
O‘zbekiston suveren kredit reytingi bo‘yicha xalqaro iqtisodiy maydonda yana bir muhim yutuqqa erishdi. Dunyo miqyosida obro‘ga ega «Moody's» reyting agentligi mamlakatning iqtisodiy holatini yuqori baholab, kredit reytingi prognozini «barqaror»dan «ijobiy»ga ko‘tardi. Bu haqda prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida fikr bildirdi.
Uning ta’kidlashicha, mazkur qaror davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va strategik dasturlarga xalqaro miqyosdagi ishonchning yuksalayotganini namoyon etadi.
«Bu natija — mamlakatimiz tomonidan tanlangan rivojlanish yo‘lining to‘g‘ri ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi», — deydi Saida Mirziyoyeva.
Shuningdek, u O‘zbekistonning global iqtisodiy beqarorlik fonida ham xorijiy investorlar uchun ishonchli va barqaror hamkor sifatida qabul qilinayotganini ta’kidladi. Bunda Toshkentda bo‘lib o‘tgan IV Xalqaro investitsiya forumi misolida ham islohotlar natijalari aks etgani qayd etildi.
Saida Mirziyoyeva, shuningdek, bu yangilangan prognoz mamlakatning 2030 yilgacha bo‘lgan iqtisodiy strategiyasidagi eng muhim maqsad — O‘zbekistonni xalqaro investitsion reytingga ega davlatlar qatoriga olib chiqish yo‘lidagi dastlabki bosqich ekanini ta’kidladi.
«Buni amalga oshirish uchun bizga aniq maqsad, umumiy harakat va iqtisodiyotimizning raqobatbardoshligini oshirish talab etiladi. Barqaror makroiqtisodiy muhit va xalqaro ishonch – bugungi strategiyamizning asosi», – deya ta’kidladi u.
Ekspertlar fikriga ko‘ra, Moody's tomonidan prognozning ijobiy tomonga o‘zgarishi O‘zbekistonga beriladigan xalqaro moliyaviy resurslar, investitsiya va kreditlar oqimini yanada faollashtirishi mumkin. Bu esa mamlakat iqtisodiy o‘sishining yangi bosqichga chiqishini tezlashtiradi.
Shunday qilib, xalqaro reyting agentliklarining ushbu baho va munosabatlari – O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligi va kelajakdagi iqtisodiy o‘sish salohiyatining ochiq tasdig‘idir.
Foto: Telegram / Saida Mirziyoyeva “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar