Foto: “electrikmaster.ru”
Qishloqlarimizda yana yashash uchun kurash boshlandi. Qor yogʻsa, ichimizga yogʻayotgandek boʻladi, shahardagi uyning “komforti” ham tatimaydi: zim-ziyo, sovuq qishloqlarda qiynalayotgan qancha qadrdonlarimiz bor!
— Koʻrgani kelaman deb oʻtirma, shamollab qolasan. Oʻzim borib koʻrib kelarman, — deydilar onam oʻzlari yashayotgan sharoitga bir kunga borishimni ham xohlamay...
— Xola, shaharda svet oʻchmaydimi? — soʻraydi qishloqdagi qoʻshnimizning oʻgʻilchasi sovuqdan qizargan burnini tortib. Uning koʻngli uchun:
— Shahardayam svet oʻchadi, oʻgʻlim. Gaz ham oʻchadi, — deyman. “Shaharda gaz ham, svet ham bor” desam, diydirab turgan shu shoʻrlikning haqini bermayotganlardan, oʻrinda choponchasi bilan uxlashga majbur qilayotganlardan biri boʻlib qoladigandekman...
Bolakay battar yuragimni qon qiladi:
— Unda, katta boʻlsam, chet elga ketaman. Chet elda gazam, svetam oʻchmasakan, — deydi xuddi antiqa xushxabar aytayotgandek.
...Ketadi! Agar ahvol shunday davom etaversa, ertaga yurt bolalari “Hech boʻlmasa, qishda odamdek yashayman-ku”, deb ketadi chetga. Vazirlari “yuz foiz elektr bilan taʼminlayapmiz” deb aldamaydigan, zoʻravonlari xalqning haqini yemaydigan joylarga ketadi. Shuncha ketganlar kamdek, yana ketadi!..
...Gazetamizning asosiy obunachilari — qishloqlarda. Men qishda gazitda nima yozishni bilmayman. Aqlli gaplarni yozgani istihola qilaman.
Umri tugayotganiga emas, gaz balonidagi gaz tugayotganiga koʻproq kuyadigan; qorongʻuda, sovuqda oʻchoqboshida chiroq yoqib ovqat pishiradigan; besh-olti jon bir sandalga tiqilib uxlaydigan;
besh-oʻn daqiqaga svet yonsa, sevinchdan qichqirib yuboradigan; bolalarim shamollab qolmasin deya kechasi bilan pechkaga tappi yoqib chiqadigan odamlarga aql oʻrgata olamanmi?!
Bunaqa paytda ularga maʼnaviyatdan gapirishga haqqim bormi?!
Biz koʻrgan yomon tushini ham yaxshilikka yoʻyadigan xalqmiz. Boshimizga kelgan har qiyinchilikka “Bunda ham bir xayr bordir”, deya sabr qilamiz. Lekin bu degani, bizni istagancha qiynash, istagan koʻyga solish mumkin degani emas.
Ayniqsa, bolalarimizni Vatandan bezdirishga hech kim haqli emas!
Dilfuza Komil
Manba: Xabar.uz “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
100 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Germaniya razvedkasi rahbari: “Rossiya yaqin yillarda NATOga hujum qilishi mumkin”
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Eron Isroil bilan keng ko‘lamli urushga tayyorligini ma’lum qildi
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”