“Tadbirkorlik subyektlari tomonidan davlat organlariga hisobot va statistik maʼlumotlarni taqdim etish jarayonlarini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Telegram’dagi “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.
Qarorga ko‘ra, 2024-yildan tadbirkorlardan talab qilinadigan, o‘zaro bir-birini takrorlovchi va davlat organlarining boshqa organlardan olish imkoniyati mavjud bo‘lgan 8 turdagi hisobot va statistik maʼlumotlar bekor qilinadi.
Shuningdek, tadbirkorlik subyektlari tomonidan davlat organlariga taqdim etiladigan hisobot va statistik maʼlumotlarning yagona ro‘yxati tasdiqlandi.
Qarorga ko‘ra, hisobotlar faqat axborot tizimlari orqali taqdim etiladi. 2026-yil 1-yanvargacha “tadbirkorlik subyektining shaxsiy kabineti” orqali hisobotlarni shakllantirish va davlat organlariga taqdim etishni nazarda tutuvchi yagona hisobotlar tizimi joriy qilinadi.
Hisobotlarni topshirish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
- 2026-yil 1-yanvardan barcha tadbirkorlar uchun – ixtiyoriy;
- 2027-yil 1-yanvardan kichik va o‘rta tadbirkorlik subyektlari uchun – majburiy;
- 2028-yil 1-yanvardan barcha tadbirkorlar uchun – majburiy.