date
views 546

Oʻzbekiston gaz masalasida Rossiya bilan “Yoʻl xaritasi”ni imzoladi

Oʻzbekiston gaz masalasida Rossiya bilan “Yoʻl xaritasi”ni imzoladi
Foto: "Gazprom"
Oʻzbekiston Energetika vazirligi va “Gazprom” oʻrtasida gaz sohasidagi hamkorlik boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi. Unda nima yozilgani hozircha noma'lum. Oʻtgan hafta shunga oʻxshash “Yoʻl xaritasi” Qozogʻiston bilan ham tuzilgan. Avvalroq Rossiya bu ikki mamlakatning gaz-transport tarmoqlarini “Gazprom” egaligiga oʻtkazishni soʻragani, lekin rad javobini olgani ma'lum boʻlgandi.

Oʻzbekiston energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudov va Rossiyaning “Gazprom” davlat shirkati boshqaruvi raisi Aleksey Miller gaz sohasidagi hamkorlik boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni imzoladi.

Bu haqda bugun, 24 yanvar kuni “Gazprom” matbuot xizmati xabar berdi. Xabarda tafsilotlar ochiqlanmagan.

“Gazprom” bilan gaz sohasidagi hamkorlik boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni oʻtgan hafta Qozogʻiston ham imzolagan edi.

“Interfaks”ning yozishicha, Rossiya Qozogʻiston va Oʻzbekistonda ichki gaz iste'molning oʻsishi va Xitoy oldidagi eksport majburiyatlarini hisobga olgan holda, Qozogʻiston va Oʻzbekistonga gaz etkazib berish hajmini oshirmoqchi.

Buning uchun gaz etkazish infratuzilmasini modernizatsiya qilish va hatto yangi gaz quvurlarini qurish talab etilishi mumkin. Jumladan, Rossiya hududida gaz transporti infratuzilmasini rivojlantirish uchun 260 milliard rublga yaqin sarmoya kiritish kerak boʻladi. Bu haqda RF prezidenti Vladimir Putin ham aytib oʻtgandi.

Rossiyaning Markaziy Osiyoga gaz sotishga qiziqib qolishi Ukraina urushi fonida Evropa rus energoresurslaridan yuz oʻgirayotgan bir paytda roʻy bermoqda. Moskva buning uchun Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Rossiya ishtirokidagi uchtomonlama gaz ittifoqini tuzishni taklif qilyapti.

Avvalroq Rossiya Oʻzbekistonga gaz uzatish uchun mamlakatning gaz-transport tizimini “Gazprom”ga berishni soʻragani, shunday talab Qozogʻiston oldiga ham qoʻyilgani ma'lum boʻlgandi. Shuningdek, Moskva Markaziy Osiyodan Xitoyga gaz eksportini ham nazorat qilmoqchi boʻlayotgani aytilmoqda.

Oʻzbekiston energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudov mamlakat oʻz energiya tarmoqlarini “birovga berib yubormasligi”ni aytgan.

Milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda, oʻzimizning tarmoqlarni birovga berib yuborish yoki boshqa orqali emas, oldi-sotdi tijoriy shartnomalar asosida hamkorlik qilish boʻyicha muzokaralar olib borilyapti”, – degan vazir.

Biz milliy manfaatlarimizni hech qachon xavf ostiga qoʻymaymiz. Agarda siz aytayotgan choraga yoʻl qoʻyadigan boʻlsak ham, faqatgina tijoriy oldi-sotdi shartnomalari orqali amalga oshiramiz. Buning evaziga biror siyosiy shart qoʻyilishiga yoʻl qoʻymaymiz.

Agar gazni chegaramizgacha olib kelib, bizga ma'qul narxda bersa, olamiz, boʻlmasa yoʻq
”, – deya ta'kidlagan Mirzamahmudov.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Oʻzbekiston gaz masalasida Rossiya bilan “Yoʻl xaritasi”ni imzoladi