17:30 / 13.02.2023
389

Ekspert Turkiyadagi zilzilaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’sirini baholadi

Ekspert Turkiyadagi zilzilaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’sirini baholadi
6 fevral kuni Turkiyaning janubi-sharqiy viloyatlarida ro‘y bergan dahshatli zilzila misli ko‘rilmagan insoniy va iqtisodiy talafotlarni keltirib chiqardi. Bloomberg nashri tabiiy ofat oqibatida Turkiya iqtisodiyoti 84 milliard dollar miqdorida ziyon ko‘rishi haqida xabar berdi. Fojia manzarasi to‘laqonli namoyon bo‘lishi bilan raqamlar o‘zgarishi mumkin, albatta.

Tahlilchi Otabek Bakirovning fikricha, zilzila tufayli Turkiyaning iqtisodiy yo‘qotishlari YAIMning o‘rtacha 2 foizini tashkil etishi mumkin. Yo‘qotishlar zanjiri ayrim yomon ehtimollarda YAIMning 6 foizigacha yetadi. Eng ko‘p jabr ko‘rgan viloyatlar aynan sanoat markazlari hisoblanadi. Xalqaro valyuta jamg‘armasi hisob-kitobiga ko‘ra, 2023 yilda Turkiya iqtisodiyoti 3 foiz atrofida o‘sishi prognoz qilinayotgan edi. Endi o‘sish yo nol atrofida, hatto manfiy ham bo‘lishi mumkin.

Ekspert Turkiyadagi zilzilaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’siri borasidagi mulohazalari bilan ham bo‘lishdi.

«Turkiya O‘zbekistonning eksport bo‘yicha uchinchi, import bo‘yicha beshinchi savdo hamkori hisoblanadi. 2022 yilda busiz ham eksport va import hajmi qisqara boshlagandi. Zilzila oqibatida sanoat imkoniyatlari va iste’mol talabining qisqarishi ham eksportimizni, ham importimizni kamaytiradi. Turkiya pul o‘tkazmalari hajmi bo‘yicha ham, mehnat migrantlari vektorida ham O‘zbekistonga sezilarli ta’sirga ega. Mehnat migrantlari soni bo‘yicha, kiruvchi va chiquvchi o‘tkazmalar umumiy hajmi bo‘yicha Rossiya va Qozog‘istondan keyingi o‘rinni egallaydi», – deydi tahlilchi dastlabki kuzatuvlariga tayanib.

Ma’lumotlarga qaraganda, 2022 yilning 9 oyida O‘zbekistonda o‘zlashtirgan xorijiy investitsiya va kreditlarning 10 foizdan ziyodi yoki 700 mln dollari Turkiya hissasiga to‘g‘ri kelgan. 2021 yilda esa bu ko‘rsatkich 1,2 mlrd dollardan oshgan.

2022 yilda ikki davlatning o‘zaro tashqi savdo aylanmasi 3,2 mlrd dollarni tashkil etib, shundan 1,5 mlrd dollar – eksport, 1,7 mlrd dollari import hissasiga to‘g‘ri kelgan.

«Umuman olganda, Turkiyadagi zilzilani anomal sovuq va energetik krizisdan keyingi O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun navbatdagi «qora oqqush» deb hisoblasa bo‘ladi», – deya xulosa qiladi O.Bakirov.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Ekspert Turkiyadagi zilzilaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’sirini baholadi