Dengiz. Qayiqda uch kishi ketyapti. Ulardan biri dabdurustdan qayiqni teshdi. Teshikdan suv kira boshladi. Shunda ikkinchi odam xavotirlanib dedi:
– Nega qayiqni teshdingiz? U javob berdi:
– Sening ishing bo‘lmasin, men o‘z tarafimni teshdim. Qayiqni bu yarmi mening shaxsiy hududim! Xohlaganimni qilaman! Aralashma! Ikkinchi yo‘lovchi teshikni yamashga kirishganida, qayiqni teshgan odam uni itarib yuborib, dedi:
– Sen aqllilik qilmay, o‘zingni burchagingda tur. Menikiga daxl qilma dedi.
Shunday qilib ular cho‘ka boshlashdi. Uchinchi odam esa hech narsani ko‘rmagandek jim turardi...
Qayiq – biz yashab turgan jamiyat. Qayiqni teshgan kishi – nafsi uchun har qanday ishni qiladigan, lekin «qalbi toza» kishilar. Ikkinchi inson – qalbi uyg‘oq insonlar. Uchinchi kishi esa – jamiyatning tom ma’nodagi dushmanlari: loqayd va befarq kishilar.
Oxirgi paytlarda yurtimizda shunday toifa insonlar paydo bo‘ldi: ularga xohlagan ishlarini qilish mumkin. Bu ish qonuniymi, noqonuniymi, halolmi, harommi, erkakka xosmi, ayolga xosmi, kurakda turadigan ishmi yoki yo‘qmi, boshqalarga zarari bormi yoki yo‘qmi qarab o‘tirishmaydi. Yengil hayot, kayf-safoni targ‘ib qilishadi. Muhimi nafsini qondirishsa bo‘lgani.
– Nega unday qilyapsiz? Boshqalarni o‘ylasangiz bo‘lardi, O‘zingizga yarashadigan ish qiling – desangiz, barchasida javob tayyor:
– Muhimi qalb toza bo‘lsa bo‘ldi! Hayotga bir marta kelamiz, yashab qolish kerak. Bu mening hayotim, xohlaganimcha yashayman. Aralashmanglar! Ha, ularning qalblari “ko‘mir”dek oppoq, fikrlari esa “o‘roq” dek to‘g‘ri.
Ularning zo‘r qalqoni bor, nomi: Demokratiya!
Oddiy insoniylik elementi, o‘zbekchilik, mentalitet yoki qadriyatlarni sal hurmat qilish haqida biror narsa desangiz:
– Biz dunyoviy davlatmiz, nima Sen O‘zbekistonni ikkinchi Suriya yoki Afg‘oniston qilmoqchimisan?! – deyishadi.
Ularga javob qiladigan vaqt keldi menimcha:
– Yo‘q! Biz O‘zbekistonni – zamonaviy, iqtisodiyoti baquvvat, kuchli harbiy salohiyatga ega, juda katta intellektual boylik markazi bo‘lgan buyuk O‘zbekiston qilmoqchimiz! Lekin Siz va Sizga o‘xshaganlar bu yo‘lda xalaqit qilyapsizlar!
Sizlar bir chekkadan qayig‘imizni teshib kelyapsizlar. Sizning turli niqoblaringiz bor: mashhur blogger, qo‘shiqchi, qiziqchi, dindor, boyvachcha, gey, aktrisa, mansabdor va hokazo...
Siz mashhurligingiz, pulingiz, folloverlaringiz ko‘pligi, xullas, Xudo boshqalarga nasib qilmagan, ammo Sizga bergan narsalardan foydalanib, umuman yot g‘oyalar bilan, xalqni chalg‘ityapsiz, yoshlarni aynityapsiz.
Aytishingiz mumkin:
Ota-onasi 20 yilda bergan tarbiyasi, 20 daqiqada buzilib qoladimi?!
Ha, buzilib qoladi!
Bir tomchi najas bir paqir suvni harom qilganidek, Sizning bu najas qilig‘ingiz kichik ko‘rinsada, xalqni ongini zaharlaydi. Siz teshgan teshik kichkina bo‘lsada asta sekin xalqni cho‘ktiradi.
Har kuni yarim soat behayo kino qo‘yib, buzilmaydigan odam shundog‘am buzilmaydi deyish borib turgan ahmoqlikdir. Chunki hozir otalar farzandlari bilan qilayotgan suhbatlari kuniga 10 daqiqadan oshmayapti, onalar bilan o‘rtacha 30 daqiqa gaplashilmoqda. Bolangizni kim tarbiya qilyapti deb o‘ylaysiz? Ijtimoiy muhit, OAV va internet.
Hurmatli shu uchta narsada kuchli ta’sirga ega bo‘lgan yurtdoshlar!
Sizlarga xalq ergashadi. Xalqni ilmga, mehr-oqibatga, yaxshilikka, foydali biror narsaga o‘rgatingizlar. Bo‘lmasa jim yuring.
Esingizni yig‘ib oling! Chunki bu hayotga faqat bir marta kelasiz...
Muhammadali EShONQULOV
Manba: Azon.uz
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”