12:14 / 24.02.2019
4 796

Dunyoimni o‘zgartirgan atirgulim – qizim (5-noma)

Dunyoimni o‘zgartirgan atirgulim – qizim (5-noma)
Mehnating ikki ko‘zingdan issiq
Jonu jahonim! Bolaligimda bir dugonam bo‘lardi. Uylariga o‘ynab borsam, onasi ish qilayotgan bo‘lar, dugonam esa suv ichgisi kelsayam onasiga buyurardi. Men xijolat bo‘lib: «Suvni o‘zing olib kelib ichsang bo‘lmaydimi?»-derdim. Yelka qisib qo‘ya qolardi. Dugonamning bu odati maktabni bitirayotganimizda ham qolmadi. Biror ishni eplab bajarmas, shuning uchun onasi hamma ishni o‘zi bajarardi. Bir kuni ularning uyidan yig‘i ovozi eshitildi. Keyin bilsam onasining buyraklari qurib qolgan ekan. Dugonam haligacha, onasiga yordam bermaganiga, ayyorlik qilib og‘irini yengil qilmay o‘tirganlariga afsuslanib yig‘laydi.

Ko‘zimning gavhari! Senga aytar so‘zim, mehnatdan qochma. Qalbini kibr va chirk bosgan betavfiqlargina mehnatdan qochadilar. Buving doim: «Mehnating ikki ko‘zingdan issiq bolam! Qaynonangga yumush qoldirma. Ko‘rasan, mehnating orqasidan qanday hurmat topishingni!» deydi. Sen ham shu gaplarni qulog‘ingga zirak qilib taqib ol. "Mehnat qilib topganing, qandu asal totganing", deb bekorga aytishmaydi. "Ish ishtaha ochar, dangasa ishdan qochar" deganlari ham to‘g‘ri. Mehnat qilsang, bahri diling, ishtahang ochiladi. Ovqat tanlab injayib o‘tirmaysan. Ammo bolajonim, mehnat bilan laganbardorlikning farqini bil. Birovlarga yaltoqlanish uchun yumushini bajarma. Haqiqiy yordamga muhtoj odamlardan esa yordamingni ayama! Ota-onang uchun mehnatdan qochma. Doimo mehnatkash bo‘l, jonajonim!
Saida IBODINOVA

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Dunyoimni o‘zgartirgan atirgulim – qizim (5-noma)