Foto: Yevgeniy Razumniy / Vedomosti
Urush sababli Ukraina iqtisodiyoti uchdan birga qisqargan. Agar tashqi yordam bo‘lmasa, Ukraina iqtisodiyotini halokat kutmoqda. Lekin urush paytida ham, undan keyin ham Ukrainaga yordam beruvchi davlatlar bo‘ladi. Rossiya iqtisodiyotini esa, uzoq muddatli depressiya aniq kutyapti.
Rossiya budjetining taxminan 40 foizi – neft va gaz tushumlari bilan to‘ldiriladi. Davlat xomashyo kampaniyalaridan dividendlar va shu sohadan olinadigan turfa soliqlar natijasida yana taxminan 15-20 foiz budjetga tushum tushadi. Jami 60 foizga yaqinlashib qoladi.
Rossiyaning 70 foiz gazi va 55 foiz neftini Yevropa davlatlari sotib olardi. Rossiya Ukrainaga urush ochish orqali, de-fakto o‘zining eng asosiy mijozi bo‘lmish Yevropaga qarshi urush ochdi. Yevropa tezda Rossiya neft va gazidan voz kechgani sababli daromad hajmi keskin qisqardi.
Urush – juda qimmat turadigan tadbir. Urush sababli Rossiyaning xarajatlari oshgan, sanksiyalar sababli neft, gaz va oltindan tushumlar qisqargan.
Rossiyadagi urush O‘zbekiston uchun ikki o‘lchamga ega. Iqtisodiy o‘lchamga ko‘ra, bu urushning bilvosita zarari O‘zbekistonga va o‘zbekistonliklarga bo‘ladi. 2025-30 yillarda Rossiya iqtisodiyoti og‘ir kunlarni boshidan o‘tkazadi. Kelasi 2024 yilda Rossiyada prezidentlik saylovlari. Putin qoladi. U endi keta olmaydi.
Putin hokimiyatdan ketishini Vashington ham istamasa kerak. Chunki Putin orqali Rossiyani majruhlantirish jarayoni boshlandi. Bunday katta davlatlarni majruhlantirish – uzoq vaqt talab qiladi.
Rossiya – O‘zbekistonning birinchi yoki ikkinchi savdo-iqtisodiy hamkori. Bu davlatda millionlab vatandoshlarimiz ishlaydi. Demak, Rossiyadagi iqtisodiy inqiroz bizga ham ta’sir qiladi.
Lekin bu urushning siyosiy o‘lchami biz uchun muhimroq. Bu urush – Rossiyaning imperiya qurish yo‘lidagi urushi edi. Yaxshiki, Putin ishni Ukrainadan boshladi. Agar ishni Markaziy Osiyodan boshlaganida edi, tarix boshqa o‘zandan ketardi.
Rossiya Ukrainada amalda yutqazib bo‘ldi. Endi aniqki, Ukrainani to‘liq bosib ololmaydi. Ukraina Rossiyaning «bo‘g‘ziga tiqilib qoldi». Endi Rossiya boshqa davlatlarga tajovuz qila olmaydi. Chunki ma’lum bo‘ldiki, Rossiya Ukraina urushi uchun ham siyosiy, iqtisodiy va harbiy jihatdan tayyor bo‘lmagan ekan.
Rossiya hokimiyatidagi imperiyachilik loyihasining sinishi O‘zbekiston uchun keyingi o‘n yilliklardagi imkoniyatlarni anglatadi. Mintaqada Rossiyadan qo‘rqish yo‘qolib, yangi geosiyosiy tafakkur shakllanib boshlaydi.
Rossiyada Putinga xos imperiyachilik tafakkurining yiqilishi – Rossiya davlatchiligi yiqilishini anglatmaydi. Putindan keyingi Rossiya O‘zbekiston davlati va o‘zbekistonliklar uchun ancha jozibali bo‘lishi ham mumkin.
Agar Putindan keyingi Rossiyada liberal-demokratik jarayonlar g‘alaba qozonib, hokimiyatga kelsa, bu Markaziy Osiyo mintaqasiga ham ijobiy ta’sir qilgan bo‘lar edi. Albatta, imperiyachilik kayfiyatlari, odatda, tez yo‘qolmaydi.
Putindan keyin ham bunday kayfiyatlar yoki loyihalar liberal g‘oyalar bilan aralashgan holda saqlanib, kuchayib turishi ham mumkin. Lekin nazarimda, aynan bugungi kunda Rossiya imperiyachiligi o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga chiqib, yiqilish agoniyasini boshidan kechirmoqda. Ukraina urushi – aynan imperiyachilik motivi bilan boshlangan urush hisoblanadi.
Postsovet hududidagi ikki eng katta davlat – Rossiya va Ukraina (ularning ikkisi ham slavyan va pravoslav) urushar ekan, uchinchi yirik davlat bo‘lmish O‘zbekistonni ham keyingi yillarda iqtisodiy va siyosiy zo‘riqishlar kutadi.
Har yili vatandoshlarimiz Rossiyadan yuborgan milliardlab dollar pullar O‘zbekiston jamiyatini tinchlantiruvchi, barqarorlashtiruvchi fond rolini o‘ynab keldi. Bu O‘zbekistondagi iqtisodiy o‘sishga qo‘shimcha kuchli vosita rolini o‘ynadi. Endi esa keyingi yillarda mana shu jo‘natmalarning hajmi sezilarli darajada yoki keskin qisqarishi mumkin.
Qolaversa, xalqaro iqtisodiy institutlar ma’lumotlariga ko‘ra, keyingi yillarda dunyo yalpi ichki mahsuloti o‘sishi anchagina sekinlashadi. Demak, pandemiya, Ukraina urushi, global iqtisodiy retsessiya xavfi fonida O‘zbekiston o‘zining ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlik va rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha loyihalarni tayyorlab qo‘yishi talab etiladi.
Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Ramzan Qodirov G‘arb davlatlariga hujum qilishga chaqirdi: “Haqiqiy urush qandayligini his qilishsin”
Diniy qo‘mita Umra ziyoratini tashkil qilish uchun 12 ta turfirmaga litsenziya berdi
Xonanda Ruxshona uylanmagan yigitga turmushga chiqqani haqida so‘zlab berdi
22 noyabr kuni Cobalt avtomobiliga shartnoma ochilishi e’lon qilindi
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?