13:03 / 11.04.2020
4 077

Baxtli insonlarga xos 5 ta fazilat

Baxtli insonlarga xos 5 ta fazilat
Foto: My Deal
Kimdir uchun okean yoki dengizga borish, kimdir uchun oila davrasida bo‘lish yoki sevimli ishi baxt. Kimlardir esa shunchaki qahva va shokolad bilan baxtiyor, xullas, bu ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin. Haqiqat esa bitta: hamma uchun baxt tushunchasi turlicha.

Psixolog va yozuvchi Skot Barri Kaufman boshchiligidagi bir guruh amerikalik olimlar 706 nafar ishtirokchi bilan tadqiqot o‘tkazdi va har kim baxtni turli his qilgani bilan baxtiyor odamlarda ma’lum umumiy o‘xshashliklar, ya’ni fazilatlar bo‘​lishini aniqladi.

Hayotdan mamnunlik
Kimning hayotida muammo, tashvish yo‘q deysiz? Tirik inson borki, hayotning turli sinovlariga uchrashi tabiiy. Hammada muammo bor, lekin atrofdagilarga nolishdan, shikoyat qilishdan nima naf? Baxtiyor insonlar hayotda shunday shior bilan yashaydi va arzimagan narsadan ham kayfiyatni chog‘​ qilishga, o‘zi va atrofidagilarning ko‘nglini ko‘tarishga, pozitiv fikrlash va yomon xayolga bormaslikka chorlaydi. Ularda ham hammasi ideal bo‘lmasligi mumkin, lekin bu toifadagi insonlar qog‘ozdagi qora siyohdan ko‘ra, uning ortidagi oq fonga e’tibor qaratib, maqsadlari tomon intiladi. Bu kabi insonlarga havas qilsa, ulardan o‘rnak olsa arziydi.

Samimiy va ochiqlik
Tez muloqotga kirishadigan, yuzida hamisha tabassum bo‘lgan, har kimga yordam qo‘lini cho‘zishga shay insonlarning boshqalarga o‘xshamagan aurasi bo‘ladi. Boshqalar ular bilan suhbatlashgisi, yaqin yurgisi va maslahat olgisi keladi, aksincha bo‘lsa, uzoqroq yuradi, ko‘rsa ham ko‘rmaganga oladi. Samimiy insonlar o‘zlaridan kimdir yasab olmaydi, idealikka da’vogarlik qilmaydi, atrofdagilar uni aynan shu fazilati uchun ham qadrlaydi.

Mehnatkashlik
Kishilar 2 turga bo‘linadi: 1-toifa pul topish uchun ishlaydi, 2-toifa yaxshi ko‘rgan ishini bajaradi va shunga yarasha pulini oladi. Baxtiyor odamlar 2-toifadagi odamlar sanaladi: ularda ishini sevish, chin dildan faoliyat yuritish va shu bilan birga o‘z ustida ishlashdan to‘xtamaslik fazilati mujassam bo‘ladi.

Rahmdillik
Rahmingiz kelsa va achinsangiz, sizda insoniylikning asosiy fazilati bor. Albatta, bo‘lar-bo‘lmas narsaga rahm qilaverish u qadar yaxshi emas. Lekin chin dildan ko‘nglingiz yumshab ketsa, bundan uyalmang. Faxrlaning, sizda baxtiyor insonning bir fazilati mujassam.

Qiziquvchanlik, bilishga intilish
Hamma ham qachondir nimanidir o‘rganishni boshlaydi. Bilmaslik ayb emas, bilmaslikka intilmaslik ayb. Baxtiyor odamlarning boshqalardan yana bir farqi shundaki, ular qulay zonada shunchaki qolib ketishni istamaydi, yanada ko‘proq narsa o‘rgangisi, bilgisi, sinab ko‘rgisi, qoqilsa ham o‘zi xulosa qilgisi keladi va hech qachon intilishdan to‘xtamaydi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Baxtli insonlarga xos 5 ta fazilat