14:19 / 04.10.2022
995

O‘zbekistonda Vengriya kompaniyalari uchun alohida sanoat zonasi ajratilishi kutilmoqda

O‘zbekistonda Vengriya kompaniyalari uchun alohida sanoat zonasi ajratilishi kutilmoqda
Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati
3 oktabr kuni Shavkat Mirziyoyevning Vengriyaga tashrifi arafasida Budapesht shahrida o‘zbek-venger biznes-forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, forumda Vengriya tashqi ishlar va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Peter Siyyarto Vengriya biznes vakillarini o‘zbekistonlik tadbirkorlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va mustahkamlashga chaqirdi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev O‘zbekiston vengriyalik tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. Shu munosabat bilan Vengriya kompaniyalari uchun O‘zbekistonda alohida sanoat zonasi ajratish, mahsulotlarga eksklyuziv imtiyozlar berish va kafolatli xarid qilish, shuningdek, tashkil etilayotgan ustuvor loyihalarni moliyalashtirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan istiqbolli tashabbuslarni birgalikda amalga oshirish kabi aniq chora-tadbirlarni qayd etidi.

Forum davomida venger kompaniyalariga investitsiyaviy imkoniyatlar, jumladan, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, shuningdek, elektronika va elektrotexnika, to‘qimachilik, avtomobilsozlik, kimyo va qurilish sanoati sohalari haqida batafsil ma’lumot berildi.

O‘tgan yilning aprel oyida O‘zbekistonga GSP+ benefisiar maqomi berilgani tufayli Yevropa Ittifoqi hamda MDH bozorlariga imtiyozli chiqish imkoniyatlaridan foydalanib samarali sanoat kooperatsiyasi zanjirlarini yaratish istiqbollari vengriyalik ishlab chiqaruvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Biznes-forum doirasida O‘zbekiston va Vengriyaning vazirliklari, idoralari, tarmoq birlashmalari, banklari va yetakchi kompaniyalari rahbarlari o‘rtasida «G2B» va «B2B» formatidagi uchrashuvlar ham tashkil etilib, ular davomida ishtirokchilar qo‘shma korxonalar yaratish va o‘zaro manfaatli savdo shartnomalarini tuzish borasidagi masalalarni atroflicha ishlab chiqishga muvaffaq bo‘ldi.

Forum yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi istiqbollarni ochib beruvchi qator ikki tomonlama hujjatlar, investisiya bitimlari va eksport shartnomalari imzolandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » O‘zbekistonda Vengriya kompaniyalari uchun alohida sanoat zonasi ajratilishi kutilmoqda