‘ta ishonib yuborish yaramaydi turmada. Hammasi do‘mbirachi. Sendan gap oladi-da, likillab borib yo navbatchilik qismiga, yo tezkor guruh boshlig‘iga sotadi. Shuni bilganim bois ortiq gapirib o‘tirishni o‘zimga ep ko‘rmadim.
— Uyoqdan menga biror nima olib kelmadingmi? — oraga cho‘kkan jimlikni buzib so‘radi nazoratchi. — Har holda yordam bergandim.
— Ha, bratvalarning salomlarini olib keldim senga. — dedim hamon sir boy bermay. — Senga hurmatlari oshibdi.
— Hurmatini pishirib yermidim o‘sha bratvalaringni? — norozi to‘ng‘illadi nazoratchi. — Menga taka bo‘lsin, sut bersin! O‘shanisidan gapir, xumpar!
— Olasan o‘sha aytganingni. Tolyan quruq qo‘yadiganlardan emas. Albatta seni mukofotlaydi.
— Mana bu erkakcha gap bo‘ldi. — deya nazoratchi meni qadrdon kameram ro‘parasida to‘xtatdi va o‘zi sharaqlatib eshikni ochdi. — Kamerangda yangi kelgan bir aristondan bo‘lak hech zog‘ yo‘q. Hammalari ishga ketishdi. Maza qilib damingni olaver!
— Kim u yangi kelgan ariston? — so‘radim. — Anavinaqalardan emasmi ishqilib?
— Bilmadim. — dedi nazoratchi aftini bujmaytirib. — Uyog‘ini o‘zing aniqlab olaver! Ja ustasan-ku!..
Ichimda nazoratchini so‘ka-so‘ka kameraga kirdim. Haqiqatan o‘ng burchakdagi karavotda aftini sepkil bosgan, chamasi o‘n to‘qqizlar atrofidagi bir rus yigiti yotar, yotgan yerida papiros tutatardi.
* * *
Ariston meni ko‘rdi-yu, sakrab o‘rnidan turdi va yugurib borib qo‘lidagi papirosni stol ustidagi allyumin kuldonga tashladi.
— Kimsan? — qovog‘imni uyib so‘radim undan.
— Vityaman. — sal cho‘chibroq javob qildi ariston.
— Xo‘sh, Vitya, nechanchi «xodka»?
— B-birinchisi. — dedi tutilib u.
— Nega qamalding?
Vitya bosh egdi. Bu holatini ko‘rib miyamga darrov «Nomusga tekkan shekilli» degan xayol keldi va mushtlarimni tugib unga yaqinroq bordim.
— Nima, suyak tiqilganmi tomog‘ingga? Namuncha shalviraysan? Gapir!
— O-otamni o‘ldirib qo‘ydim. — boshini yerdan olmay dedi Vitya.
— Nima?.. O‘z otangni-ya?..
— Ha, — endi Vitya boshini ko‘tarib ko‘zlarimga tik boqishga jur’at etdi. — O‘z otamni o‘ldirdim.
Uning bu yuzsizligi negadir g‘ashimni keltirdi. Lekin qo‘l ko‘tarishga shoshilmadim.
— Mayli, — dedim karavotim tomon ketayotib. — Hali bratvalar kelsin-chi, ko‘ramiz.
— N-nimani? — so‘radi Vitya rangi oqarinqirab.
— Nimani bo‘lardi? Hali sen ro‘yxatdan o‘tishing lozim. Biroq o‘z otasini o‘ldirgan odamning ro‘yxatdan o‘tishi ancha mushkul-ov. Bratvalar kechirishmaydi bu ishingni.
Shunday dedim-u, karavotimga cho‘zilib, ko‘zlarimni yumdim.
* * *
Kechqurun kameradoshlar keldi. Barchalari bilan quchoq ochib ko‘rishgach, gapni cho‘zib o‘tirmay, Vitya masalasini ko‘ndalang qo‘ydim.
— Xo‘sh, hurmatli aristonlar, bizning yangi ariston o‘z otasini o‘ldirib qo‘yibdi. Qanday o‘ldirganini bilmadim-u, biroq shu ish bo‘libdi. Nima qilamiz?
Aristonlar mening «razbor» boshlamoqchi ekanimni darrov anglashdi va avvaliga bir-birlariga savol nazari bilan qarab olishdi.
— Oldin o‘zi bir boshdan gapirib bersin! — dedi rassom Vasya.
— Juda to‘g‘ri, — ma’qulladi qariya. — Biz nega o‘ldirganini bilishimiz kerak-ku!
— Qani, Vitya, boshla! — dedim aristonga yuzlanib. — Nega tek o‘tiribsan?
— Xullas, otam yuradigan qizimga tegajog‘liq qilgan ekan.
— Nima?.. — negadir kulgim qistab o‘tirganlarga hayrat aralash boqdim. — Yuradigan qizingga tegajog‘liq qildi? Otang-a?.. Nima, onang yo‘qmi?
— Onam o‘lib ketganiga o‘n yil bo‘ldi.
— Sen otangning shu ishini ko‘rdingmi?
— Yo‘q, — dedi Vitya yerdan ko‘z uzmay. — Kseniyaning o‘zi aytgandi.
— Ha-a, demak, o‘sha yuradigan qizingning ismi Kseniya, shundaymi?
— Shunday.
— Sen shu gaplarga ishondingmi? Balki, Kseniyang yolg‘on gapirgandir?
— U yolg‘on gapirishni bilmaydi.
— Ja mahmadona ekansan-ku! Otang-chi? U yolg‘onchimi?
— Ha, u meni ko‘zimga qarab turib aldadi… Yaramas…
— Aybini bo‘yniga qo‘ydingmi ishqilib?
— Kimning aybini?
— O‘zingam sal ovsarroq ko‘rinasan, Vitya? Boyadan beri qulog‘ingga tambur chalyapmanmi? Otangning aybini, otangning!..
— Shu gap rostmi-yolg‘onmi, so‘ragandim, u yuzimga tarsaki tortib yubordi.
— Demak, yolg‘on ekan-da!
— Yo‘q, meni do‘pposlayotib «ha, tegindim! Nima deysan? Qo‘lingdan nima keladi?» deb qichqirdi.
Bu gapni eshitib aristonlar baravariga kulib yuborishdi. Men bo‘lsam sir boy bermay, so‘rashda davom etdim.
— Marhumning yoshi nechadaydi?..
— Oltmishdan oshgandi.
— Badavlat odammi?
— Ha, raypoda omborchi edi.
— Otangni qanday yo‘l bilan o‘ldirding?
— Tushunmadim. — ko‘zlarimga javdirab boqdi Vitya.
— Nega tushunmaysan, vaysaqi? Nima bilan o‘ldirding? Bo‘g‘ibmi, pichoqlabmi…
— Pichoqlab. — Bu gal Vityaning ovozi titrab chiqdi.
— Afsuslanmaysanmi otangning boshiga yetganingdan? — so‘radim undan ovozimni hiyla pasaytirib.
— Yo‘q! — boshini baland ko‘tarib javob qildi Vitya. — Unday ifloslarni tiriklay ko‘msayam kam.
— Yo alhazar! — deb yuborishdi aristonlar baravariga.
Men azbaroyi g‘azabim kelsa-da, bazo‘r o‘zimni qo‘lga olib Vityaning bo‘ynini changalladim.
— Bir gapim esingda bo‘lsin jo‘jaxo‘roz, — dedim hammaga eshittirib. — Shalag‘i chiqib borayotgan erkak tishlari tushib ketgan qari itday gap. Suyakni eplab g‘ajiy olmasa-da, yopishib irillayveradi. Ammo bu gap bilan otangni ayblamoqchi emasman. Keksayib qolganiga pisanda qildim xolos.
Vitya bu suhbatimizning qanday yakun topishi mumkinligini o‘zicha taxmin qilib ulgurgan edi. Shu sababli vujudida bilinar-bilinmas titroq tuyib, asta-sekin qo‘rquv chodiriga o‘rala bordi. Bu holati ayni muddao. «Razbor» tinch va muvaffaqiyatli yakun topishiga ko‘mak beradi.
— Sezyapmanki, tilning qiymati jon narxiga tenglasha boshladi. — davom etdim aristonlarga sezilar-sezilmas ko‘z qisib. — Qolaversa, hurmatli aristonlar, Vitya nayrangboz emas. Faqat padarini bo‘g‘izlab og‘ir gunohga yo‘l qo‘yibdi. Bu gunohini nafaqat biz, hatto Xudoyam kechirmaydi. To‘g‘rimi?
Aristonlar baravariga so‘zimni ma’qullashdi.
— Shaxsan men sendaqangi sanqi buqachalarning ko‘pini ko‘rganman. — dedim Vityaning bo‘ynini hamon changalimdan bo‘shatmay. — Ularning ko‘ziga qon to‘lib qolgan. Shuning uchun nafsi yo‘lida hatto otasini ham tan olmaydi.
— Meni hayvonga tenglama! — birdan «sen»lashga o‘tdi Vitya. — Har holda qotillik tufayli qamalganimni unutmasang bo‘lardi.
— Nima qilasan? Meniyam otang kabi bo‘g‘izlay olaman deb o‘ylayapsanmi? — baqirdim unga. — Meni-ya?..
Kameradagi aristonlar baravariga oh tortib yuborishdi. Chunki, yaqin orada menga hech kim bu qadar haqorat yog‘dirmagan edi.
— Hamma eshitdi-a? — kameradagilarga yuzlanib so‘radim. — Bu qizitaloqning gapini eshitdilaringmi deb so‘rayapman!
— Albatta eshitdik. — deyishdi aristonlar.
— Qiziq bo‘ldi-ku, — gapni ilib ketdi qariya. — Hali ro‘yxatdan o‘tmay turib shartakilik qilib qo‘ydi bu bola.
Men epchillik bilan stol ustidagi tutqichi o‘tkirlangan qoshiqni qo‘limga oldim-da, Vityaning tomog‘iga tiradim.
— Xo‘sh, nega titraysan? Qilmaysanmi harakatingni?
Vitya bu «o‘yin»da mag‘lub bo‘lganini qalban tan olib bo‘lgandi. Buni hansirab nafas olishidan, tizzasidan tortib, labiga qadar qaltiroq tuta boshlaganidan angladim. Ammo u hanuz sir boy bergisi kelmay, ehtiyotkorlik bilan o‘rnidan turdi.
— M-men o‘limdan qo‘rqmayman! — titroq ichida shivirladi Vitya. — Bekorga ovora bo‘lasan!..
— Shunaqami?
Tig‘ni tomog‘iga qattiqroq bosdim. Shu ondayoq qon sizib ko‘ksiga oqa boshladi.
— Haliyam so‘zingda turibsanmi? — so‘radim undan. — Bosaveraymi qattiqroq?..
Jon achchig‘i yomon. Manaman degan zo‘r ham o‘zidan-da zo‘rroqning changaliga tushgach, mahluqqa yem bo‘lishini kutayotgan jonivor kabi jazavaga tushib qoladi.
Vitya qo‘rquv baland kelib ko‘zlarini chirt yumib oldi va eshitilar-eshitilmas yolvora boshladi.
— Kechiring, aka! Ahmoqlik qilib qo‘ydim!.. O‘ldirmang!.. Yolvoraman!
— Endi mening gapimni eshit, — tig‘ni qaytadan stol ustiga tashlab Vityaning sochini g‘ijimladim. — Meni Burgut deb qo‘yishibdi. Bu degani, sendaqa hezalaklarni bir cho‘qishda tilka-tilka qila bilaman.
— Tushundim, aka! — dedi Vitya. — Men… Bilmabman.
— Tushungan bo‘lsang, ikkala qulog‘inggayam quyib ol. O‘zboshimchaliging, qolaversa, otangga tig‘ sanchganing ellik ming so‘mga baholanadi.
— N-nima?.. — o‘rnidan turishga chog‘landi Vitya. Biroq sochini g‘ijimlab olganim unga pand berib joyidan qimirlay olmadi. — B-buncha pulni qayerdan olaman?..
— Otang omborchi bo‘lgan shekilli? — dedim aristonlarga ko‘z qisib. — Yig‘ib qo‘yganlaridan berasan. Axir, o‘sha manjalaqi ikkoving boylik tufayli otangning boshiga yetgansan!
— Yolg‘on! — baqirdi Vitya. — Biz…
— O‘chir jag‘ingni! Hozir sindirib olaman. Bu yerni turma deb qo‘yibdi. Yolg‘on-rostligini sendan so‘rab o‘tirilmaydi. Aytgancha, Vasya, — rassom aristonga o‘girilib davom etdim. — Bu o‘sha manjalaqisini uch kun ichida turmaga chaqirtiradi. Senga o‘zim qo‘shib beraman. Senam yuravemagin-da, bir joyingni changallab! Mundoq erkak bo‘lgin!
Vitya ortiq g‘iq eta olmadi. Unga vaqtinchalikka hojatxona yoniga joylashishni buyurdim-da, kamera eshigi tomon yo‘naldim.
Tolyan huzuriga chorlashini sabrsizlik bilan kutayotgandim.
(davomi bor)
Manba: Hordiq.uz
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”