Mirziyoyeva JST bosh direktori Okonjo Iveala bilan (2024 yil, sentyabr)
Oʻzbekiston Jahon savdo tashkilotiga a'zo boʻlish yoʻlida oʻtgan yili katta qadam tashladi, bu yil ham ishlar shu sur'atda davom ettiriladi, deya ma'lum qildi prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva.
“Oʻtgan yili JST Ishchi guruhi ikkita muhim yigʻilish oʻtkazdi. Bu bizga a'zolikning asosiy hujjati – Ishchi guruh Hisoboti loyihasini tayyorlashga kirishishga imkon berdi. Shuningdek, AQSh, Xitoy va Yaponiya kabi 15 ta mamlakat bilan ikki tomonlama muzokaralar yakunlandi. Natijada Oʻzbekiston hisobida 23 ta imzolangan bitim bor.
Qisqa vaqt ichida biznesni va raqobatni yanada shaffof qilish uchun 20 ta muhim qonun qabul qilindi.
Tez orada Tashkilotning toʻlaqonli a'zosi boʻlish uchun joriy yilda ham biz shu sur'atda davom etamiz. Bu mamlakatimizning investitsion jozibadorligini oshirishi hamda oʻzbek biznesining mintaqaviy va global qoʻshilgan qiymat zanjirlariga kirib borishini ta'minlashi lozim.
JSTga a'zolik va davlat rahbari tomonidan olib borilayotgan islohotlarning yakuniy maqsadi – shubhasiz, xalqimiz farovonligini ta'minlash, unga munosib ish oʻrinlarini yaratish va iqtisodiyot boshqaruvini samaraliroq tizimga oʻtkazishdir”, – deya yozdi Mirziyoyeva oʻz Telegram-kanalida.
Eslatib oʻtamiz, Jahon savdo tashkilotiga a'zo boʻlishning talablaridan biri 1 yanvardan boshlab bajarildi: eksportchilarning transport xarajatlarini kompensatsiya qilish toʻxtatildi, ularga foyda soligʻi va aylanmadan soliq boʻyicha berilgan imtiyozlar bekor qilindi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar