1 325
AQSH yuqori martabali mulozimi O‘zbekiston TIVda o‘tgan uchrashuv tafsilotlarini ochiqladi
Donald Lu so‘nggi besh oy ichida O‘zbekistonga ikkinchi bor tashrif buyurdi.
Foto: «Xabar.uz»
Bugun, 24 may kuni «Toshkent gullari» majmuasida AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tomonidan xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida amalga oshirilayotgan loyihalarga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Anjumanda ayni kunlarda yurtimizda mehmon bo‘lib turgan AQSH davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Donald Lu ham ishtirok etdi.
Tadbirda ma’lum qilinishicha, USAID’ning agrobiznesni rivojlantirish loyihasi doirasida mamlakatimiz xotin-qizlarini ish bilan ta’minlash, tadbirkor va hunarmand ayollarni qo‘llab-quvvatlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. 2021 yili mazkur loyihaga bir million AQSH dollari miqdorida mablag‘ ajratilgan edi.
Ayni paytda ushbu moliyaviy ko‘mak doirasida 1000 dan ziyod xotin-qizlar 18 ta yo‘nalishda bilim va malaka oshirish imkoniga ega bo‘lmoqda. Mazkur anjuman tashkil etilgan «Toshkent gullari» majmuasida ham xotin-qizlarni gul parvarishi san’atiga o‘rgatish bo‘yicha seminarlar o‘tkazilmoqda.
Tadbirning faxriy mehmoni – Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Donald Lu o‘zbekistonlik xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalar izchil davom ettirilishini ma’lum qildi.
Avval xabar berganimizdek, AQSHlik yuqori martabali diplomat O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov bilan muzokara o‘tkazdi.
Fursatdan foydalanib, Davlat kotibi yordamchisidan O‘zbekiston TIVda kechgan muzokaralar xususida so‘radik.
«Men O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov bilan camimiy suhbatlashish imkoniga ega bo‘ldim. Bu – V.Norov bilan ilk uchrashuvimizdir. U menda yaxshi suhbatdosh, diplomatiya hamda AQSH bilan munosabatlar borasida katta tajribaga ega inson sifatida ijobiy taassurot qoldirdi.
Sir emas, ayni paytda O‘zbekiston, umuman, Markaziy Osiyoda o‘ziga yarasha iqtisodiy mushkulotlar kuzatilmoqda. Bu borada narx-navo oshishi, mahsulotlarni eksport qilishdagi qiyinchiliklar, Rossiyadan mehnat muhojirlarining qaytishi kabilarni qayd etish mumkin. Vashingtondan shunday mujda keltirdik: AQSH ushbu mushkulotlar yechimida O‘zbekistonga ko‘mak bermoqchi», – deydi Donald Lu qisqa intervyusida.
Diplomatning ta’kidlashicha, O‘zbekiston tomoni bu boradagi takliflarga qiziqish bildirmoqda.
«Mehnat bozori taraqqiyotni belgilovchi omillar sirasiga kiradi. Negaki, aqlli va salohiyatli kadrlarni tayyorlash orqali mamlakat rivojini jadallashtirish mumkin. Biz ham ish o‘rinlari yaratish, kadrlar malakasini oshirish orqali pirovardida farovonlikka hissa qo‘shmoqchimiz. O‘zbekiston mahsulotlarini YEI, AQSH, Yaponiya, Janubiy Koreya va boshqa davlatlarga eksportiga ko‘maklashishga ham shaymiz. O‘ylaymizki, taklif etilayotgan imkoniyatlar O‘zbekiston taraqqiyotiga xizmat qiladi», – deydi Davlat kotibi yordamchisi.
Davlat departamenti vakili muzokaralarda O‘zbekistonda siyosiy va iqtisodiy islohotlarni davom ettirish zarurati yodga olinganini ham qayd etdi.
Eslatib o‘tamiz, AQSH davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi Donald Lu 2021 yil dekabr oyida ham yurtimizga tashrif buyurgan va tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan birgalikda ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik muloqotining birinchi majlisini o‘tkazgan edi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi