16:52 / 19.09.2021
11 242

Organizmda safro turg‘unligining belgilari va davolash chorasi

Organizmda safro turg‘unligining belgilari va davolash chorasi
Foto: «24 Kanal»
Ma’lum vaqt davomida muntazam ovqatlangandan so‘ng hazm qilish jarayoni buzilib, noxushlik bezovta qiladi. Ovqat yaxshi hazm bo‘lmasligining sabablaridan biri safro turg‘unligidir.

Safro jigarda ishlab chiqariladi va o‘t yo‘llari orqali o‘n ikki barmoq ichakka ovqatlangandan so‘ng quyiladi. Boshqa vaqtda u o‘t qopida to‘planadi. O‘t qopida safro tarkibidagi suv so‘riladi va quyuqlashadi. Safro turg‘unligi bu ikkilamchi holat. Bunga noto‘g‘ri turmush tarzi, vaqtida ovqatlanmaslik, asabiy toliqish, stress, o‘t qopida bukilish sabab bo‘ladi. Safroning turg‘unligi qancha ko‘p davom etsa, quyuqligi oshadi va avvaliga quyqalar, so‘ng toshlar paydo bo‘lishi mumkin.

Safroning organizmdagi vazifasi nimalardan iborat?
- yog‘larni suvda eriydigan yog‘ kislotalariga parchalaydi;
- zararli mikroblarni o‘ldiradi;
- oshqozon shirasi kislotasini neytrallashtiradi, bu ichaklarga ziyon qilishining oldini oladi;
- ichak fermentlarini faollashtiradi;
- oshqozon-ichak yo‘llarining peristaltikasini rag‘batlantiradi;
- vitamin, aminokislota, xolesterin va boshqa moddalarning so‘rilishini rag‘batlantiradi;
- oshqozon osti bezi ishini tartibga soluvchi gormonlar ishlab chiqarishni ta’minlaydi;
- organizm uchun zararli birikmalarning ichakdan chiqarib yuborish jarayonini tezlashtiradi.

Safro turg‘unligi belgilari
- o‘ng qovurg‘a osti sohasida og‘riq;
- tez-tez kekirish;
- yog‘li taomlardan keyin noqulaylik, qorin dam bo‘lishi;
- og‘izga achchiq ta’m paydo bo‘lishi, ko‘ngil aynishi;
- ich qotishi yoki tez-tez ketishi;
- zaiflik, doimo charchoq;
- terida qichishish, teri va ko‘zda sarg‘ishlik.

Safro turg‘unligining qanday oldini olish mumkin?
Vaqtida ovqatlanish, ayniqsa, ertalabki nonushta muhim. Chunki tun davomida safro o‘t qopiga ko‘p miqdorda to‘planadi, ovqatlanganda qisqarib, ichaklarga quyiladi. Shuning uchun ham o‘t qopini UZD tekshiruvi ertalab och qoringa bajariladi. Qolaversa, ish yuzasidan yoki boshqa sabablardan ertalabdan asabning buzilishi, stress holatlar paydo bo‘lishi mumkin, natijada o‘t yo‘llarining noto‘g‘ri ishlashi yuzaga keladi. Bunda ovqat tanovul qilinishiga qaramay, o‘t qopi qisqarmaydi, safro turg‘unligi kuchayadi. Shuning uchun muntazam ravishda suv ichish tavsiya etiladi. Ertalab nonushtadan oldin jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanish ishtahani ochadi, kayfiyatni ko‘taradi. Shifokor maslahati bilan o‘t haydaydigan, o‘tni suyultiradigan va o‘t yo‘llarini ishlashini tartibga soladigan dorilarni ichish lozim.

Shifokor Xurshid A’zamxo‘jayev tavsiyalari asosida tayyorlandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Organizmda safro turg‘unligining belgilari va davolash chorasi