11:57 / 02.04.2019
14 641

Oilaning barbod boʻlishiga olib boruvchi ayolning toʻrt xatosi

Oilaning barbod boʻlishiga olib boruvchi ayolning toʻrt xatosi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar boʻlsin.
Paygʻambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar boʻlsin.
Oilalarning buzilishiga sabab boʻladigan, ayollar tomonidan sodir etiladigan birinchi xato – nomahram erkak bilan xoli qolib gaplashishdir.

Xoh telefon, xoh ijtimoiy tarmoqlar orqali boʻlsin, bunday holat ayol tomonidan qilingan eng katta xato hisoblanadi. Kuzatishlarda, aynan shu xato tufayli koʻp hollarda oilaning buzilishi bilan tugagan. Unutmang, erkak kishi ayolning har qanday kamchiliklariga sabr qilishi mumkin, ammo bu xatosiga sabr qila olmaydi. Ayoli nomahram erkak bilan telefon yoki internet orqali yolgʻiz gaplashayotganini koʻrgan er mislsiz darajada gʻazabga toʻladi. Ayol kishi bunday xato qilmaslikka ahamiyat berishi shart. Agar erning qalbida “Mening ayolim begona erkaklar bilan gaplashmaydi, ularga yomon nazar bilan qaramaydi”, degan tushuncha boʻlsa va bu borada butunlay xotirjam boʻlsa, ayolining qolgan barcha kamchiliklarini kechirib yuboraveradi. Eʼtibor berganmisiz, ayoli har qancha goʻzal boʻlsa ham, eri taloq qilib yuborgan holatlar koʻp uchraydi. Odatda bunga, yuqorida aytilganidek, arzimasdek koʻringan – begona erkaklar bilan telefonda gaplashib qoʻygani sabab boʻladi, xolos. Er ayolini ana shunday holatda koʻrdimi, u qanchalik goʻzal boʻlmasin, shu zahoti talogʻini berib yuboradi.

Oilaning barbod boʻlishiga olib keladigan ikkinchi xato – erining ruxsatisiz uyidan chiqishdir.
Bu masalada Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi mazmundagi hadislari kifoya qiladi:
“Qaysi bir ayol erining ijozatisiz uyidan chiqsa, qaytib kirmagunicha Allohning farishtalari unga laʼnat aytib turadi”.
Yana bir hadisda: “Qaysi bir ayol joiz boʻlgan ishda erini norozi qilsa, uni rozi qilmagunicha Alloh taolo bu ayolning namozini qabul qilmaydi”.
Xuddi shunday mazmunda qul haqidagi hadis ham kelgan:
“Qul xojasining ijozatisiz qochib ketsa, qaytib kelmagunicha Alloh taolo uning oʻqigan namozlarini qabul qilmaydi”.

Buni ayol kishi ham yaxshi tushunib yeta olsa, erining ruxsatisiz biror ortiqcha harakat qilmaydi. Ayollar yoʻl qoʻyadigan uchinchi xato – “yo meni, yo uni deng” deb, erining yaqinlaridan birontasini tanlashni shart qilib qoʻyishidir.

Koʻpincha bu erning onasi, singlisi yoki ukasi boʻladi. Ayol bunday qilmasligi kerak. Chunki erning zimmasida ayolning haqqi boʻlganidek, bundan oldin ota-onaning oʻgʻlidagi, opa-singillarning akasi yoki ukasidagi haqlari ham boʻladi. Ayol erini ulardan ajratish oʻrniga oʻzi ular bilan ahil boʻlishga qattiq harakat qilishi kerak.

Ayollar tomonidan oilaning buzilishiga olib boruvchi toʻrtinchi xato – uyga kech kelgan erni soʻroq qilishdir.

Ertalabdan kechgacha oilasini halol rizq bilan boqaman deb yurgan er gohida ishi tufayli, gohida doʻst-ogʻaynilari sabab kechroq kelishi mumkin. Ayolning “Erim kimgadir ilakishib qolgan”, degan shubhaga borishi oilani barbod qiladigan omillardan biri hisoblanadi. Chunki erni u qilmagan bir gunoh bilan, asossiz ravishda ayblash erning qalbida nafrat uygʻonishiga sabab boʻladi. Agar er ayoli haqida xuddi shunday fikrga borsa, ayol sabr qila olarmidi? Demak, eri haqida ham bunday gumonga bormasligi kerak. Ayol eridan shunday gapni eshitganida qalbi ogʻrigani kabi, erning ham bunday gumondan qalbi ogʻriydi, albatta. Bu badgumonlik er-xotin oʻrtasida oʻzaro nafrat paydo boʻlishiga sabab boʻladi.

Ayollar shuni bilib olishlari kerakki, eriga itoatkor ayol bir kun kelib, erini ham oʻziga itoatkor qilib oladi. Yaʼni ayolning doimiy ravishda erini roziligini topishga harakat qilishi natijasida erning qalbiga ayoliga nisbatan muhabbat kuchayadi. Oʻzining roziligini topishga qattiq urinayotgan ayolini koʻrgan erning qalbida endi ayoli rozi boʻladigan ishlarni qilishga ishtiyoq paydo boʻladi.

Erning ayolidan nafratlanishiga sabab boʻladigan ishlardan qatorida ayolning xudbinligi, qaysarligi kabi xunuk odatlar ham bor. Ayolning butun insoniyatga qaysarlik qilishi oʻz eriga qaysarlik qilishichalik ziyon keltirmaydi. Vaholanki, aksar ayollar butun insoniyat bilan murosa qilishga harakat qilgan holda, oʻz eriga nisbatan qaysarlik va itoatsizlik qiladi. Buning oqibati hamisha xunuk boʻladi.

Bularning yechimi – har qanday holatda ayol erining oldida oʻzini ojiz tutishidir. Chunki ojizlik Alloh taoloning nazdida eng mahbub sifatlardandir. Alloh taolo qaysi bir bandasida Oʻzi yaxshi koʻrgan sifatni koʻrsa, uni boshqa bandalariga mahbub qilib qoʻyadi. Ayol biron ishni oʻz vaqtida qila olmasa, kechikib qolsa yoki toqati yetmagan boʻlsa, buning uchun eridan uzr soʻrashning nimasi qiyin? Oʻzining xatosini tan olishning nimasi qiyin? Bunday holatda oʻzini baland tutib, oʻzini haq deb bilib, eriga qarshilik qilish, qaysarlik qilish faqat ayolning oʻziga zarar keltiradi, xolos.
Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy
Tarjimon Abdumannon Abdulloh

Manba: Islom.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Oilaning barbod boʻlishiga olib boruvchi ayolning toʻrt xatosi