Soliq maslahatchisi Murod Muhammadjonov Kun.uz'ga bergan intervyusida soliq tizimida kutilayotgan o‘zgarishlarni sharhlab berdi. Asosiy yangiliklar kafe va restoranlar, mehmonxonalar va turoperatorlarga taalluqli. Shuningdek, elektron tovar yuk xatini rasmiylashtirish soddalashtirilmoqda.
“O‘zbekiston fuqarosi bir burda non yedimi, u – soliq to‘lovchi”
— Asosiy mavzuga o‘tishdan oldin, “Oriat Dono” radiosidagi efirda soliqlar qayerga ketayotganini hukumatdan talab qiladigan aholiga nisbatan negativ fikr bildirib, “sen o‘zing kimsan, soliqlarni qayerga ketayotganini so‘rashga haqqing yo‘q” degan ma’noda fikr bildirilgan ekan, shu fikrga mutaxassis sifatida o‘zimning fikrimni bildirishni joiz deb topdim.
Hurmatli bloger, jurnalistlar, shoirlar – agar sizning mutaxassisligingiz bo‘yicha masalalarga biz aralashadigan bo‘lsak, bizni tanqid qilishga arziydi. Lekin soliq masalasiga kelganda, biroz ehtiyot bo‘lishingizni so‘rardik. Har bir O‘zbekiston fuqarosi soliq to‘lovchi hisoblanadi. U daromad topib soliq to‘lashi shart emas, bir burda non yedimi, u soliq to‘lovchi. Har bir iste’mol qilayotgan mahsulotingiz ichida soliq bor. Masalan, qo‘shimcha qiymat solig‘ining oxirgi to‘lovchisi – iste’molchi hisoblanadi. Sotib olayotgan narsamdan barcha soliqlarni olib tashlab, menga sotadigan bo‘lsa, unda “soliq to‘lamagansan” deb aytishsa bo‘ladi. Daromad topdikmi, topmadikmi, iste’molchi sifatida yuribmizmi – soliq to‘lovchimiz. Soliq to‘lovchi bo‘ldikmi, har bir shaxsning hukumatdan to‘lagan soliqlarim qayerga ketdi, deb so‘rashga haqqi bor. Chunki hukumat, davlat degan shaxs yo‘q. Davlatni ham shu soliq to‘lovchilardan tashkil topgan odamlar boshqaradi xolos. Bizning pulimizni qayerga ishlatyapsan deyishga haqqimiz bor. Aynan shu narsani talab qilishi, har bir so‘m qayerga ketayotganini ko‘rsatish – soliq madaniyatini oshiradigan omillardan hisoblanadi.
Oddiy misol, Yaponiyada soliq to‘lovchi yil tugagandan keyin deklaratsiyasini topshiradigan bo‘lsa, 10 minut ichida unga sms keladi. Bir yil ichida to‘lagan soliqlaringning qaysi biri qayerga ketdi deb, har bir manba bo‘yicha ajratib beradi. Ko‘prikka ketdimi, mudofaaga ketdimi, tibbiyotgami, ko‘rsatib beradi. Shunchalik shaffoflik darajasi yuqoriki, ketgan summaga qarab, tibbiyotga qancha pul ketdi-yu, aynan mening pulimga nima olindi degan narsagacha kuzatsa bo‘ladi, Bu darajada shaffoflik, soliq to‘lovchilar to‘lagan soliqlari qayerga ketganini ko‘ra olishi odamlarda soliq madaniyatini oshiradi. Odamlar soliq to‘lamaslikka uyaladi keyin.
Boshqa soha vakillaridan ham, hukumatdan ham so‘rayman: soliq to‘lovchilarga bunaqa munosabat qilish teskari effekt berishi mumkin.
— Asosiy mavzumizga qaytsak. Davlat rahbarining tadbirkorlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida QQS to‘lashga o‘tgan kafe va restoranlar 1 dekabrdan boshlab naqd pulga sotib olgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini kirim qilishda hech qanday hujjat talab qilinmasligi aytildi. Bu yangilikni mutaxassis sifatida qanday tushuntirib bera olasiz?
— Sal orqaga qaytsak. Prezident huzuridagi tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash kengashi va SSP tomonidan 20ga yaqin soha vakillari bilan ochiq muloqotlar bo‘lib o‘tdi. Tadbirkorlarda qanday muammolar yuzaga kelayotgani o‘rganilib, shu fikrlar bildirilgan va tegishli mutasaddilar orqali prezidentga olib chiqilgan.
Umumiy ovqatlanish korxonalarida naqd pulga sotib olingan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun hujjat talab qilmaslik masalasi bor. Bu taklifni o‘zim ham bergandim. Tadbirkorda bir xususiyat bor, ishlab topgan pulini bankka topshirishdan ko‘ra, bu pul meniki degan hissiyot bo‘ladi. Bu mening pulim ketib qoladi degan qo‘rquvga aylanadi. Maqsadimiz soliq olish bo‘lsa, solig‘ini olaylik, lekin qo‘lidagi puliga tegmaylik, degan pozitsiyaga o‘tildi. Naqd pul tushdi, tadbirkor u pulni inkassatsiya qilib, bankdan qaytarib olib, bozordan qishloq xo‘jaligi mahsulotini sotib olguncha, deylik bir kunda 10 mln so‘m 2 marta aylanadi. Bundan QQS to‘lanadi deydigan bo‘lsak, bu pul 1 mln 200 ming so‘mga aylanyapti. Tadbirkor shunday toifaki, u pulni hozir va tezroq aylantirishi kerak. Kassada naqd puli bormi, u pulni 2 marta aylantirgandan ko‘ra, 1 kunda o‘sha pulni 2 marta aylantirgani yaxshi. 2 kunda 1,2 mln so‘m emas, 1 kunda 2,4 mln so‘m budjetga tushsin. Erkinlik yarataylik, keyin talab qilaylik degan fikr prezident tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan naqd pullar kassaga urilishi sharti talabi saqlanib qoladi, kassadan urgan pullaridan oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olaveradi. Shu kungacha soliq organlari tomonidan tekshiruv bo‘lganda, bu qishloq xo‘jaligi mahsulotini kimdan olding, o‘zi yetishtirganmi yoki yo‘q, daromad solig‘ini to‘laganmisan degan muammo kelib chiqadi. Bozordan olib kelgan narsasiga 12 foiz daromad solig‘ini qo‘yishardi. O‘sha narsaning ham oldi olinib, hech qanday hujjat so‘ramaslik tartibi ishga tushyapti. Umumiy ovqatlanish korxonalari uchun katta yengillik bo‘ladi bu.
Naqd pulga savdosini qildi, olib keldi. Endi solig‘im ko‘payib ketdi degan hissiyot bo‘ladi. Endi kengroq imkoniyat yaratib berildi: plastik kartaga savdo qilgan qismi 60 foizdan oshadigan bo‘lsa, to‘lagan QQSning 40 foizi keshbek sifatida qaytarib beriladi, degan narsa bo‘ldi. Stimul bunday: naqd pulga qilgan savdongga mahsulot sotib olaver, lekin plastik kartaga qilgan savdong uchun to‘lagan qo‘shimcha qiymat solig‘ingning 40 foizini qaytarib beramiz. Savdo 60 foizdan kamroq bo‘lsa, 20 foizini qaytaramiz. Bu bir-biriga qarama-qarshi, biznesni oqqa olib kirishga stimul sifatida ko‘riladi.
— Bu tartib umumiy ovqatlanish korxonalaridan tashqari, mehmonxona va turoperatorlar uchun ham tatbiq qilinyapti. Kimlarga to‘langan QQSning 20 foizi, kimlarga 40 foizi keshbek sifatida qaytariladi?
— Umumiy ovqatlanish korxonalari naqd pulga savdosini qilib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini olib keldi. Bu katta imkoniyat. Qorabozorni oqqa stimul qilish uchun QQSdan keshbek berish yo‘lga qo‘yiladi. Bankdan tashqari aylanmalarni qisqartirish uchun shunday qilinyapti.
Umumiy savdo tushumining 60 foizidan yuqori qismi plastik karta orqali amalga oshirilgan bo‘lsa, to‘lagan QQSning 40 foizi keshbek sifatida qaytariladi. Agar 60 foizdan past bo‘lsa, 20 foizi qaytariladi. 58 foiz bo‘lib qoldi deylik, qo‘limdagi naqd pulni olgandan ko‘ra, 20 foizni keshbekka aylantiraman deb ko‘proq karta orqali inkassatsiya qilishga harakat qilaman. Bu qorabozorni bir qadam bo‘lsa ham oqqa o‘tkazishga stimul beradi.
— Kafe va restoranlarga oid yana bir yangilik bu – kunlik ishlaydigan xodimlar, ofitsiantlarni ishga olishning soddalashtirilgan tartibi joriy qilinishi bilan bog‘liq. Tadbirkorlarda kadrlar qo‘nimsizligi muammolardan biri, ishga kirgan xodimlar tez-tez ketib qoladi. Ularni ishga yollashga oid bu soddalashtirilgan tartib qanday ishlaydi va haqiqatan muammoni yechishga yordam beradimi?
— Hozir har bir xodimni ishga qabul qilishda mehnat.uz'dan o‘tkazish kerak. Mehnat shartnomasi tuzib, mehnat daftarchasini yuritish jarayoni katta bo‘lib ketyapti, kelayotgan kadrlar – idish yuvuvchilar, ofitsiantlar bilan mehnat shartnomasini qilamiz deydigan bo‘lsa, u kasb egalariga bunaqa narsa kerak emas. Qaysi ma’noda? Ularning o‘zi ham bugun ishlab ertaga ketishini biladi. Bu narsa umumiy ovqatlanish korxonalari uchun noqulay. Ularni rasman ishga olish kelayotgan kadrlar uchun qulay emas.
Kichik soddalashtirilgan shablon ishlab chiqiladi. O‘sha shablon buxgalteriyaga taqdim etiladigan bo‘lsa, fuqarolik huquqiy shartnoma tusida shakllantiriladi va mehnat.uz'ga kiritib o‘tirilmasa, jarayon juda qisqaradi. Bir varaq qog‘oz bilan xohlasa, bir kunga, xohlasa bir yilga tuziladi. Xohlasa keldi, kelmasa, kelgan kuni uchun pulini oladi. Bu xodimlar qo‘nimsizligi muammosini yechadi. Korxonani borib tekshirsangiz, 50ta odam yurgan bo‘lishi mumkin, hujjatda 5-6 odam bo‘lishi mumkin. Ularga kunlik pul berish uchun kassaga urilmagan puldan berishga to‘g‘ri kelayotgandi. Endi kunlik ishga keladiganlar uchun tabel qilinib, kassaga uriladigan puldan haq beriladi. Birinchidan, xodimlarning hammasi qonuniy kirim qilinsin, ikkinchidan, ularga berilayotgan pul qonuniy bo‘lsin. Biz shunaqa sharoit yaratgandan keyin ham xodimni kirim qilmasa, unga beradigan oylikni ko‘rsatmaydigan bo‘lsa, undan keyin jazolasak arziydi.
— Yana bir masala: Elektron tovar yuk xatini rasmiylashtirish jarayoni nisbatan soddalashtirilyapti, uni to‘ldirishdagi ko‘rsatkichlar 49 tadan 4 tagacha tushadi. O‘zi bu borada muammo nimada edi?
— 1 maydan boshlab yirik soliq to‘lovchilarga, 1 iyuldan boshlab hamma soliq to‘lovchilariga tovar yuk xatlarini elektron yuk xatini rasmiylashtirish majburiy tusga kirdi. Ishlab chiqarish zavodidan o‘zingizning do‘koningizga tovar jo‘natadigan bo‘lsangiz, avval qog‘oz ko‘rinishida yuk xati qilinardi. Ko‘chada kimdir to‘xtatsa, bu o‘g‘irlangan tovar emas, falonchining tovari degan narsani ko‘rsatish uchun shunday qilinardi. Aynan shu narsani elektron ko‘rinishga o‘tkazish majburiy bo‘ldi. Bundan maqsad – qorabozordan oqqa o‘tkazish edi. Soliq organlari minglab yuk tashish bilan shug‘ullanadiganlarning hech biri soliq to‘lamayapti, deydi. Elektron qiladigan bo‘lsak, budjetga tushumlar ko‘payadi degan pozitsiya edi.
Soya ortidagi boshqa yaxshilik bor. Elektron tovar yuk xati ko‘rsatkichlari nima sababdan 49 tadan 4 taga tushirildi, deydigan bo‘lsak, bu juda murakkab jarayon edi. Yuz foiz oqqa olib chiqish uchun ko‘rsatkichlar ko‘payib ketgan. Korxonaninig nomi, INNdan tortib, yuk tashuvchi kim, texpasport, QQS bilan qiymat, QQSsiz qiymat, necha kilogramm yuk bor, bundan tashqari lokatsiya, kilometrlarni ham belgilab berishingiz kerak edi. Buncha narsani kirgizguncha ko‘p vaqt ketadi. Tadbirkorlar har bir yuk xati uchun 35-40 daqiqa sarflaydi. Yana ham murakkab tomoni nimada bo‘ldiki, yuk tashiyotgan haydovchi Face id qilib, shu mashinani qabul qildim deb tasdiqlashi kerak. Haydovchilarning o‘zida esa smartfonlar yo‘q. Ularga hujjat qil desangiz, qo‘rqib ketadigan odamlar. Bu darajadagi murakkablik tadbirkorlarning yuk tashishini 90 foiz holatda noqonuniyga olib keldi. Shuning uchun bu jarayon soddalashtirildi va ko‘rsatkichlar 49 tadan 4 taga tushirildi. Bu sohada soliq qo‘mitasining o‘zi ham xayrixohlik bildirib, prezidentgacha olib chiqdi. Endi bu 4 ko‘rsatkich – jo‘natuvchi kim, qabul qiluvchi kim, qaysi tovarni qayerga olib ketyapti, shulardan iborat bo‘ladi.
Madina Ochilova suhbatlashdi.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
22 noyabr kuni Cobalt avtomobiliga shartnoma ochilishi e’lon qilindi
Dunyoning mashhur ayollari kunni qanday boshlaydi?
Xonanda Ruxshona uylanmagan yigitga turmushga chiqqani haqida so‘zlab berdi
Diniy qo‘mita Umra ziyoratini tashkil qilish uchun 12 ta turfirmaga litsenziya berdi
Ikki tumanning hokim yordamchilari qo‘lga tushdi
Xitoyda markazida bog‘ bo‘lgan 270 metrli osmono‘par bino quriladi