
Markaziy bank boshqaruvi 20 martdagi yig‘ilishida asosiy stavkani 14 foiz darajasida belgilash haqida qaror qabul qildi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.
Inflyatsion xavflar va bank qarori
Markaziy bank o‘z qarorini inflyatsion bosimlarning yuqori darajada saqlanishi, ichki talabning ortib borishi hamda inflyatsion kutilmalarning kuchayishi bilan izohladi. Bankning ta’kidlashicha, pul-kredit sharoitlarini qat’iylashtirish inflyatsiyani jilovlash hamda uni 5 foizlik target darajasiga tushirishga qaratilgan.
2025 yil boshidan inflyatsiya darajasi biroz ortib, fevral oyi yakuniga ko‘ra 10,1 foizni tashkil etdi. Bu ayrim tovar va xizmatlar, jumladan, yoqilg‘i, kommunal xizmatlar, transport, ta’lim va tibbiy xizmatlar tariflarining oshishi bilan bog‘liq.
Inflyatsiyaga ta’sir etuvchi omillar
So‘nggi oylarda yalpi talabning o‘sishi, transchegaraviy pul o‘tkazmalari va kreditlarning faollashishi inflyatsiyaga qo‘shimcha bosim o‘tkazmoqda. Bu jarayonlar chakana savdo aylanmasi hamda pullik xizmatlardan tushumlar o‘sishida ham namoyon bo‘lmoqda.
Yil boshidan asosiy savdo hamkorlar valyutalarining mustahkamlanishi ta’sirida real samarali almashuv kursi pasayish tendensiyasini ko‘rsatmoqda. Shu sababli, bank pul-kredit siyosati qat’iyligini oshirishni maqbul chora deb baholadi.
Kelgusi choraklarda iqtisodiy prognozlar
Markaziy bankning hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu choralar inflyatsion jarayonlarni bosqichma-bosqich sekinlashtirib, 2024 yil yakuniga qadar umumiy inflyatsiyani 7-8 foizgacha pasaytirishga zamin yaratadi.
Biroq, agar kelgusi choraklarda yalpi talab va narxlarga bosim kutilganidan ham kuchaysa, pul-kredit siyosati yana qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.
Asosiy stavka tarixiga nazar
2024 yil 25 iyulda asosiy stavka 0,5 foizga pasaytirilib, 13,5 foiz darajasida belgilangan edi. Bu yetti yil ichida birinchi marta stavka 14 foizdan pastga tushishi bo‘lgan. Shu paytdan buyon stavka o‘zgarmagandi, ammo mart oyidagi qaror bilan 14 foizga qayta ko‘tarildi.
Markaziy bank bu qarorni uzoq muddatli barqarorlik va inflyatsiya xavflarini bartaraf etish maqsadida qabul qilganini ta’kidladi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar