15:47 / 03.12.2020
3 413

Berlindagi hamyurtimiz Dilbar Bahodirova bilan suhbat

Berlindagi hamyurtimiz Dilbar Bahodirova bilan suhbat
«Xorijdagi vatandoshlar» bilan intervyularni davom ettiramiz. Navbatdagi suhbatdoshimiz Berlin iqtosodiyot va huquq maktabining «Xalqaro biznes boshqaruvi» yo‘nalishi magistranti Dilbar Bahodirova. Suhbatdoshimiz 2019 yil Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetini tamomlagan. U bilan suhbatimiz Germaniyadagi ta’lim, ilmiy ishi, kreativ industriya va shu kabi boshqa mavzularda kechdi.

— Dilbar Vesminster universitetidagi ta’lim sizga nimalar berdi — suhbatni shu mavzuda boshlasak?
— Bolaligimdan o‘zimning muvaffaqiyat tariximga ega inson bo‘lishni orzu qilardim. Albatta muvaffaqiyatga erishish uchun esa, tinimsiz o‘qish va izlanish kerak.

Ochig‘i, ta’limga jiddiy e’tibor qaratadigan, ziyoli oilada tug‘ilib o‘sganimdan juda faxrlanaman. Boisi ota-onam biz farzandlarning ta’lim olishimiz uchun barcha sharoitlarni yaratib bergan edi.

O‘rta maktab va akademik litseyni tugatgandan so‘ng men mamlakatimizdagi nufuzli oliygohlardan biri — Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetida moliya bo‘yicha bakalavr darajasini olish uchun o‘qishga kirdim. Bakalavrdagi asosiy ilmiy qiziqishim korrupsiyaning Markaziy Osiyo va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlaridagi iqtisodiy o‘sishga bo‘lgan ta’siriga asoslangan edi.

O‘qish davomida iqtisodiy modellarni hayotiy holatlarga tadbiq etish, statistik va ekonometrik tahlillar, siyosatning ta’sirini baholash, moliyaviy boshqaruv va boshqalar to‘g‘risida juda ko‘p bilimlarga ega bo‘ldim.

Qolaversa, ta’lim muassasi menga liderlik qobiliyatimni rivojlantirishga ham yordam berdi. Masalan, bakalavr davrida ko‘plab nufuzli xalqaro konferensiya, loyiha va dasturlarda ishtirokchi, koordinator bo‘ldim.

— Nima uchun magistraturani aynan Germaniyada olishga qaror qildingiz va Germaniya o‘zi qanday ta’lim imkoniyatlarini beradi?
— Germaniya iqtisodiy, siyosiy jihatdan barqaror va xavfsiz mamlakat. Shaharda yoki qishloqda, kunduzi yoki kechasi erkin yurishingiz mumkin.
Shu bilan birga, mamlakat an’anaviy ravishda xorijliklar uchun o‘ziga xos markaz bo‘lib kelgan. Hozirgi kunda nemislar bu yerga ishlash va oilalari bilan yashash uchun kelgan ko‘plab chet elliklar bilan hamjihatlikda yashaydi.

Bundan tashqari, Germaniya universitetlari o‘zlarining ta’lim maqsadlariga erishish niyatidagi minglab xalqaro talabalarni jalb qilmoqda. Bu yerda siz har xil jamoatchilikka duch kelasiz, ularning har biri o‘ziga xos xususiyatlarga ega, bu sizni dunyoni boshqa rakursdan ko‘rishga imkon beradi.

Berlin iqtisodiyot va huquq maktabining magistrlik dasturi esa, menga kreativ sanoatni boshqarish, shu va shu kabi sohalarni zamonaviy va xalqaro usullarda qo‘llab-quvvatlashni o‘rganishimda ko‘mak ko‘rsatadi. Shuningdek, dastur atrof-muhit, ushbu sohalarda ishtirok etadigan odamlar, jarayonlar va mahsulotlar to‘g‘risida aniq, amaliy tushunchalarimni rivojlantiradi.

Men bu yerga Germaniya hukumatining nufuzli DAAD dasturi stipendiyanti bo‘lib kelganman. Stipendiya o‘qish davridagi deyarli barcha xarajatlaringizni qoplaydi.

Umuman, DAAD dasturi stipendiyasi xorijiy talabalar, doktorantlar va ilmiy tadqiqotchilarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

— Magistraturadagi ilmiy ishingiz qanday muammo yechimiga qaratilgan?
— Markaziy Osiyo mintaqasida ijodiy sohalarning rivojlanishi barqaror ijtimoiy va iqtisodiy o‘sish, inson kapitaliga investitsiyalar, inklyuziv jamiyat, ish o‘rinlari yaratish va innovatsiyalarni rag‘batlantirishi mumkin. O‘ylashimcha, Markaziy Osiyo iqtisodiy o‘zgarishlar va innovatsion iqtisodiyot va boshqa sohalarga o‘z hissasini qo‘shish imkoniyati mavjud.

Berlin — bu ijodiy sohalar uchun qaynoq nuqta. So‘nggi bir necha o‘n yilliklar davomida madaniy va ijodiy sohalar Yevropada, ayniqsa, Germaniyada rivojlanib kelmoqda. Ular yangi ish joylari, boylik va jamoat ishlarini yaratmoqdalar. Men magistrlik dissertatsiyamni aynan shu masalalarga qaratishni rejalashtirmoqdaman.

— Mamlakatimizda sohangizning rivojlanishiga to‘siq bo‘layotgan omillar nimalar va ularni bartaraf etish uchun takliflaringiz bormi?
— Afsuski, O‘zbekistonda yoshlarning oliy ma’lumot olish imkoniyati past. Qolaversa, ta’limdagi gender nomutanosibligi Markaziy Osiyo mintaqasida ancha yuqori. Ya’ni ta’limda ayollar ulushi ancha kam. O‘zgarishlarni amalga oshirishning yagona usuli bu mamlakatni yanada kengroq ochish va o‘qimishli yoshlarni mamlakatga jalb qilish, deb hisoblayman.

Bundan tashqari, yurtimizda hali ham ijodkorlik va innovatsion fikrlashning aniq bir konsepsiyasi mavjud emas.

Shuningdek, yoshlarni tanqidiy va ijodiy fikrlashini rivojlantirish uchun e’tiborni kuchaytirish zarur. Chunki taraqqiyot inson kapitaliga to‘liq bog‘liqdir. Mening fikrimcha, ta’limga uzoq muddatli sarmoya ertangi kun rahbarlarini tarbiyalashga yaxlit muhit yaratish uchun rag‘batlantiruvchi va asosiy omil bo‘ladi.

— Berlinda qo‘shimcha ravishda Creative Industries Managementni o‘rganayotganingizni aytdingiz. Mazkur soha qay darajada ahamiyatli?
— Hozirgi kunda badiiy hunarmandchilik, reklama, dizayn, ko‘ngil ochar, arxitektura, kitoblar, ommaviy axborot vositalari va dasturiy ta’minotni o‘z ichiga olgan madaniy va ijodiy sohalardagi xalqaro biznes menejmenti dasturini qo‘shimcha ravishda o‘rganib kelyapman.

Dastur ijodiy ishbilarmonlik muammolarini iqtisodiy asos bilan hal qilish qobiliyatini olish, san’at va tadbirkorlik o‘rtasidagi transversal vakolatlarni rivojlantirish va potensial harakatlar rejalarini ishlab chiqarish, keyingi tahliliy ko‘nikmalarni yaxshilash va murakkab muammolarni baholash, shuningdek, baholash uchun dizayn tafakkuriga ega bo‘lish imkoniyatini beradi.

Shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, san’at insonning yaratuvchanligi, tasavvur kuchi va improvizatsiya qobiliyati tufayli mavjuddir — bularning barchasi hech qachon sun’iy aql kuchi ostida bo‘lmaydi.

— Kelajakdagi rejalaringiz qanday?
— Mening aniq loyiham — eski fabrika binolarini ijodiy guruhlarga aylantirish va har bir mintaqada, xususan, O‘zbekiston atrofidagi iste’dodli insonlar jamoasiga yangi hayotni shakllantishdir.

O‘ylaymanki, bunday joylar uning hududida asosiy faoliyati ijodkorlik, san’at va dizaynni namoyon qilish bilan shug‘ullanadigan odamlar jamoasini birlashtiradi va yosh loyihalarni rivojlantirish, ijodiy shaxslarning o‘zini namoyon qilishi va iqtisodiy hissa qo‘shadigan kuchli maydonga aylanadi.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Berlindagi hamyurtimiz Dilbar Bahodirova bilan suhbat