
Markaziy bank 29 apreldan boshlab amal qiladigan yangi valyuta kurslarini e’lon qildi. Unga ko‘ra, AQSH dollari 9,04 so‘mga arzonlab, 12 948,10 so‘mni tashkil etdi. Yevro esa 6,38 so‘mga pasayib, 14 696,09 so‘m bo‘ldi. Rossiya rubli esa biroz ko‘tarilib, 0,37 so‘mga qimmatlab, 156,93 so‘m etib belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, bundan avval AQSH dollari ketma-ket uch kun mobaynida qimmatlashib, 12 957,14 so‘mga yetgan edi. Valyutalar kursining bunday tebranishi jamoatchilikda turli mulohazalarni paydo qilmoqda.
Ayrim iqtisodchi ekspertlarning fikricha, O‘zbekistonda xorijiy valyutalar kursi sun’iy ravishda ushlab turilibdi va agar kurs erkinlashtirilsa, bir AQSH dollari qiymati 20 ming so‘mgacha oshib ketishi mumkin. Bu esa bozordagi narxlar o‘sishi va iqtisodiy beqarorlik xavfini yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan vaziyat hisoblanadi.
Biroq Markaziy bank bunday qarashlarga qo‘shilmasligini bildirib, valyutalar kursining bozor tamoyillari asosida shakllanayotganini va sun’iy tarzda ushlab turish kabi holatlar yo‘qligini alohida ta’kidladi.
Iqtisodchilar fikricha, 2025 yilning qolgan oylari mobaynida dollar kursida keskin tebranishlar kuzatilmasligi mumkin, ammo tashqi omillar ta’sirida kichik o‘zgarishlar sodir bo‘lib turishi tabiiy hol. Ayniqsa, eksport-import balansining o‘zgarishi, tashqi iqtisodiy vaziyatdagi inqiroz yoki global bozordagi iqtisodiy o‘zgarishlar valyuta kurslarining ko‘tarilishi yoki pasayishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Shu sababli mutaxassislar aholi va tadbirkorlarni iqtisodiy vaziyatni diqqat bilan kuzatib borishga va ehtimoliy tebranishlarga tayyor bo‘lishga chaqirmoqda. Xorijiy valyutalar kurslarining o‘zgarishiga e’tiborli bo‘lib, iqtisodiy xavf-xatarlarni minimallashtirish uchun ehtiyotkorlik choralarini ko‘rish maqsadga muvofiqdir. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar