13:00 / 30.04.2020
6 306

Ro‘zaning inson salomatligiga tibbiy foydalari

Ro‘zaning inson salomatligiga tibbiy foydalari
Islom dinida yilda bir oy, ya’ni Ramazon oyida ro‘za tutiladi. Ro‘za tutishlik Islomdan avvalgi ilohiy dinlarda ham mavjud edi. Uzoq yillar davomida, ro‘za inson salomatligiga zarar, degan shiorlar yangradi. Lekin fan, tabobat ilmi taraqqiy etgan hozirgi davrda dunyoning ko‘p joylarida “ochlik bilan davolash” muassasalari ishlab turibdi.

Tib ilmi mutaxassislarining fikricha, bir yilda inson 28-32 kun ixtiyoriy ravishda o‘zini ovqatdan tiyishi, och qolishi kerak ekan. Bu bilan yil davomida oshqozon, ichaklarda to‘planib qolgan chiqindilar hazm bo‘lar ekan. Bu ixtiyoriy och qolish usuli, hozirda odamlar orasida keng tarqalgan o‘ttizga yaqin kasalliklarga davo bo‘lar ekan.

Ro‘za tutishning o‘ziga xos odoblari bor. Ro‘za tutuvchi kishi haddan tashqari to‘yib ovqatlanishi kerak emas. Albatta, keragidan ortiq ovqatlanish sog‘liqqa zarar. Kundalik ovqatlanishdan farqi – faqat tushlik qilinmaydi. Ro‘zani sog‘lom, tutishga qodir kishilarga buyuriladi. Homilador, emizikli ayollarga ro‘za tutishlikda yengillik beriladi. Bemorlar ro‘za tutmasalar ruxsat. Tuzalganlarida qazosini tutadilar.

Ro‘zaning foydalari juda ham ko‘p. U eng avval ro‘zadorda taqvodorlik hissini kuchaytiradi. Chunki yarim kechada faqat Allohning amrini bajo etish yo‘lida o‘rnidan turib, saharlik qilib, kun bo‘yi qaysi holatda bo‘lsa ham o‘zini ovqatdan, ichimliklardan va shahvatli narsalardan tiyib yurgan odam haqiqatda taqvodor bo‘ladi.

Ro‘za tutgan odam sabrli, bardoshli bo‘ladi. Shu bilan birga ixtiyoriy ravishda och qolib, ochlik nimaligini o‘z boshidan o‘tkazib, doimo och yurganlarning holini tushunib yetadi va ularning holidan xabar oladigan bo‘ladi.

Bir oy davomida o‘zini halol-pok narsalardan to‘xtatib turgan mo‘’min-musulmon hech qachon yilning qolgan o‘n bir oyida ham harom narsalarga yaqin kelmasligi kerak.

Ilgari o‘tgan ulug‘larimiz ham “Batnul mar’i aduvvuhu” ya’ni, kishining qorni o‘zining dushmanidir deyishgan.
Arab tabiblaridan biri Xoris ibn Kolda: “Oshqozon - kasalliklarning uyidir, parhezkorlik esa, barcha davoning boshidir” degan.

Hukamolar to‘qlikning ellikka yaqin zararini sanaganlar: og‘irlik, charchoq, ko‘ngil ko‘rligi, g‘am, ruhiy zaiflik, gunohdan qo‘rqmaslik, hayosizlik, aqlning zaifligi, noshukrlik, axloqsizlik, notinchlik, shahvatparastlik, xotirasizlik, o‘limni esdan chiqarish, dunyoni ko‘p sevish, baxillik, xasislik, zulm, shaytonga ergashish, sabrsizlik, hikmatdan uzoq bo‘lish, qo‘rqoqlik kabi.

Shuning uchun mo‘min-musulmon haloldan bo‘lsa ham, yeyishni kamaytirish kerak. Kunda ikki marta ovqatlanish insonga kifoya. Ertalab va kechqurun. Xalqimizda bu odat yaqingacha bor edi. Hayotimizga Yevropa udumlari kirib keldi-yu, eng foydali odatlarimiz yo‘qoldi. Aslida doim to‘q bo‘lib yurishdan yiroq bo‘lish kerak. Buyuklarimiz shunday deyishadi: “Sog‘liq, xotiraning barkamol va go‘zalligi - o‘rtacha ochlikda yurishdir”. Ochlikdan maqsad haddan tashqari ochlik emas. Zakovatning rivojlanishi - mashaqqatning ozligi, qanoat, Alloh taoloning balo va azoblarini unutmaslik, o‘limga tayyor turish, doim tahoratli va ibodatli bo‘lish kabi amallarga bog‘liq.

Zero, oz yegan kishining tashvishi ham kam bo‘ladi. Bunday kam yeb, kam xarjlaydigan kishi orttirganlarini faqir, yo‘qsil va miskinlarga berishi mumkin. Qiyomat kunidagi eng och insonlar bu dunyoda qorinlarini doimo to‘yg‘azib yurganlardir. To‘qlarning oxiratda och qolishlaridan biriga sabab, ularning bu dunyoda malakut olami va Haq kalomidan bexabar o‘tib ketganlaridir. Zero, har bir mo‘minning kelajakda sodir bo‘ladigan hodisalarni ko‘rib anglaydigan bir farosat nuri bo‘ladiki, nafslariga qul bo‘lganlarning bundan xabarlari bo‘lmaydi.

Luqmoni Hakim aytganki: “Ey farzand qorningni bosib-tiqib to‘ydirsang, fikr xazinalaring quriydi, tafakkur qilolmaydigan ahvolga tushasan, sendan hikmat degan ne’mat ketadi, a’zolaring ibodat qilishdan qoladi.”

Shu o‘rinda din bo‘yicha sun’iy bosim ko‘tarilib, odamlar o‘z ixtiyorlari bilan islomga qaytayotgan paytda bo‘lib o‘tgan bir hodisa yodga tushadi. Oliy o‘quv yurtlarida uzoq vaqt rahbar lavozimlarda ishlab kelgan bir kishi Ramazondan keyin ham ro‘za tutish lozimligini qayta-qayta takrorlar, ulamolardan qaysi kunlari qandoq ro‘za tutilishini tushuntirib berishni so‘rar edi. U kishidan nima uchun bu masalaga qiziqib qolganini so‘rashdi.

“Ochig‘ini aytsam, bu yil birinchi marta to‘liq ro‘za tutdim”, dedi u va o‘z gapida davom etib quyidagilarni aytdi:

“Ro‘zaning foydasi juda ham ko‘p ekan. Buni men o‘z tajribamda his qildim. Ibodat, taqvo, sog‘lik masalasida hech gap yo‘q. Hammasi ma’lum. Hatto odamlar bilan bo‘ladigan muomalada ham foydasi ko‘p ekan. Ilgarilari ish bitirish uchun deb yolg‘on-yashiqni gapiraverar edik. Ro‘za tutgan odam hech yolg‘on gapira olmay qolar ekan. Hatto, bir og‘iz ham yolg‘on gapirmay qo‘ydim. Ro‘za yolg‘on gapirib, ish bitirib ketish payti kelganda ham ro‘za og‘zim bilan yolg‘on gapiramanmi, deb o‘zimni to‘xtatib qolmoqdaman. Menimcha, ramazondan keyin ham vaqti-vaqti bilan ro‘za tutib turilsa bu holatni ushlab qolishga yordam bersa kerak”.

Ha, bu gaplarda jon bor. Yuqoridagi holatdan mutaxassis ulamolar rejali ilmiy izlanishlar olib borsalar, samarali natijalar chiqishi turgan gap.

Endi ro‘zaning ilmiy mo‘jizalariga o‘taylik. Ma’lumki, ro‘za farz bo‘lgan dastlabki davrda musulmonlar farz ibodatini ado etish mas’uliyati hissi ila ro‘za tutaverganlar. Keyinchalik boshqa xalq, millat va elatlar bilan aralashildi. Ularning savollariga, e’tirozlariga yoki Islomga nisbatan qilgan tanalariga javob berib borib islomiy ibodatlarning, jumladan, ro‘zaning hukmlari, axloqiy foydalari va o‘sha zamon ruhi va talabiga mos tomonlari shart qilindi, tushuntirildi.

Keyinchalik, xususan, bizning asrimizda Islom dushmanlari unga ilm nomidan hujum boshladilar va ta’na toshlarini otdilar. Ular tomonidan Islom dini ilm dushmani, islomiy ibodatlar ilmiy asosga ega emasligi, insonlar uchun zararli ekani keng bayon qilindi. Jumladan, ro‘za sog‘liqning kushandasi, inson shaxsiyatini tamomila buzib tashlaydigan omil sifatida vasf etildi.

Lekin oxir-oqibatda ro‘za koni foyda ekani, usiz sog‘liqni saqlash mumkin emasligi, ro‘za ko‘plab kasalliklarning davosi ekani isbot qilindi. Eng qizig‘i, bu ilmiy kashfiyotlarning hammasi musulmon bo‘lmagan kishilar tomonidan qilindi va qilinmoqda.

Mazkur ilmiy tajribalarning natijalari Islom dinida bundan o‘n besh asr ilgari ro‘za tutishni farz qilinishi ilmiy mo‘jiza bo‘lganiga dalolat sifatida qabul qilinmoqda. Yoki boshqacha qilib aytadigan bo‘lsak, Alloh taoloning: “Ro‘za tutmog‘ingiz siz uchun yaxshidir”, degan oyati va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning: “Ro‘za tutinglar, salomat bo‘lasizlar”, degan hadislari mo‘jizasi isbot bo‘lmoqda.

Tibbiy ilmiy izlanishlar oqibatida ro‘zaning turli jismiy va ruhiy kasalliklardan himoya qilish, ularning oldini olishda foydasi borligi sobit bo‘ldi. Jumladan:
  • Ro‘za insondagi kasalliklarga qarshi qobiliyat (immunitet)ni kuchaytiradi. Chunki ro‘za tutgan odamda ushbu maqsadga xizmat qiluvchi hujayralar o‘n marta ko‘payishi ilmiy ravishda sobit bo‘lgan.
  • Ro‘za tutgan odamda semizlikka qarshi monelik paydo bo‘ladi. Chunki odatda semizlik g‘izoni hazm qilishdagi nuqsondan, atrof-muhitdagi nafsoniy va ijtimoiy ta’sirlar orqali kelib chiqadi.
    Gohida ruhiy iztirob ham g‘izoni noto‘g‘ri ta’sir qilishga olib borishi mumkin. Ro‘za tutgan odam ruhiy, aqliy istiqrorga ega bo‘ladi. Chunki ro‘zador odam imoniy muhitda ko‘p ibodat, zikr, Qur’on tilovati qilib vaqt o‘tkazadi. Turli achchiqlanish, asabiylashish, urush-janjallardan yiroq bo‘ladi.
  • Ro‘za buyrakda toshlar yig‘ilishidan saqlaydi. Chunki ro‘za tutgan odamning qonida soda ko‘payib, kaliy tuzlari to‘planishini ma’n qiladi. Shuningdek, ro‘zador siydigida siydik yo‘llaridagi tuzlarni to‘planib qolishini yo‘qotadigan modda ko‘payishi ham ilmiy ravishda isbot etilgan.
  • Ro‘za inson jismini uning to‘qimalarida to‘planib qoladigan turli zararli moddalardan tozalashda yordam beradi. Ma’lumki, oziq-ovqat, dori-darmon va havo orqali inson jismiga ko‘plab zararli moddalar kirib, to‘planib qoladi. Ana o‘sha moddalar faqat ro‘za tutish orqali chiqib ketadi.
  • Ro‘za jinsiy moyillikning kuchini qirqadi. Bu esa, ayniqsa yoshlar uchun juda ham foydalik bo‘lib, jismni turli asabiy va jismoniy iztiroblardan saqlaydi. Bu holat ham ilmiy tajribalar orqali isbot qilingan.

Omonjonov Zikrillo Xikmatillo o‘g‘li

Manba: muslim.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Ro‘zaning inson salomatligiga tibbiy foydalari