Foto: «Xabar.uz»
Dunyoning turli nuqtalaridagi hamyurtlarimiz bilan intervyularni davom ettiramiz. «Xorijdagi vatandoshlar» loyihamizning ushbu sonida Yevropaning eng xushmanzara davlatlaridan biri — Norvegiyadagi vatandoshimiz Nigina Jo‘rayeva bilan suhbatlashdik. Qahramonimiz Toshkent shahrida tug‘ilgan. Hozirda poytaxt Oslo shahridagi OsloMET universitetida pedagogika yo‘nalishida tahsil olyapti.
— Nigina, Norvegiyaga ketishingizga nima sabab bo‘lgan?
— Dadam 2004 yili Norvegiyaga o‘qishga kelgan. O‘qishdan so‘ng ishlarini Norvegiyada davom ettirdi. Chamasi 14-15 yoshlarimda dadam mendan Norvegiyaga kelishimni so‘radi va bu taklifni bajonidil qabul qildim. Sababi, bolaligimdan dunyo ko‘rishni niyat qilar va chet ellik do‘stlar orttirishni xohlardim. Bu yerga kelib dastavval norveg tili kursida, keyin High schoolda o‘qidim. Bolalar bilan ishlashni yaxshi ko‘rganligim bois, oliy ta’lim uchun OsloMET universitetining pedagogika yo‘nalishini tanladim. Bu universitet mamlakatdagi eng nufuzli bilim yurtlaridan biri. Talabalar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Lekin, ta’lim faqat norveg tilida bo‘lganligi bois, xorijlik talabalarni kam uchratasiz.
Foto: «Xabar.uz»
— Pedagogika, umuman, o‘qituvchilik kasbiga Norvegiyada munosabat qanday?
— Norvegiyada o‘qituvchining qadri nihoyatda baland, hukumat ular uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib bergan. Masalan, norvegiyalik o‘qituvchi oylik maoshiga bemalol «TESLA» avtomobilini xarid qila oladi. Bu yerda hamma halol va o‘z mehnati bilan natijaga erishishga intiladi. Shu boisdan bo‘lsa kerak, ta’lim tizimida «Domlani rozi qilish» tushunchasi yo‘q.
Ochig‘i, Norvegiyada nafaqat o‘qituvchilar, balki barcha fuqarolarning haq-huquqlari ta’minlangan. Ular davlat tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishiga havas qilasiz. Eng e’tiborlisi, hatto oddiy ishchi ham oilasini yetarlicha ta’minlab, yil davomida turli xorij davlatlariga sayohat qila oladi.
Umuman, norveglar uchun ish va oila balansi muhim. Ba’zida ishdan ko‘ra oilasini afzal ko‘rishadi. O‘z navbatida, buni ish beruvchilar ham yaxshi anglagan holda xodimlar uchun barcha kerakli qulaylik va imtiyozlar berishgan. Masalan, yilda 5 hafta ta’til, agar farzandli bo‘lsangiz 8-10 oygacha oyligingiz to‘liq to‘lab boriladi. Mabodo ishsiz qolsangiz hukumat moddiy yordam bilan ta’minlaydi.
Foto: «Xabar.uz»
— Norveglar xarakteri jihatidan qanday xalq?
— Kuzatishlarim natijasida ayta olamanki, norveglar ajoyib xalq. Lekin, boshida mamlakatga kelgan odamga bu yer umuman yoqmasligi mumkin. Chunki norveglar bilan tezda do‘st tutinib keta olmaysiz. Ularga sizni o‘rganib olishlari uchun ozroq vaqt berishingiz kerak. Ammo, siz bilan do‘st tutinsa, ulardan yaxshi do‘st topilmaydi, deb o‘ylayman. Yolg‘onni yomon ko‘radigan, sodiq do‘st va ochiqko‘ngil insonlar.
— Norveglar O‘zbekiston haqida bilishadimi?
— Ochig‘i, unchalikmas. Sababi hukumatlararo aloqamiz yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan. Bu o‘z navbatida bu yerda istiqomat qilayotgan o‘zbeklar uchun ham birmuncha qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Misol uchun, oddiy viza masalasida Moskvaga borib kelishingizga to‘g‘ri keladi. Norvegiyada elchixonamiz ochilishini xohlardim.
Foto: «Xabar.uz»
— O‘zbekistonda Norvegiyadagi qanday innovatsiyalarni joriy etish mumkin, deb o‘ylaysiz?
— Innovatsiyalarga e’tibor qaratish albatta yaxshi. Ammo, bungacha fundamental muammolarni yechganimiz to‘g‘riroq, deb hisoblayman. Internet nashrlari orqali O‘zbekistonda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar va yangiliklarni kuzatib borishga harakat qilaman. Mana, qish kelib, internet nashrlarida hududlarda elektr va gaz muammolari haqidagi materiallar ko‘paydi. Qolaversa, bir necha yil oldingi internet tezligini 10 barobarga oshirish to‘g‘risidagi va’dalar ham va’daligicha qolib ketdi. Ilon Mask Marsni zabt etaman, deb turgan bir pallada yurtimizda bunday muammolarning borligidan xafa bo‘lasiz.
Norvegiyaga to‘xtaladigan bo‘lsam, bu yerda ortiqcha qog‘ozbozliklar yo‘q. Masalan, hatto uylanish uchun internet orqali ro‘yxatdan o‘tishingiz mumkin. Qolaversa, norveglar 2025 yilgacha qog‘oz pullarni muomaladan chiqarishmoqchi.
— Kelgusidagi rejalar qanday?
— Maqsad va rejalarim ko‘p. Ulardan biri, bu yerda egallagan bilimlarim asosida O‘zbekistonga qaytib, xususiy maktab ochish.
Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Virus UFC ni dunyoga tanitdi
Rossiya Ukrainaning qator mintaqalariga raketalar bilan hujum qildi
Britaniyada 3 ta harbiy baza uzra UUA parvozi qayd etildi
"Paxtakor"ning o‘yini mutaxassis nigohida: "Menimcha, g‘alaba uchun emas, bir ochkoni saqlab qolish uchun o‘ynadi"
Shavkat Mirziyoyev: «Barcha ijro organlarini Yangi Toshkentga ko‘chiramiz»
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Asir: Ukraina askarlari otishni internetdagi videolar yordamida o‘rganishadi