date
views 667

O‘zbekiston meva bozorida yangi davr boshlanmoqda: eksportdan importgacha

O‘zbekiston meva bozorida yangi davr boshlanmoqda: eksportdan importgacha
O‘zbekiston qadimdan o‘zining shirin va lazzatli mevalari bilan mashhur bo‘lib keladi. Respublikamizda an’anaviy tarzda yetishtirilgan uzum, o‘rik, olxo‘ri, quritilgan mevalar va gilos kabi mahsulotlar xorij bozorlarida ham yuqori baholanmoqda. Biroq so‘nggi paytlarda yurtimizning meva savdosida o‘ziga xos yangi jarayon kuzatilmoqda. O‘zbekiston nafaqat meva eksportchilari qatorida o‘z mavqeini yanada mustahkamlab, balki importchi sifatida ham eng tez rivojlanayotgan davlatlardan biriga aylanib bormoqda. Bu voqelikni EastFruit portali ham alohida ta’kidlab o‘tgan.

O‘zbekistonda meva eksporti oxirgi uch yilda sezilarli darajada o‘sib bordi. Jumladan, 2021 yildagi eksport hajmi 341 mln dollardan 2024 yilga kelib 658 mln dollargacha oshgan, bu esa eksport ko‘rsatkichlarining 93 foizga o‘sganidan dalolatdir. Bunday o‘sishda asosan an’anaviy bo‘lgan uzum, o‘rik, quritilgan mevalar, gilos kabi mahsulotlarning eksporti katta hissa qo‘shgan. Masalan, gilos eksportining o‘zi ham so‘nggi uch yilda 150 foizga o‘sib, 20 mln dollardan 50 mln dollarga yetgan. Bu, shubhasiz, juda ijobiy natija.

Biroq, O‘zbekiston meva bozoridagi kutilmagan o‘zgarish aynan import ko‘rsatkichlarida yuz berdi. So‘nggi uch yil davomida import ko‘rsatkichlari 60 mln dollardan 250 mln dollargacha ko‘tarildi. Bu esa, meva importi hajmidagi rekord darajadagi o‘sish – 317 foizni tashkil etadi. Ushbu raqamlar dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib, O‘zbekiston bozorida import meva mahsulotlariga talab keskin oshib borayotganidan dalolat bermoqda.

Ayniqsa, bu davrda importdagi eng tez o‘sish olma savdosida kuzatildi. Olma importi uch yil ichida 17 barobar ko‘tarilib, 2024 yilda 85 mln dollarlik hajmga yetgan. Shu bilan birga, banan importi ham katta sur’atlar bilan o‘sib, ilk marta 100 mln dollardan oshgan. Mandarin esa banandan ham tezroq rivojlanib, 95 mln dollarlik darajaga yetib, bu sohada yetakchi o‘rinlardan birini egalladi.

Umuman olganda, O‘zbekistonda sitrus mevalarining importi juda yuqori darajada o‘smoqda. Apelsin importi ham besh barobar o‘sib, 25 mln dollarlik ko‘rsatkichga yetdi. Shu bilan birga, ekzotik hisoblangan nok, xurmo va kivi kabi mevalar ham sezilarli darajada ommalashib bormoqda.

EastFruit tahlilchilariga ko‘ra, import ko‘rsatkichlarining keskin o‘sishiga bir necha omillar sabab bo‘lmoqda. Birinchi navbatda, aholining turmush darajasi va daromadlarining o‘sishi sababli ekzotik mevalarga talabning oshib borishi kuzatilmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston hukumati tomonidan import mevalar uchun bajxona bojlarining nollashtirilishi, import mahsulotlarining bozorga erkin kirib kelishini yanada osonlashtirdi. Hukumat bu bojlarning bekor qilinishi vaqtinchalik deb ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, bir necha yildirki ushbu imtiyoz muddatlari uzaytirib kelinmoqda.

Shu bilan birga, iste’molchilarning odatlari ham o‘zgarib bormoqda. Avvallari meva mahsulotlari asosan mavsumiy bo‘lgan bo‘lsa, endilikda o‘zbekistonliklar yil davomida yangi mevalarni iste’mol qilishni afzal ko‘rishmoqda. Bu esa an’anaviy ravishda qish paytida keng tarqalgan quritilgan mevalarga bo‘lgan talabning biroz pasayishiga va o‘z navbatida ularning eksport hajmi o‘sishiga sabab bo‘lmoqda.

Bu o‘zgarishlar, shubhasiz, nafaqat raqamlarda, balki mamlakatimizning savdo siyosatida ham yangi yo‘nalishlarni ochib bermoqda. Ayni paytda, ushbu bozorda asosiy importchilar qatorida Misr, Marokash, Pokiston, Ukraina va Polsha kabi mamlakatlar allaqachon o‘z o‘rnini mustahkamlagan va kelajakdagi savdo aloqalarini yanada kengaytirishga umid qilmoqda.

Mazkur davlatlar uchun O‘zbekiston meva bozori ulkan imkoniyatdir. Biroq bu yerdagi asosiy qiyinchilik – import va logistikani boshqarish hamda kuchli raqobat muhitida o‘rnini saqlab qolishdir. O‘zbekiston bozori yanada kengayib borayotgani, demak savdo aloqalarining ko‘lami ham kengayishda davom etishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Bu jarayonning yana bir ijobiy tomoni – mahalliy fermerlar va tadbirkorlar uchun ham raqobat muhiti shakllanib, bu esa mahsulot sifatining yanada oshishiga turtki bo‘ladi. Iste’molchilar uchun ham bu holat foydali bo‘lib, bozorda turli-tuman mahsulotlarning ko‘payishi ularning tanlov imkoniyatini yanada kengaytirib yuboradi.

Shunday qilib, O‘zbekistonning meva bozori eksport va import sohasida ham katta o‘zgarishlarni boshdan kechirmoqda. Bu esa, mamlakat iqtisodiyotining diversifikatsiyasi va global savdo tizimiga yanada chuqurroq integratsiyalashuviga olib keladi. Eng muhimi, bu o‘zgarishlar aholi hayotini yaxshilash va mamlakatning yanada boyib borishiga xizmat qiladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » O‘zbekiston meva bozorida yangi davr boshlanmoqda: eksportdan importgacha