Baxt haqida o‘ylamagan, baxtiyorlikni orzu qilmagan inson topilmaydi oramizda. Kimdir baxtni oilasi tinch, farzandlarining sog‘-salomatligi bilan belgilasa, kimgadir mol-dunyo yoki amal oti baxtiyorlikdan dalolat. Xasta odam sog‘liqni, musofir kishi yurtiga qaytishni baxt hisoblaydi. Xullas, baxt tushunchasini har kim o‘z dunyoqarashi, ruhiy olami va hayotiy imkoniyatlaridan kelib chiqib tushunadi.
O‘zbekona tamoyilda baxt tushunchasi albatta oila bilan bog‘lanadi. Xalqimizning qarashlarida oilasiz kishi ming badavlat, mansabdor yoki hayotdagi ijtimoiy mavqei boshqalardan balandroq bo‘lmasin, baribir u to‘kis baxtiyorlar safiga kirolmaydi. Aslida ham, inson uchun oila – chinakam baxt va huzur-halovat go‘shasi hisoblanadi. Faqat inson fe’lidagi noshukrlik sababli baxt tushunchasining juda jo‘n aqida ekanligini anglab yetavermaydi. “... Essiz, – deb yozg‘iradi odam bolasi, arzimagan ko‘ngilsizlikdan katta baxtsizlik yasab, – negadir hech baxtim kulmadi-kulmadi. Bir umr peshonamga baxtsiz yashash bitilganmikan?!..”
E’tibor bergan bo‘lsangiz, yuqoridagi jumlada “ayrim odamlar” demadik-da, “odam bolasi” deya hammani birdek nazarda tutdik. Haqiqatdan ham, har bir odam umrida hech bo‘lmaganda bir marta bo‘lsin o‘zini baxtsiz his qiladi. Biroq, juda kamdan-kam kishilar o‘zlarini baxtsiz sanayotganlarida, aslida ahvoli o‘zlaridan bir necha marta battarroq kishilar borligini tafakkur qiladilar.
– Turmush o‘rtog‘im vafot etganida yigirma olti yoshda edim, – degandilar bir onaxon bilan hamsuhbat bo‘lganimizda. – Er-xotin aspiranturada o‘qirdik. Qaynona-qaynotam erta o‘tib ketishgan, rahmatli turmush o‘rtog‘im amakilarining qo‘lida o‘sgan edilar. Bevalikning azoblari qursin, ikki bola bilan ijarama ijara sarson-sargardonlik tinkamni quritdi. Ota-onamga ham og‘irim tushmasin deb harakat qilardim. Uka-singillarim bor, boz ustiga oilamiz kamxarjroq edi. Yigirma olti yil ijarada yashadim. Ehhe, bu yillar mobaynida ne xo‘rliklarni, ne iztiroblarni boshdan o‘tkazmadim, deysiz. Hamma narsa o‘tkinchi ekan. Uyli ham bo‘ldim, farzandlarimni ham o‘qitib, uyli-joyli qilib elga qo‘shdim, haj ziyoratlariga borib keldim, xullas bir paytlari o‘zim uchun qo‘lim yetmas baxt bo‘lib tuyulgan orzularimga erishdim.
Ayting-ayting, har bir insonning taqdirini xayrli qilgan bo‘lsin, odam bolasining urinishlari behuda. Biz odatiy holat deb hisoblaganimiz nafas olishimiz ham, tomog‘imizdan bir qultum suv o‘tishi ham, bir og‘iz luqmamizni chaynab yuta olishimiz ham – baxt. Faqat buni vaqtida emas, kech anglab yetarkanmiz. O‘z hayotimdan misol qilsam, “Qaysi gunohim uchun Xudo meni baxtsiz qildi? Turmush o‘rtog‘imdan erta ajrab, beva qoldim. Endi ikki bolani qachon suyagini qotirib, elga qo‘shaman? Qachon bolalarimning o‘z manzil-makoni bo‘ladi? Men ham bolalarimni o‘z uyimda, bemalol erkalarmikanman?!” degan yozg‘irishlar bilan yoshligimni g‘am-g‘ussada ado qildim. Har narsaning vaqt-soati bor ekan, bir emas, qo‘sha-qo‘sha uyli, hovli- joyli bo‘ldim. Nevaralarimni o‘z uyimda oyoq uzatib erkalayman, o‘ynataman. Ammo yoshligimda o‘ylanaverib, muammolarim sababli o‘zimni baxtsiz his qilib sog‘ligimni boy berganim qoldi. Ellikka kirmay qon bosim, “saxarniy” degan kasalliklar yopishdi. Endi bolalarimdan, nevaralarimdan birin-ketin tinib-tinchib, baxtli yashayman deganimda pensiya pullarimni ukol-dorilarga, kasalxonalarga sarflayapman. Aytmoqchimanki, muammolarni o‘ylab siqilgan bilan foydasi yo‘q ekan. Har ne’matni o‘z vaqtida qadrlash lozim. Alloh hamma bandasini bir ko‘zda ko‘radi. Baxt hammaga teng taqsimlangan...
Umida Adizova
Manba: Azon.uz “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
100 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Eron Isroil bilan keng ko‘lamli urushga tayyorligini ma’lum qildi
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Germaniya razvedkasi rahbari: “Rossiya yaqin yillarda NATOga hujum qilishi mumkin”
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”