Prezident videoselektorida har bir tadbirkorning muammosini hal qilishga alohida soliqchi mas’ul bo‘lishi belgilandi.
Bunda, yillik aylanmasi:
- 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan mikro biznes vakillari bilan mahalladagi soliq xodimlari;
- 10 milliard so‘mgacha bo‘lgan kichik tadbirkorlar bilan tuman soliq rahbari va uning o‘rinbosarlari;
- 100 milliard so‘mgacha bo‘lgan o‘rta biznes korxonalari bilan viloyat soliq rahbari va uning o‘rinbosarlari;
- 100 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan yirik korxonalar bilan esa Soliq qo‘mitasi o‘rinbosarlari shaxsan ishlab, ularning muammolarini hal qilib boradi.
1 sentabrdan boshlab tadbirkorlik sub’yektlari yer va mol-mulk soliqlari bo‘yicha hisobot topshirmaydi. Bu ishlar bilan mahallaga biriktirilgan soliqchilar shug‘ullanadi.
Kelgusi yil 1 yanvardan esa kichik biznes sub’yektlari va fermerlarning hisobotini soliq idoralari elektron shaklda yuritadigan tizim bo‘ladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Soliq qo‘mitasiga soliq idoralarini korrupsiyadan xoli tuzilmaga aylantirish, xodimlarining ma’naviy-axloqiy qiyofasini yaxshilash bo‘yicha tizim yaratish topshirildi.