34
Soxta mahsulotsiz kelajak: iste'molchilar mamlakat bozoriga qanday ta'sir qilishi mumkin
Bugungi bozor turli xil sifatli mahsulotlar bilan toʻlib-toshgan va mahsulotning haqiqiyligi masalasi tobora dolzarb boʻlib bormoqda. Kontrafakt nafaqat brendlarga boʻlgan ishonchni pasaytiradi, balki iste'molchilar salomatligiga real tahdid solishi mumkin. Ushbu vaziyatda har bir xaridorga mahsulotning qonuniyligi va kelib chiqishini mustaqil ravishda tekshirish imkonini beruvchi mahsulotlarni raqamli markirovkalash alohida rol oʻynaydi.
Oʻzbekistonda «Asl Belgisi» tizimi bu sohadagi asosiy vositaga aylandi. U iste'molchilarga qadoqdagi Data Matrix-kodni skanerlash orqali mahsulot haqida ma'lumot olish imkonini beradi. Bu shuni anglatadiki, xaridor dori vositalari, ichimliklar, maishiy texnika va boshqa tovarlarning haqiqiyligiga faqatgina sotuvchining tasdigʻiga koʻra emas, balki sotib olishdan oldin oʻzi ishonch hosil qilishi mumkin.
Jamoatchilik nazorati qanday ishlaydi?
«Asl Belgisi» tizimi tekshiruv jarayonini shaffof va tushunarli qiladi. Mobil ilovada kodni skanerlagandan soʻng (Android/iOS) mahsulot haqida batafsil ma'lumotga ega boʻlish mumkin: uning ishlab chiqaruvchisi, chiqarilgan sanasi, yaroqlilik muddati, tarkibi va hatto majburiy sertifikatlarning mavjudligi. Agar qadoq va ilovadagi ma'lumotlar bir-biridan farq qilsa yoki skanerlash natijasi shubhali boʻlsa, iste'molchi bu haqda xabar berishi mumkin. Buning uchun ilovadagi «Qoidabuzarlik haqida xabar berish» tugmasini bosish va muammoni tavsiflash kifoya.
Aslida bu jamoatchilik nazoratining yangi shaklini yaratadi, bunda xaridorning oʻzi noqonuniy mahsulotlarga qarshi kurash jarayonining ishtirokchisiga aylanadi. Odamlar tizimdan qanchalik koʻp foydalansa, qalbaki mahsulot aylanmasi shunchalik murakkablashadi va bozorda tovarlar sifatiga boʻlgan talab shunchalik yuqori boʻladi.
Yangi iste'mol odati qanday shakllanadi?
Soʻnggi yillarda Asl Belgisi mobil ilovasidan foydalanuvchilar soni ortib bormoqda, bu esa fuqarolarning tovarlarni tekshirish muhimligi haqida xabardorligi oshganidan dalolat beradi. 2024 yil oxiriga kelib, ilova 785 ming marta oʻrnatildi. Bu yangi iste'mol odatining shakllanishini koʻrsatadi: odamlar sotib olayotgan narsasiga ishonch hosil qilishni xohlashadi.
Bundan tashqari, markirovka nafaqat oddiy fuqarolar, balki biznes uchun ham foydalidir. «Asl Belgisi.Business» maxsus ilovasi tadbirkorlarga tovarlarning haqiqiyligini tekshirishda va kontrafakt etkazib berishdan himoyalanishda yordam beradi.
Nima uchun bu muhim?
Raqamli markirovka va jamoatchilik nazorati shunchaki qalbaki mahsulotdan himoyalanish usuli emas, balki bozorni oʻzgartiruvchi vositadir. Xaridorlar mahsulotni muntazam tekshirib turganda, doʻkonlar va ishlab chiqaruvchilar shaffofroq sharoitda ishlashga majbur boʻladilar, «yashirin» biznes esa sotish imkoniyatini yoʻqotadi.
Kodlarni skanerlaydigan va muammolar haqida xabar beradigan iste'molchilar quyidagilarni ta'minlaydigan tizimning bir qismiga aylanadi:
• shaffoflik - mahsulot va uning kelib chiqishi haqidagi ma'lumotlarga kirish;
• xavfsizlik - kontrafakt sotib olish xavfini kamaytirish;
• sifat nazorati - buzilishlar haqida tezkor xabar berish imkoniyati.
Natijada raqamli markirovka nafaqat nazorat mexanizmiga, balki mas'uliyatli iste'molni rivojlantirishning muhim qismiga aylanadi. Va bu tizimda xaridorlarning oʻzlari hal qiluvchi rol oʻynaydilar - ular tekshirilgan mahsulotni tanlaydilar va qalbaki mahsulotlarsiz bozor yaratishga yordam beradilar.
Manba: Xabar.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar