Ayol qalbi guldan nozik, toshdan qattiq, deyishadi. Bu chin o‘xshatish ekan. Qismat bitigiga yozilgan shunday holatlar bo‘larkanki, o‘zing sezmagan tarzda qalbing tosh bo‘lib qolarkan.
So‘zim avvalida ayollarga bir savol bilan murojaat qilmoqchiman: eringizning boshqa ayoldan farzandi borligini bilib qolsangiz nima qilasiz? Biroz kulgili va achchiq savol, to‘g‘rimi? Balki kimdir “Bundaylar tiqilib yotibdi-ku”, der. Ammo eshitgan, ko‘rgan boshqa ekan-u, his qilmoq boshqa ekan. Ha, chipqonning og‘rig‘ini tanasiga chiqqan odamgina tushunarkan.
Ko‘zga ko‘ringan tashkilotda rahbar bo‘lib ishlab yurgan umr yo‘ldoshim bir zumda ishidan kamomad chiqib, yetti yilga ozodlikdan mahrum etildi. O‘g‘il-qizim bilan chirqillab qoldim. Tergov jarayonida uning yana bir xotini va kichiktoyim tengi o‘g‘li borligi ma’lum bo‘ldi.
- Ishim ko‘p, katta tashkilotda rahbarman, boshqa shaharga borib kelishim kerak, - degan gaplari bahona bo‘lib, o‘sha kunlari o‘zga ayolning qolarkan. Bu qanchalik og‘riqli! O‘n kunga konferensiyaga ketyapman, deb o‘sha bilan xorijda dam olib kelishgani qalbim oynasini butunlay chilparchin qildi. Na ota-onasini, na jigarlari, na meni olib bormagan xorijga o‘sha fohisha bilan yetaklshib borishini qanday qabul qilay?... Hech sezmaganmisiz, dersiz balki. Sezganman. Necha qayta onasiga gapirganman ham.
- Oyi, o‘g‘lingizning qadami bejo. O‘rtaga olib gapiringlar, - desam, qaynonam ko‘zlarini katta-katta ochib:
- Yeganingiz oldingizda, yemaganingiz ortingizda bo‘lsa... Siz kiygan libosni uncha muncha ayol kiymasa... Uyalmaysizmi, shunday deyishga, Hilola. Bularning hammasi o‘zidan o‘zi bo‘lmaydi, - degandi. Ha, xiyonatchi yorning ota-onasi meni noo‘rin rashk qilishda ayblashgan. Ayol erining yurish-turishidan, o‘zgarishidan payqaydi. Men ham his qildim, ammo isbotlay olmagandim. O‘zidan ham necha qayta so‘radim. Gaplarim yoqmay jerkib tashlardi.
- Senga nima kerak o‘zi? Indamay yeb-ichib o‘tiraver... O‘ta ehtiyotkor edi erim. Ammo ko‘za kunda emas, kunida sinarkan. Uning qilmishlari ham g‘alvir suvdan ko‘tarilganda ayon bo‘ldi.
Boshimni qayga urishni bilmay bo‘zladim. Abgor holga tushgan turmush o‘rtog‘imni battar la’natlardim o‘sha kez. Erimning jazmani bilan ko‘rishib kelgan qaynonamdan ko‘nglimdagi sanchiqlarni unutib, asta so‘radim:
- Shunchalar chiroylimikan-a?
- Qayoqda, lo‘liga o‘xshaydi, - dedi qaynonam ko‘zimga qarolmay. - O‘g‘lim bir adashdi-da, Hilolaxon. Erkakchilikda bo‘lib turadi, - deb qo‘shimcha qildi. Baribir bolasi ekanda...
- Bolasi-chi? - so‘rayman chorasiz qolgan devonadek.
- O‘g‘li xudda Botirjonga o‘xsharkan, - dedi-yu labini tishladi qaynonam. Ichimdan nimadir uzilganini his qildim. Befarzand bo‘lganimizda ham tushunardim. O‘g‘li bor, qizi bor...
Bir ko‘nglim bolalarimni olib otamnikiga ketib qol, deydi. Lekin akam bilan yangamning yonida boshimni egib yurgandan ko‘ra, shu uyda boshini baland tutib yashashni afzal topdim. Onam sho‘rlik “Sabrli bo‘l”, deyishdan nariga o‘tmasdi. Qaynota-qaynonam o‘zimga aytishmasa-da, nigohlaridan ketib qolishimdan cho‘chishlarini sezardim. Nima ham qilardim. Osmon uzoq, yer qattiq. Sabrdan panoh izlay boshladim. Xudoga kechalari tinmay nola qilib yig‘lardim: “Hammasini yengib o‘tishimga kuch va sabr ber” deya. Yonimdagi bo‘sh yostiqni ko‘rganim sari xo‘rligim kelardi. Avvaliga erimni ko‘rgani qamoqxonaga bormasdim. Har gal borib kelgan onasi: “Qayta-qayta sizni so‘rayapti. Kelasi gal boraqoling”, derdi ko‘zimga tikilib. Ammo javob bermasdim. Berolmasdim. Yuragimni qonga, zardobga to‘ldirib ketgan odamning yoniga qanday boray? Shu kunga qadar yolg‘onlar ichida yashaganim... farzandi bo‘lmaganida ham kechirib ketishim mumkin edim. Ammo nima qilay kechirolmasam?..
- Biroz vaqt o‘tsin, oyi. Keyinroq, - derdim har gal. Erim tinmay xat yozardi. Nomasida: “Meni kechir, Hilola. Senga qilgan xiyonatim uchun Xudo meni jazoladi. Shu yerlarga keltirib qo‘ydi”, deb yozardi nuqul.
Bolalarim buvisi bilan borib otasini ko‘rib kelishgan kuni, shunchalar quvonchga to‘lib ketishardiki, “Aya, dadamni ko‘rdik. Yaxshiykanlar, sizga salom dedilar”, deyishardi biri qo‘yib birisi... Hali maktabga chiqib ulgurmagan bolalarimning so‘zlarini tinglagan kishi bo‘laman. Ammo ko‘nglim huvillab, egasiz qolgan vayronadek...
Baribir ko‘z ochib ko‘rganim ekan. Qaynonamning iltimoslari, volidamning so‘zlari, eng muhimi, bolalarimning o‘tinchlari uchun erimni ko‘rishga bordim. Uch yil deganda uni ko‘rdim. Uning quvonganini ko‘zlari chaqnaganidan sezdim.
- Hilol, yaxshimisan, mensiz qiynalmayapsanmi? - deb so‘rardi tinmay.
- Sizsiz qiynalmayapmanmi? Siz meni bu dunyoning do‘zaxida yondiryapsiz? -dedim alam bilan. “Yomon gapirmagin, jon bolam”, deb tayinlagandi onam sho‘rlik. Men esa chidolmadim. Gapirmayman, ko‘ramanu qaytaman, degan niyatda borgandim. Yuragim dosh bermadi. Zabonim chidolmadi. Ko‘nglimdagi bor alamlarini chiqarib tashlashni istadi, go‘yo...
- Meni kechir, - dedi u boshini egib. - Ahmoqlik qildim...
- Ahmoqlik... sizga nima yetishmagandi? Shunchalar xunukmidim yo zaharmidim? Ko‘nglingizga yo‘l topishga harakat qilardim, ko‘zingizga mo‘ltirab turardim. Qachon meni... -gapirolmadim. Bo‘g‘zimga yosh tiqilib yig‘lab yubordim. U esa quchishga urindi.
- Bo‘ldi, Hilol kechirgin... – quchog‘idan yulqinib chiqdim.
- Sizga aytish oson... Bu yerga onangizning iltimosi, otangizning o‘tinchi bilan keldim. Men endi ilgarigi Hilola emasman,- dedim nafrat bilan. - Sizdan nafratlanaman. Bolalarim uchungina ajrim talab qilmadim. Otasi qamalgan, degan gap ularning boshini egib qo‘ygani yetar. Ammo ilgarigi Hilolani topolmaysiz endi. Sizni kechirolmayman!...
Juftimning yonidan qaytarkanman, o‘tgan kunlarim tasmadek ko‘z oldimda aylanardi. Qachon va qayerda yanglishganimni, uni o‘zimdan sovitganimni bilolmay hayron edim. Uning oyog‘i ostida tuproqdek bo‘lishga tayyor turganman. Ammo tuproqni bejiz bosib o‘tishmas ekan. Erim ham meni bosib, yanchib o‘tib ketdi. Ko‘z yoshimni bir zum bo‘lsa-da, to‘xtatolmasdim. Ichimdagi alamlarni to‘kib-sochganim bilan yengil tortolmadim. Bu shu qadar og‘ir yuk ekanki...
Erim yana tinmay xat yozardi. Bir kuni opasiga yozgan xati qo‘limga tushib qoldi. Qaynopam uni onasiga o‘qitgani olib kelgan chog‘i...
“Dilor, nima qilishga boshim qotgan. Hilolaning ko‘zidagi nafratni ko‘rib, o‘zimdan uyaldim. Qilgan ishimdan pushaymonman. Ammo Gulxumor ham kelib ketdi. «Bu yerdan chiqsangiz yana birga yashaymiz”, deyapti. “Yo‘q, men o‘z oilam bilan qolaman”, dedim. “Nega endi? Bolani tug‘dirdingiz, uni boqish ham bo‘yningizda”, dedi. Hilolaga sezdirib qo‘ymanglar. Yana Gulxumor kelib to‘palon qilib yurmasin. “Agar pulni jo‘natishmasa elu xalq ichida sharmandangni chiqaraman”, dedi. Boshim qotgan. Iltimos, hammasini o‘zing nazorat qilgin. Oyimga yotig‘i bilan tushuntir...»
Bunisi hammasidan o‘tib tushdi. Bu gaplar elu xalqqa ovoza bo‘lmagandi. Demak, o‘g‘lining aybini yashirish uchun qaynonam o‘sha ayolga har oyda pul berib turakan-da... Qanchalar tubanlik. Albatta, u ayol haq! Tug‘dirishni bilgan boqishni ham eplashi kerak-da, degan o‘y o‘tdi xayolimdan. Biroq na qaynopamga, na qaynonamga biror so‘z demadim. Bu qismatim uchun ular aybdor emas-ku, axir...
Farzandlarimning otasi hukumatning amnistiya qarori sabab muddatidan avval ozod etildi. Bu paytda sevimli rafiqalar shodligidan yer-u ko‘kka sig‘ishmaydi. Biroq mening ko‘nglimdagi xavotir va hadik yanada kuchaydi. Xayolan o‘sha ayolni uyimga kirib kelishi haqidagi tasavvur qilardim.
Umr yo‘ldoshim xonadonimizga qaytgan kun bayram bo‘ldi, go‘yo. Qaynota-qaynonam, bolajonlarimning ko‘zlarida quvonch porlardi. Birgina men... mahzun edim. Xayolimni bir savol aylanardi: “Endi nima bo‘ladi?” To‘g‘ri, xiyonatga uchragan faqat men emasman. Aksariyat ayollarning ko‘ngil og‘rig‘i bu. Ammo nima qilayki, vafosizlikni bir onga ham yodimdan chiqarolmasdim...
Tun borliqni o‘z zabtiga olgan mahal erim bilan yotoqxonada yolg‘iz qoldik. Men gaplashishni ham istamasdim. U esa aksincha...
- Qamoqdan qaytganim senga yoqmadi-ya, - deb so‘radi, Botir aka asta yonimga cho‘kib. Indamadim. - Meni kechir, Hilola, - deya qo‘limdan tutishga urindi. Qo‘limni tortib oldim.
- Endi nima bo‘ladi? - so‘radim hissiz, sovuq ohangda.
- Hammasi yaxshi bo‘ladi, mana ko‘rasan... - yupatdi erim.
- Bolasichi? O‘g‘lingiz... axir go‘dakda ayb yo‘q... - so‘zlarimdan boshini xam qilgancha chuqur xo‘rsindi. - Ikkimiz bilan ham yashayverasizmi?
- Yo‘q! -javob tezda qaytarildi. - U bilan yashamayman. Ammo bu yog‘iga nima qilishni o‘zim ham bilmayman... - gaplaridan chorasiz va pushaymon ekanligini anglash qiyin emasdi.
Hamma narsaning davosi - vaqt deganlar, rost aytishgan ekan. Vaqt o‘tib jamiki savolarga javob, jumboqlarga yechim topilarkan.
Qonuniy nikoh bo‘lmagani uchun Gulxumor erimdan ortiqcha narsa talab qilolmadi. Ammo bolasi uchun har oy pul yuborib turishga kelishdi. Harqalay, bevafogina yorim menga u bilan ko‘rishmaganini tez-tez takrorlardi.
Yaratganning yozmishini qarangki, erim Gulxumorni boshqa erkak bilan ko‘ngilxushlik qilayotganini ko‘rib qolibdi. Jahli chiqib, bolasi haqida so‘ragan Botir akaga “Nima ishingiz bor?” deya javob qilibdi. Eng qizig‘i bola erimniki emas ekan!
Bu haqda batafsil to‘xtalmoqchi emasman, ammo eshitib g‘alati ahvolga tushganim rost. Na qayg‘urishni, na quvonishni bilaman. Haqiqat baribir bir kun yuzaga chiqarkan. Ammo darz ketgan ko‘ngilni qayta butlab bo‘lmas ekan. Hozir Botir akam atrofimda parvona, ko‘nglimga qaraydi, lekin...
Aziz ayollar, yor xiyonatiga duch kelgan bo‘lsangiz, Yaratgandan o‘zingizga bardosh tilang. Farzandlar bekamu ko‘st bo‘lishi uchun sabrdan libos kiyib yashashga to‘g‘ri kelarkan. Bolajoningizning otasiz mungli qalbi, g‘amgin nigohi yonida sizning iztiroblaringiz hech narsa emas. Muhimi, oila buzilmasin. Mana ko‘rasiz, hammasi o‘z iziga tushadi. Faqat chidamli bo‘la olish kerak ekan...
Hilolaning so‘zlarini Sayyora ABDULAZIZ oqqa ko‘chirdi.
Manba: Darakchi.uz “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”